Poytaxtda Milliy bog‘ buzib tashlanadimi? Professor bunga qarshi

O‘zbekiston 22:40 / 17.09.2017 55972


Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 4 sentabrdagi qaroriga ko‘ra, poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i o‘rnida «zamonaviy hamda yuqori texnologiyali madaniyat va istirohat bog‘i» qurilishi rejalashtirilayotgani haqida xabar bergan edik.

60 million dollarga baholangan loyiha investori «Stargate Systems» MChJning konsepsiyasiga ko‘ra, rekonstruksiya qilingan va zamonaviylashtirilgan yangi bog‘ har kuni 10 ming nafar tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsata oladi.

Maydoni ko‘l bilan birga 20,79 gektarni tashkil qiluvchi bog‘ aholi, birinchi navbatda, yoshlarning «yuqori sifatli, jahon standartlari darajasidagi madaniy-ma'rifiy xizmatlarga» bo‘lgan ehtiyojini qondirishi lozim, deya ta'kidlanadi qarorda. 

Ma'lumotlarga ko‘ra, ertadan Milliy bog‘ yopiladi. 1 oktabrga qadar bog‘ hududidagi binolar buziladi, attraksionlar olib tashlanadi. 1 noyabrda esa, bog‘ning shu hududi uzoq muddatli ijara uchun investorga beriladi. Ijara muddati loyiha yakunlangandan keyin 49 yilga teng bo‘ladi. Yangi bog‘ 2021 yilning 1 yanvar kunigacha foydalanishga topshirilishi kerak.

Zamonaviy bog‘da amfiteatr, rangli favvora, attraksionlar va hordiq chiqarish uchun boshqa ko‘plab ko‘ngilochar obektlar quriladi. Jumladan, bog‘da ikkita «Amerika tepaliklari» attraksioni, ikkita bolalar avtodromi, interaktiv poyezd, labirint, syorfing bilan shug‘ullanish uchun sun'iy to‘lqinli suv inshooti, shuningdek to‘rtta qo‘lga o‘rgatilgan delfin ishtirokidagi shou-dastur uchun delfinariy ochilishi kutilmoqda.
 
Siyosiy  fanlar doktori va psixologiya fanlari nomzodi, professor, Jahon iqtisodiyoti  va diplomatiya universitetining Muzokaralar laboratoriyasi mudiri va Amaliy diplomatiya kafedrasi professori, Favqulodda va Muxtor Elchi Alisher Omonullayevich Fayzullayev o‘zining Facebook'dagi sahifasida ushbu bog‘ qurilishi bilan bog‘liq mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Alisher Navoiy nomidagi Milliy bog‘ o‘rnida barpo etiladigan «yuqori texnologiyali madaniyat va istirohat bog‘i» haqida

Rostini aytaman: bu loyiha mening ko‘nglimni juda xira qildi. Hozir jahonning biror joyida shahar o‘rtasida bunday katta attraksionlar qurilmayapti. Taklif etilgan loyiha shahar chekkasida qurilsa, uni qo‘llab-quvvatlardim. Milliy bog‘ maqomiga ega, jamoatchilik sohili bo‘lgan, shahar uchun tarixiy yashil go‘sha o‘rnida nafaqat attraksionlar va delfinariy, balki yirik savdo majmuasi ham qurilishi ko‘zda tutilmoqda. Yana qaytaraman, shahar chekkasida, qandaydir bo‘sh yotgan yer topib, o‘sha yerni obodonlashtirishganda boshqa gap edi.

Okean yoki dengiz bo‘yida barpo etiladigan delfinariyni tushunsa bo‘ladi. Biroq bu yerda qanday qilib qurishmoqchi — tushunarsiz. Delfinlar qanday suvda yashaydi, bu yerda tanqis bo‘lgan suv qanday yangilanadi, bunga qancha suv ketadi? Hisob-kitoblar bormi? Suvdan foydalanish uchun to‘lov qay tariqa amalga oshiriladi?

Hammasidan ham, kuniga 10 ming nafar tashrif buyuruvchi degani — shahar markazida, boz ustiga, aeroportga olib boruvchi bosh ko‘chada yirik tirbandlik keltirib chiqarilishini anglatadi. Bu muammo qanday hal etiladi?

Bolalar temiryo‘liga ham achinasan kishi — bu ham shahar tarixining bir qismi, ko‘plab insonlarning bolalik xotirasi hisoblanadi. Milliy bog‘da har kuni sayr qiluvchi qariyalar nima qiladi? Ularning manfaatlari nima bo‘ladi, bugungi bog‘ni yaxshi ko‘radigan ko‘plab shaharliklarning manfaati-chi? Shahar o‘rtasida yashil bog‘ga ega bo‘lib, katta attraksionlar va savdo markazlarini shahar chekkasida qurgan ma'qul emasmi? Bu loyiha Toshkentda ko‘p yillik daraxtlar kesilishini anglatmaydimi?

Bir paytlar Toshkent markazida ajoyib bog‘ bor edi — Gorkiy nomidagi park. Uning o‘rnida shahar hokimligi qad rostladi. Go‘zallikda undan ham qolishmaydigan pionerlar bog‘i bo‘lardi — uning o‘rni sobiq davlat rahbarining idorasiga bo‘shatib berildi. Bizni yana navbatdagi park zonasi yo‘qotilishi kutmoqdami?

Ko‘plab insonlarning hayotiga daxl qiluvchi bunday loyihalar jamoatchilik muhokamasi va sinchkovlik bilan o‘tkazilgan ekspert hisob-kitoblaridan so‘ng amalga oshirilishi kerak. Insonlar hammasidan boxabar bo‘lishlari uchun ekspertiza xulosalarini nashr etish kerak. Siyosiy partiyalarimiz, ekologik harakat, parlamentchilarning munosabatlari qani? Ular bu muhim masala borasida qanday fikrda?

Bir qalam tortish bilan Milliy bog‘ni yo‘q qilish va uni tijorat loyihasi uchun berib yuborish — shaharliklar hayoti uchun yomon oqibatlarga olib keluvchi, o‘ylanmagan qadam hisoblanadi. Loyihaning tarafdorlari va unga qarshilar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri teledebatlar o‘tkazilsin — bu jamoatchilik ongi darajasini oshiradi va to‘g‘ri qarorga kelishda yordam beradi va umuman, millionlab insonlarning hayotiga daxldor bunday yirik  ishlar tegishli xalq referendumidan so‘ng bajarilishi kerak. "Xalq bilan muloqot yili"da xalq bilan maslahatlashishsa bo‘lardi.

Toshkent markazidagi Milliy bog‘ chindan ham yangilanishga muhtoj. Biroq buni har tomonlama puxta o‘ylab, jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazib, Londondagi Hayd-park, Nyu-Yorkdagi Markaziy park yoki Tokiodagi Hibiya parki singari eng namunali jahon parklaridan andoza olib amalga oshirish lozim. Bog‘da velosiped yo‘lkasi barpo etish, uning o‘simlik dunyosini boyitish, yangi va unikal daraxtlar va gullar ekish, unga yangi va jozibali landshaft dizaynini joriy etish kerak. Bunday bog‘ go‘zallik, sokinlik va tabiat bilan uyg‘unlashish go‘shasi bo‘lmog‘i kerak, aslo shovqin-suronli attraksionlar va savdo maydonlari joyi emas.

Ko‘proq yangiliklar: