Rossiya qurollarni tarqatmaslik bo‘yicha majburiyatlarini buzishda ayblandi

Jahon 09:23 / 22.09.2017 10192

AQSh davlat kotibi Reks Tillersonning ma'lum qilishicha, Rossiya ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik bo‘yicha kelishuvlarni buzgan.

"Biz Rossiyani tarqatmaslik bo‘yicha sa'y-harakatlarni qanday qilib yaxshiroq qo‘llab-quvvatlashi mumkin ekanini o‘rganib chiqishga chaqiramiz", - dedi Tillerson BMT Xavfsizlik Kengashining ommaviy qirg‘in qurollarini tarqatmaslik bo‘yicha masalaga bag‘ishlangan yig‘ilishida. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSh va Rossiya jahonda tarqatmaslik rejimini qo‘llab-quvvatlab turish uchun alohida mas'uliyatga egadir. Shuningdek, u bu sohadagi qo‘shma dasturlar haqida ham eslab o‘tgan.

"Afsuski, Rossiya so‘nggi yillarda shunday harakatlar qilmoqdaki, bu global normalarni kuchsizlantirmoqda hamda millatlar mas'uliyati prinsipiga zarar yetkazmoqda. Bunga misollar tarzida shularni keltirish mumkinki, Rossiya o‘rta va kichik masofadagi raketalarni taqiqlash haqidagi shartnoma, sovuq urush yakunida berilgan xavfsizlik bo‘yicha kafolatlarga rioya etmaslik, yadro xavfsizligi bo‘yicha avvalgi sa'y-harakatlar merosini rivojlantirish harakatlariga xalaqit berish, shuningdek, MAGATEning maxfiy yadro dasturlarini surishtiruvdan o‘tkazishdagi mustaqilligini kuchsizlantirish kabi qoidabuzarliklarni amalga oshirmoqda", - deya ma'lum qildi Tillerson BMT XK yig‘ilishida.

"Agarda, Rossiya Shimoliy Koreya atrofidagi inqirozga yechim topish jarayonida ishonchga sazovor bo‘lgan tomon rolini tiklamoqchi bo‘lsa, u o‘zining yadro xavfsizligi va qurol-yarog‘lar ustidan nazorat bo‘yicha majburiyatlariga rioya etishini isbotlashi mumkin", - deya qo‘shimcha qilgan Tillerson.

Eslatib o‘tamiz, Moskva bundan avval AQShning o‘rta va kichik masofadagi raketalarni taqiqlash bo‘yicha Shartnomani buzayotgani haqidagi ayblovlarini rad etib kelgan.

Ko‘proq yangiliklar: