MXX valyutafurushlarga qarshi maxsus amaliyotlar o‘tkazdi

Jamiyat 17:00 / 22.09.2017 37419

O‘zbekistonda pul-kredit siyosatini liberallashtirish sentabr oyida boshlangan bo‘lib, bu, ekspertlarning fikriga ko‘ra, mamlakat eksport salohiyatini yanada yaxshilash, investitsion va biznes muhitini yaxshilashning asosiy omillardan biri bo‘ladi.

5 sentabrdan boshlab rezident- jismoniy shaxslar ayirboshlash punktlarida valyutani bozor kursi bo‘yicha sotishmoqda. Chet el valyutasidagi har qanday summani tijorat banklarining konvertatsiya bo‘limlarida xalqaro to‘lov kartalariga o‘tkazgan holda sotib olish va chet elda cheklovsiz foydalanish mumkin. Markaziy bank ma'lumotlariga ko‘ra, aholi yaratilgan imkoniyatlardan faol foydalanmoqda. Konvertatsiya ochilganidan keyin birinchi haftada banklarga xususiy shaxslardan 200 mln. va jismoniy shaxslardan 100. mln. dollar topshirildi.
 
Yaqinda Markaziy bank o‘z valyutasidan erkin foydalanish kafolati doirasida, valyuta tushumiga ega bo‘lgan yakka tartibdagi tadbirkorlar va fermer xo‘jaliklarining o‘zlarining bank hisobvarag‘idan chet el valyutasini yechish huquqini beruvchi tartibni joriy etdi.

Shunga qaramay, valyuta sohasida hali salbiy holatlar uchrab turibdi. Ularni bartaraf etish, iqtisodiyotning shaffofligini ta'minlash uchun Milliy xavfsizlik xizmati boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari bilan birgalikda naqd valyutaning noqonuniy aylanishi va u bilan bog‘liq amaliyotlarni to‘xtatish bo‘yicha samarali chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
 
“Yaqinda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati xodimlari, Bosh prokuratura bilan birgalikda Nukus shahridagi dehqon bozorida (Nukus dehkon bozori) bir dollar uchun 8250 so‘mlik kursda 2 ming AQSh dollarini noqonuniy almashtirish holati bo‘yicha Qubatboy Yo‘ldoshev, Isoq Ubaydullayev va Raj Allamjarovlarni qo‘lga oldilar. Maxsus amaliyot vaqtida ushlangan shaxslardan 2 ming dollar va 796 ming so‘m mablag‘ ashyoviy dalil sifatida olindi”, - deya xabar berdi huquq-tartibot idorasining vakili.

Farg‘ona viloyatida MXX tezkor xodimlari boshqa huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari bilan birgalikda, Oltiariq tumanining Kapchugay qishlog‘ida fuqaro Javlonbek Ergashevni 8 ming dollarga teng bo‘lgan valyutani bir dollar uchun 8050 so‘mlik kursi bo‘yicha, umumiy miqdorda 64,4 mln. so‘mga almashtirib berish holati uchun qo‘lga olishdi.

Ergashevning avtomobili ko‘zdan kechirilganda, 14,7 ming dollar va 16,7 million so‘mdan ortiq mablag‘ ashyoviy dalil sifatida olindi. Tergovga qadar tadbirlar davomida, ushlangan shaxs avval mijoz Muhammadali Rasulov bilan uchrashishga ulgurgani va unga noqonuniy ravishda bir dollar uchun 8050 so‘mlik kurs bo‘yicha 11,8 ming dollarni 95 million so‘mga almashtirib berganligi aniqlandi.

"Rasulov avtomashinasi ko‘zdan kechirilganda, u Ergashevdan olgan 95 million so‘m topildi. Dastlabki tergov davomida mijoz o‘z aybini tan oldi va o‘z ixtiyori bilan topilgan mablag‘ni ashyoviy dalil sifatida taqdim etdi. Umuman, maxsus amaliyot vaqtida tezkor xodimlar tomonidan 14,7 ming dollar va 175,6 million so‘mdan ortiq mablag‘ olib qo‘yildi”, - dedi MXX xodimi.
 
Bosh prokuratura huzuridagi Departament K. Yo‘ldashev, I. Ubaydullayev, R.Allamjarov, J. Ergashev va M. Rasulovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki o‘tkazish) bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atdi. Hozirda barcha holatlar bo‘yicha tergov harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: