«San'at asari tarbiya vositasiga aylantirilmasligi kerak». O‘zbek teatri muammolari haqida

Jamiyat 13:10 / 17.09.2017 14521

Teatrlarimizni tabiatida ijodga aloqadorligi bo‘lmagan, ijodkorlik umriga, hayot tarziga ega bo‘lmagan, kitob o‘qimaydigan odamlar bosib ketgan. Kitob o‘qish haqida gap ketsa, Muhammad Yusuf, Erkin Vohidov va O‘tkir Hoshimovdan nariga o‘tolmaganini eshitsang, g‘azabing toshadi. Pesa o‘qish qoidasini bilish, dunyo dramaturgiyasini o‘qish haqida-ku gap ham bo‘lishi mumkin emas.

Dunyoda teatr bo‘yicha qanday yo‘nalishlar, oqimlar, «izmlar» mavjudligidan bexabarlar ham topiladi. Sahnada «qiliq ko‘rsata olish»ni aktyorlik deb o‘ylab sahnani, o‘zlarini aldashadi. Men bu bilan barcha shunday demoqchi emasman. Ammo «shundaylar» ham talayginaligiga ko‘z yumib bo‘lmaydi.

Teatrlar ijod uyiga emas, idoraga o‘xshaydi. Repetitsiya, spektakllar saviyasidan ko‘ra hisobot, ma'lumot va shunga o‘xshash hujjatlar qoyillatiladi. Sahnalashtiriladigan spektaklga, umuman san'at asariga albatta din, axloq, jamiyatning tartib-qoidalari, mentalitet, hozir qanday yil ekani, hozir qaysi mavzuni ulug‘lash kerak ekani va hokazolar aralashadi. San'at bulardan baland tushuncha. U oq-qora, to‘g‘ri-xato degan primitiv qarashlarga sig‘maydi. San'at asarini - spektaklni, kinoni tarbiya vositasiga aylantirib qo‘yishga qarshiman. Agar san'at asari odamning hissiy anglash tafakkurini ocha olsa, uni hayratga solsa, borliqni anglata olsa, sevdira olsa, hamdardlik uyg‘ota olsa, u holda tarbiyaga ehtiyoj ham qolmaydi.

Bizda haqiqiy ijodiy qudratga ega bo‘lgan, bu qoliplarga kirmay ishlaydigan rejissyorlar chetlatiladi. Ularni axloqi to‘g‘ri kelmaydi degan bahona ayblov bilan aslida shunchaki o‘rtamiyona spektakl va asarlar bilan cheklanish istaklarini berkitishadi. Ularning avvalo san'at uchun qilayotgan ishi muhim emasmi?! Oqibatda qanchadan-qancha ruhi haqiqiy san'at odami bo‘lgan ijodkorlar katta depressiyaga uchraydi. Teatrda barcha narsa boru ammo yaxshi, kuchli rejissyor bo‘lmasa, u haqiqiy teatr bo‘ladimi? Teatrning haqiqiy boshqaruvchisi, egasi rejissyorku?! Davlat teatrlaridan iloji boricha chetga suriladigan iste'dodli rejissyorlar Sayfiddin Meliyev, Avloyoquli Xo‘jaquliyev kabilarni o‘sha teatrlarga bosh rejissyor etib taklif qilishni, ularning salohiyati, tajribasi, maktabidan foydalanishni esa rahbarlar istashmaydi. Valijon Umarov teatr uchun qilgan mehnatlari evaziga nima ko‘rdi? «O‘zbekteatr» tugatilib, rahbarlikdan ketgandan keyin hech bir teatr undan rejissyor sifatida foydalanishni o‘ylab ko‘rmayapti ham.

Spektaklni, pesani baholashga faqat uning mutaxassisigina haqli. Bizda esa teatrshunoslarning fikrlari yerda qolib, hukumat odamlarining baholari birinchi o‘ringa qo‘yilmoqda. Konstitutsiyada aytilgan demokratik jamiyatda senzura bo‘lmasligi, fikriy rang-baranglik erkinligi esa amalda yo‘q. Odamzot tabiatida hamma narsa o‘zining saviyasi darajasida bo‘lishini xohlash instinkti mavjud... Xullas teatr o‘zining haqiqiy o‘zanidan chiqib bo‘lgan!

Husnora Ro‘zmatova

Ko‘proq yangiliklar: