Samarqandlik tadbirkor: «Viloyatdagi mutasaddilar tufayli korxonam 552 million so‘m zarar ko‘rdi»

O‘zbekiston 12:00 / 20.09.2017 120879

Tahririyatimizga Samarqand viloyatidan navbatdagi shikoyat arizasi kelib tushdi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari, injiniring kompaniyasi rahbari va «Qishloqqurilishbank» rahbari o‘z ishiga panja orasidan qaragani, hukumat qarorlarini mensimasligi oqibatida tadbirkor yarim milliard so‘mdan ortiqroq moliyaviy zarar ko‘rganini bayon qiladi va tegishli hujjatlarni ilova qiladi.

Men, Elmuratov Xaytmurat Allamuradovich — 1965 yilda tug‘ilganman, tadbirkorman, Samarqand viloyati Past Darg‘om tumani Islomobod qishlog‘ida oila a'zolarim bilan istiqomat qilaman.

Takroriy arizani yozishimdan maqsad, Adliya vazirligi, Milliy xavfsizlik xizmati, Samarqand viloyati hokimligi va boshqa tegishli organlarga qilgan murojaatimiz Samarqand viloyat prokuraturasi tomonidan o‘rganib chiqildi va natijasi qisman bajarildi.

O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining «O‘zbekiston Respublikasida 2014 yilda yosh oilalarni yanada qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar Dasturi»ga asosan O‘zbekiston Respublikasi Bosh Vazirining 2014 yil 28 apreldagi «Hududlarda qo‘p qavatli «Kamolot» uylarini qurish masalalari to‘g‘risida»gi 02/3-193-sonli qaroriga muvofiq, Past Darg‘om tumanidagi Go‘zalkent qo‘rg‘onchasi, «Olti qahramon» mahalla fuqarolari yig‘ini hududida yosh oilalar uchun umumiy narxi 5.367.468.440 so‘mlik 4 qavatli 64 xonadondan iborat uy-joyning qurilish ishlarini uzluksiz ta'minlash maqsadida, qurilish pudratchisi «Past Darg‘om sifat qurilish» xususiy ixtisoslashtirilgan ta'mirlash qurilish korxonasiga, ATB «Qishloqqurilishbank» Samarqand mintaqaviy filiali tomonidan 2014 yil 18 iyundagi 143-sonli shartnomaga asosan 2.000.000.000 so‘mlik, 2015 yil 11 fevraldagi 12-sonli shartnomaga asosan 1.500.000.000 so‘mlik hamda 2015 yil 29 apreldagi 78a-sonli shartnomaga asosan 1.000.000.000 so‘mlik, jami 4.443.200.000 so‘mlik kredit mablag‘lari ajratilgan. (Shartnoma nusxalari ilova qilinadi — tahririyatda ushbu shartnoma va boshqa hujjat nusxalari mavjud)

Kredit mablag‘lariga o‘z shaxsiy texnikalarimiz va korxonamizga tegishli mol-mulklar boshlang‘ich garov sifatida qo‘yilgan.

2015 yil 30 iyun kuni Samarqand viloyati hokimligi Injiniring kompaniyasi, «Past Darg‘om sifat qurilish» xususiy ixtisoslashtirilgan ta'mirlash qurilish korxonasi va ATB «Qishloqqurilishbank» Samarqand mintaqaviy filiali o‘rtasida «2014 yil 18 avgustda tuzilgan 2-JDM-2014-sonli shartnomaga» 2-JDM-2014/1-sonli qo‘shimcha kelishuv tuzilgan bo‘lib, uch tomonlama kelishilib, imzolangan va muhrlangan. Mazkur shartnomaning 3.2. bandiga muvofiq, ATB «Qishloqqurilishbank» Samarqand mintaqaviy filiali jami ajratilgan kredit mablag‘i, ya'ni 5.367.468.440 so‘m hisobidan 192.973.655 so‘m kredit foizi hamda 4.443.200.000 so‘m kredit tannarxini qaytarib qolinishi, qolgan 924.268.440 so‘m mablag‘ «Past Darg‘om sifat qurilish» xususiy ixtisoslashtirilgan ta'mirlash qurilish korxonasi hisob raqamiga o‘tkazib berilishi belgilangan. (Kelishuv shartnomasi mavjud.)

Biroq, shartnoma shartlari qo‘pol ravishda buzilib, qator qonun buzilishlarga yo‘l qo‘yilgan.

Xususan, birinchidan, uch tomonlama tuzilgan qo‘shimcha kelishuv shartnomasi talablari qo‘pol ravishda buzilib, tadbirkorning faoliyatiga jiddiy putur yetkazgan holda, bank va Injiniring kompaniyasi shartnomada qayd etilgan 192.973.655 so‘mlik kredit foizi o‘rniga 265.700.000 so‘m, ya'ni 72.726.345 so‘m mablag‘ ortiqcha ushlanib qolinib, shuncha pul miqdori qurilish korxonasiga kam to‘landi.

Mazkur holat sababi so‘ralganda, bizlar «Kamolot» uyini o‘z vaqtida davlat qabul hay'atiga topshirganimiz, biroq uy egalari bo‘lmish iqtidorli yoshlarni topish 2015 yil oxiriga qadar cho‘zilib ketgani, shunga ko‘ra kredit foizlari oshib ketgani haqida javobni oldik. (Mazkur holatda ATB «Qishloqqurilishbank» Samarqand mintaqaviy filiali rahbariyati korxonamizning aybi bo‘lmasa-da, bila turib asossiz ravishda kredit foizini o‘sib kelishiga yo‘l qo‘ygan.)

Haqiqatan, bizlar vujudga kelgan qiyinchiliklarga qaramasdan, o‘z oldimizga qo‘yilgan vazifani to‘la bajarib, buning ustiga kelishilgandek uyni o‘z vaqtida davlat qabul hay'atiga topshirdik. Biroq, ikkinchi va uchinchi tomonlar kelishuvga binoan o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmadi.

Bizning tashkilotimiz qurilish bilan shug‘ullansa, uy egalarini topish va ularga topshirish umuman vazifamizga kirmaydi, axir odilona fikrlansa, bu holat bizlarga kredit foizini qo‘shib hisoblashga asos bo‘lmaydi-ku?!

Iqtidorli yoshlarni topish va tavsiyanomalarga asosan berilishiga mas'ul shaxslar belgilangan va Nizomda ko‘rsatib o‘tilgan. Bunga viloyat va tuman hokimliklar, «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakati, viloyat hokimligi Injiniring kompaniyasi hamda «Qishloqqurilishbank» Samarqand filiallari mas'ul edi. Ushbu haqida viloyat, tuman hokimliklariga hamda «Kamolot» yoshlar ijtimoiy harakatiga yozma ravishda xatlar beraverib charchadik. (Tegishli hujjatlar mavjud.)

Ikkinchidan, qurilish boshlanganidan keyin Samarqand viloyati hokimligi Injiniring kompaniyasiga bir necha marotaba murojaat qilishimizga qaramasdan biror marotaba ham bajarilgan ishlar bo‘yicha hisobotlar (protsentovka) qabul qilmadi.

Vaholanki, kompaniya har oyda hisobotlarni qabul qilishi va biz bu hisobotlarni bankka topshirib borishimiz kerak edi, shuningdek, oyma-oy bajargan ishlarimiz va bankdan olib ishlatilgan kredit mablag‘larini hisobotini olib borishimiz lozim edi. Kompaniya rahbari va mutaxassislari qurilishning yakuniy qismida, ya'ni tugashiga 15 kun qolganida kelishdi va o‘shanda ham hisobotlarni qabul qilmadi. Mazkur holatning sababi so‘ralganida, ulardan «agar hisobotni olishsa pul talab qilishimiz» haqidagi javobni oldik.

Bundan tashqari, Injiniring kompaniyasi tomonidan imtiyozli narxlarda berilishi kerak bo‘lgan metall va oyna kabi qurilish mahsulotlari umuman berilmadi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 18 iyuldagi 2/1313-sonli topshiriqnomasiga binoan, Samarqand viloyatining Past Darg‘om, Ishtixon va Jomboy tumanlarida «Kamolot» uylari qurilishi uchun 3.627 tonna sement qurilish mahsuloti imtiyozli narxlarda ajratilgan. (Narxi 104.562 so‘mdan). Shundan 1.210 tonnasi «Past Darg‘om sifat qurilish» XITKKga berilishi kerak edi. Bizning korxonamizga 700 tonna sement berildi, xolos.

Afsuski, jami fond orqali viloyatda 3 tumanda kurilayotgan «Kamolot» uylari qurayotgan 3ta tashkilotga 3.627 tonna o‘rniga 2.101 tonna sement mahsuloti berildi. Shundan, bizning korxonamizga berilishi kerak bo‘lgan qolgan 510 tonna sement mahsuloti viloyat hokimining o‘rinbosari O.Ochilov va Injiniring kompaniyasining taqsimotiga binoan, 2014 yilda «Kamolot» uylari qurilishida umuman qatnashmagan tashkilotlarga o‘zaro kelishilib, qonunga xilof ravishda bizlardan bir oy oldin birinchi navbatda berib yuborildi. («Farovon Fayz Binokor» MChJ ga 763,0 tonna hamda «Abdimumin stroy invest» MChJga 763,0 tonna) (tasdiqlovchi hujjatlar mavjud)

Bizning tashkilotimiz viloyat hokimining o‘rinbosari O.Ochilov va Injiniring kompaniyasining taqsimotiga binoan 64 xonadonli uy qurilishi uchun imtiyozli narxlarda 700,0 tonna sement olgan bo‘lsa, viloyatimizdagi «Abdimumin stroy invest» MChJ korxonasi 2015 yilda 48 xonadonli «Kamolot» uyi kurib 1338,0 tonna imtiyozli narxlarda sement mahsuloti oldi (48 xonadonli va 64 xonadonli qurilish o‘rtasidagi sement farqini ko‘ring). Bu viloyatda qurilish sohasi rahbarlarining adolatli ish olib bormaganliklari, tanish-bilish, oshna-og‘ayingarchilik qilayotganidan dalolat emas-mi?

Shundan keyin, tashkilotimiz bir tonna sementni 350 mingdan 460 ming so‘mgacha bozor narxida olishga majbur bo‘ldik, buning oqibatida 180 mln so‘m miqdorida zarar ko‘rdik, ya'ni, bizga berilmagan 510 tonna sementning har bir tonnasidan 300 ming so‘mdan. Vaholanki, 3ta «Kamolot» uyi qurilishi bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining tegishli qaror va bayonnomalari mavjud edi.

Afsuski, viloyat hokimi o‘rinbosari O.Ochilov, Injiniring kompaniyasi va «Qizilqumsement» OAJ mutasaddi rahbarlari o‘zaro kelishib, 1.526 tonna sementni 2014 yil fondini boshqalarga berib yuborishdi.

Haqiqatda esa bizga, smeta bo‘yicha hamda Vazirlar Mahkamasi taqsimotiga asosan 64 xonadonli uyga 1.209 tonna sement mahsuloti imtiyozli narxlarda berilishi kerak edi. (Shikoyat ariza berganimizdan keyin, bundan 3 yil oldin berilishi kerak bo‘lgan 390,0 tonna yana qo‘shimcha sement berishdi, yana qolgan 120 tonnasining va'dasini eshitaverib, charchadik).

Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot vazirligining 2015 yil 20 apreldagi 05/1-76-sonli imtiyozli ravishda berilishi kerak bo‘lgan oyna mahsuloti bo‘yicha xati Vazirlar Mahkamasi Axborot-tahlil Departamenti tomonidan aprel oyida ijroga qaratilib, Samarqand viloyat hokimi o‘rinbosari O.Ochilovga yo‘llangan bo‘lsa-da, O.Ochilov ajratilishi lozim bo‘lgan 1.033 kv.m oyna mahsuloti fondini bermasdan, 2014 yil 13 noyabr kuniga qadar o‘zida ushlab turishdi. «Kamolot» uyini foydalanishga topshirganimizdan keyin 6 oy o‘tgach, imtiyozli narxda berilishi kerakligi ta'kidlangan xatni, ya'ni 2014 yil 13 noyabrdagi xatni dekabr oyi oxirida bizning qo‘limizga berdi. (Iqtisodiyot vazirligi va Vazirlar Mahkamasi Axborot-tahlil Departamentining mazkur xatlari va boshqa tegishli hujjatlar nusxalari ilova qilinadi.)

Buning oqibatida, oynani bozor narxida, ya'ni smetadagi narxdan bir necha barobar ortiqcha narxda olishimizga to‘g‘ri keldi va 18.000.000 so‘m zarar ko‘rdik. Korxonamiz rivojlanishi o‘rniga bankrotlik holatiga tushib qoldi.

Viloyatdagi rahbarlarning tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi siyosati shu bo‘ldimi? Tadbirkorlarga daromad ko‘rish uchun Hukumat belgilab bergan sharoitni taqdim etish o‘rniga, bankrotlikka uchratilsa?

To‘rtinchidan, fond orqali imtiyozli ravishda berilishi kerak bo‘lgan metall (armatura) (smeta bo‘yicha berilishi kerak bo‘lgan narxi 1 mln. 400 ming so‘mdan) umuman berilmadi, haqiqatda esa 3-3.5 mln so‘mdan oldik, «Kamolot» uyi qurilishiga 162 tonna metall ketganini hisobga olsak, bozor narxida olishimiz oqibatida, har bir tonnasidan 2 mln. so‘m atrofida jami 300 mln. so‘mdan ortiq zarar ko‘rdik.

Axir Vazirlar Mahkamasining 2014 yil aprel oyida o‘tkazilgan yig‘ilishi bayonida «Kamolot» uylari qurilishi, metall (armatura) mahsuloti ajratilishi bo‘yicha Samarqand viloyati hokimligiga tegishli topshiriqlar berilgan-ku? Uni bajarmaslikka hech kimning haqqi yo‘q-ku?, Axir bu kechirib bo‘lmaydigan jinoyat-ku?! Viloyat hokimligi Hukumat rahbariyati topshirig‘ini bajarmasligi oqibatida biz tadbirkorlar 300,0 millionlab zarar ko‘rishimiz kerak-mi?!

Beshinchidan, 2-JDM-2014/1-sonli qo‘shimcha kelishuv shartnomasining 3.2. bandiga binoan, bank filiali qurilish korxonamizga shartnomada ko‘rsatilgan 924.268.440 so‘m o‘rniga 618.600.000 so‘m mablag‘ berildi, 305.668.440 so‘m mablag‘ «Past Darg‘om sifat qurilish» XITQKga kam to‘landi.

Buning sababi aniqlashtirilganda, Injiniring kompaniyasi va «Qishloqqurilishbank» Samarqand mintaqaviy filiali shartnoma tuzishganda adashishgan emish, axir imzo va muhr qo‘yish, shartnoma tuzish o‘yinchoq emasku, shartnoma huquqiy oqibatlarni keltirib chiqaruvchi, yuridik kuchga ega bo‘lgan huquqiy hujjat emasmi?!

Oltinchidan, Umumiy hisobda kredit foizidan 72.726.345,0 so‘m, metall mahsulotidan 300 mln. so‘m, jami bo‘lib 552.726.345 so‘m miqdorida «Past Darg‘om sifat qurilish» XITQK zarar ko‘rdi.

Bunga yuridik shartnomani noto‘g‘ri tuzilishiga yo‘l qo‘ygan ikki davlat korxonasining shartnoma shartlarini bajarilmasligi oqibati qo‘shib hisoblansa, 305.668.440 so‘m hamda bankning kredit mablag‘laridan noto‘g‘ri ushlab qolgani hisobiga 10.000.000,0 so‘m qo‘shilishi tabiiydir.

«Qishloqqurilishbank» Samarqand mintaqaviy filiali bizning korxona olgan kredit mablag‘idan 2.337.400,0 so‘m mikdorida noqonuniy ravishda ortiqcha ushlab qolishgan. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 8 sentabrdagi 250-sonli «Mamlakatni ijtimoiy hayotida faol qatnashayotgan yosh oilalarni uy-joy bilan ta'minlashni yanada qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Qarorining 2-bandi 3-xatboshida «Kamolot» uylarini joylashtirish uchun mo‘ljallangan obektlarni qurish va rekonstuktsiya qilish doirasida buyurtmachi yoki pudrat tashkilotlari Markaziy bankining qayta moliyalashtirish foizli stavka bilan 5 yilgacha muddatga beriladigan tijorat banklari kreditlari jalb etiladi, deb ko‘rsatib o‘tilgan. 2015 yilda Markaziy bank qayta moliyalashtirish stavkasi 9 foiz bo‘lsa-da «Past Darg‘om sifat qurilish» XIKKga 1.500.000.000,0 so‘mlik kredit foizini 10 foiz qilib 1 foiz ziyodi bilan undirib qolishgan.

Mana, yuqoridagi holatlardan ko‘rinib turibdiki, birgina shartnoma shartlarini bajarilmasligi, buning uchun mas'ullar — Samarqand viloyati hokimligi, viloyat hokimligi Injiniring kompaniyasi va ATB «Qishloqqurilishbank» Samarqand mintaqaviy filiali mutasaddi rahbarlarining o‘zaro til biriktirishi, hukumat qarorlari va topshiriqlarini mensimasligi oqibatida men kabi tadbirkorga juda katta miqdorda zarar yetkazilib, vatanimiz ravnaqi yo‘lida yelib, yugurib mehnat qilib, zarar ko‘rsa-da «Kamolot» uyini qurib bitkazib, uni topshirib, korxonani yaxshi niyatlarda daromad topishi, rivojlantirish o‘rniga, katta miqdorda qarzdorliklarga ega bo‘lib, bankrotlik darajasiga yetdik.

Bunga mazkur uchala davlat tashkilotlari rahbarlarini aybdor, deb hisoblayman, bular ushbu harakatlari bilan nafaqat men kabi tadbirkorlarni, balki hukumatimiz rahbariyati ishonchini ham suiiste'mol qilib kelishmoqda, deb hisoblashga to‘la asosimiz mavjud. Sababi, hukumatimiz, ayniqsa Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev tomonidan tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlashga doir qator Farmon, Qaror, farmoyishlar va boshqa shunga oid normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilib kelinmoqda. Biz tadbirkorlar bundan mamnunmiz, albatta. Tadbirkorlar viloyat mutasaddi rahbarlarining bunday g‘ayriqonuniy xatti-harakatlaridan keyin o‘z faoliyatidan soviy boshlashi mumkin-ku?

Birgina, O‘zbekiston Respublikasining 2015 yil 20 avgustdagi «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga xususiy mulkni, tadbirkorlik sub'yektlarini ishonchli himoya qilishni yanada kuchaytirishga, ularni jadal rivojlantirish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-391-sonli Qonuni tadbirkorlarga najot berib, bu narsa viloyat mutasaddi rahbarlari e'tiboridan chetda qolgan bo‘lsa?

Hurmatli, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Vakili!

E'tibor berganingizdek, tadbirkor sifatida mening huquqlarim poymol etilib, korxonamiz manfaatlariga juda katta miqdordagi zarar yetkazilib, oqibatda korxona qarzdorlik botqog‘iga botib, bankrotlik darajasiga yetdi. Sizdan mazkur shikoyat arizamni alohida nazoratga olishingizni va Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning 2017 yil 5 maydagi «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha Vakili institutini tashkil etish to‘g‘risida»gi PF-5307-sonli Farmoniga binoan, vakolatingiz doirasida tadbirkor sifatida «Past Darg‘om sifat qurilish» xususiy ixtisoslashtirilgan ta'mirlash qurilish korxonasining manfaatlarini himoya qilish choralarini ko‘rishingizni so‘rayman.

Zero, men kabi boshqa tadbirkorlar bunday loqaydliklardan himoyalanib, siz qo‘llagan choralar o‘z mansabiga sovuqqonlik bilan qaragan rahbarlarga dars bo‘lsin.

Xaytmurat Elmuratov.

 

Tahririyatdan: Vaziyat bilan tanishib chiqqanimizda, «Kamolot» uylari qurilishi uchun Hukumat qarori bilan ajratilgan imtiyozli narxdagi sement, metall (armatura) va oyna o‘z vaqtida yetkkazib berilmaganiga guvoh bo‘ldik. Ayniqsa, viloyat hokimi (endilikda sobiq) o‘rinbosari O.Ochilov tomonidan Hukumat qarorida bo‘yicha «Kamolot» uylari qurmayotgan va bunday narxda sement olishga haqi bo‘lmagan tashkilotlarga ham berib yuborilib, qurilish qilayotgan tashkilotlarga katta zarar yetkazgani, boz ustiga, viloyat prokuraturasi bu holatda hech qanday jinoyat alomatlarini ko‘rmagani haqida javob xati yo‘llagani kishini taajjubga soladi.

 

Shikoyat arizasida tilga olib o‘tilgan tashkilotlar va shaxslar tadbirkorning ushbu arizasini puxta o‘rganib, unga yordam qo‘lini cho‘zishadi, sansolarlikka yo‘l qo‘ygan aybdorlar esa tegishli jazosini oladi, deb umid qilamiz. Biz bu mavzuga yana qaytamiz.

Ko‘proq yangiliklar: