Samarqandda imkoniyati cheklangan shaxslarga Prezident sovg‘asi topshirildi

Jamiyat 21:30 / 19.09.2017 6583

Samarqand shahridagi «Yoshlik» madaniyat va istirohat bog‘ida Samarqand, Jomboy, Bulung‘ur tumanlari hamda Samarqand shahrida istiqomat qiluvchi bir guruh imkoniyatiga cheklangan shaxslarga Prezident sovg‘asi — nogironlik aravachalari topshirildi. 

«Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yili» Davlat dasturi ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda so‘zga chiqqan Samarqand shahar hokimi F. Rahimov mamlakatda xalq bilan muloqot qilish orqali fuqarolar muammolarini bartaraf etish, turmush sharoitini yaxshilashga qaratilayotgan ezgu ishlar borasida fikr yuritdi. Aholini ijtimoiy muhofaza qilish yo‘nalishida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar alohida e'tirof etildi. 

Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan 26 nafar imkoniyati cheklangan shaxsga aravacha hamda «Sog‘lom avlod uchun» xalqaro xayriya jamg‘armasi Samarqand viloyat bo‘limining dori-darmon jamlanmalari topshirildi.

— O‘n nafar farzandimni kamolga yetkazib, uyli-joyli qilganman, — deydi Samarqand shahridagi «Beruniy» mahallasida istiqomat qiluvchi Matlab Qodirova. — Yurak xuruji tufayli nogiron bo‘lib qoldim. 2002 yildan buyon shu ahvolda yashayman, mustaqil harakatlana olmayman. Allohga shukur farzandlarim, yaqinlarim, mahalladoshlar meni yolg‘iz qoldirishmaydi. Har doim atrofimda parvona. Bugun Prezidentimiz sovg‘asini olib, yuksak e'tibordan boshim ko‘kka yetdi.

Ta'kidlab o‘tish joizki, shu kuni jami Samarqand viloyati bo‘yicha 100 dan ziyod ehtiyojmandlarga Prezident nomidan nogironlik aravachalari sovg‘a qilindi.

Ko‘proq yangiliklar: