BMTni isloh qilish deklaratsiyasini 128 ta davlat imzoladi

Jahon 20:54 / 18.09.2017 9487

AQSh tomondan taklif qilingan BMTni isloh qilish deklaratsiyasini 128 ta davlat imzoladi. Bu haqda 18 sentabrda AQSh prezidenti Donald Tramp ishtirokidagi BMTni isloh qilish bo‘yicha oliy darajadagi uchrashuvni ochayotib AQShning BMTdagi doimiy vakili Nikki Heyli ma'lum qildi. 

“Ertalabki holatga ko‘ra, deklaratsiyani 128 ta davlat imzolagan va biz hisobni davom ettirmoqdamiz”, deb aytgan diplomat va BMT tarixida “yangi kun kelgani va uning faoliyatida o‘zgarishlar bo‘lishini” qo‘shimcha qildi. Uning aytishicha, AQSh taklifining bunday qo‘llab-quvvatlanishi eng zarur islohotlar o‘tkazilishiga erishishga imkon beradi.

TASS axborot agentligi ma'lumotlariga ko‘ra, deklaratsiyani imzolamagan davlatlar orasida BMT Xavfsizlik kengashining doimiy vakillari bo‘lgan Rossiya, Xitoy va Fransiya bor. Heylining aytishicha, hujjatni umumiy hisobda 70 ta davlat qo‘llab-quvvatlamagan. 

AQSh tomondan tayyorlangan deklaratsiya 10 banddan iborat bo‘lib, BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishni BMTni “samarali va maqsadga muvofiq isloh qilishni boshlashga” chaqiradi. 

Deklaratsiya, shuningdek, BMT kotibiyatidan tashkilotning xodimlari soni qisqartirilishini talab qiladi. Heylining aytishicha, deklaratsiya Guterrishning “BMTning samaradorligi, hisobot beruvchanligi va ochiqligini oshirish” bo‘yicha say'-harakatlarini  faollashtirishga qaratilgan.

Ko‘proq yangiliklar: