Tramp Vashingtonda harbiy parad o‘tkazishni rejalashtirmoqda

Jahon 15:56 / 19.09.2017 7266

AQSh yaqin kelajakda mamlakat mustaqillik bayrami munosabati bilan Vashingtonda harbiy parad o‘tkazishi mumkin. Bu haqda Oq uy yetakchisi Donald Tramp fransiyalik hamkasbi Emmanyuel Makron bilan uchrashuvida bayonot berdi, deb yozmoqda TASS agentligi.

Amerika yetakchisining aniqlik kiritishicha, shunday parad tashkil etish zarurati haqidagi fikri Fransiyaga tashrifi chog‘ida paydo bo‘lgan. Fransiya Milliy kuni munosabati bilan tashkil etilgan harbiy paradda Tramp faxriy mehmonlardan biri bo‘lgan edi. "Biz 4 iyul kuni shunga o‘xshash nimanidir Vashingtonning Pensilvaniya-avenyusida tashkil etishimiz mumkin", - degan Tramp.

"Biz haqiqatdan ham o‘z harbiy qudratimizni namoyish etish uchun 4 iyul kuni Pensilvaniya avenyuda yirik parad tashkil etish haqida o‘ylayapmiz. <...> Men general Kelli va boshqa shunga aloqador kishilar bilan suhbatlashaman, ko‘ramiz, biz buni kelasi yilda tashkil eta olamizmi-yo‘qmi", - deya qayd etgan Amerika yetakchisi. 

Mustaqillik kuni munosabati bilan tantanalar Amerika poytaxtida har yili o‘tkaziladi. U xususan, harbiy qismlar paradi, AQSh Kongressidagi konsert va kechki mushakbozlikni o‘z ichiga oladi. 

AQSh va Fransiya prezidentlarining muzokaralari BMT Bosh Assambleyasi 72-sessiyasi doirasida Nyu-Yorkdagi Palace mehmonxonasida bo‘lib o‘tdi.

Ko‘proq yangiliklar: