Toshkent shahridagi yolg‘iz qariyalarni talagan «notanish mehmon» qo‘lga olindi

Jamiyat 08:39 / 16.09.2017 7049

Toshkent shahrining bir nechta tumanlarida noma'lum shaxs, yolg‘iz yashovchi keksa yoshdagi fuqarolarning xonadoniga kelib, ularning turli miqdordagi naqd pullar va moddiy qimmatliklarni o‘g‘irlab, hodisa joyidan yashiringan. Bu haqda Toshkent shahar ichki ishlar Bosh boshqarmasi matbuot xizmati xabar tarqatdi

Manbaga ko‘ra, noma'lum shaxs yolg‘iz yashovchi keksa yoshdagi fuqarolarga o‘zini yangi qo‘shnisi yoki lift ustasi sifatida tanishtirib, uy telefoni orqali qo‘ng‘iroq qilib olish, hojatxonaga kirib chiqish hamda shu kabi boshqa bahonalar bilan xonadonga kirishga erishib, piyoz to‘g‘rab berishni so‘rab chalg‘itgan va o‘zining qabih niyatlarini amalga oshirgan.

Mazkur holatlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 169-moddasi (o‘g‘irlik, ya'ni o‘zganing mol-mulkini yashirin ravishda talon-toroj qilish) alomatlari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.

Yuqorida qayd qilingan jinoyatlarni fosh qilish, jazo muqarrarligini ta'minlash maqsadida, Toshkent shahar IIBB va uning tizimlarida xizmat olib boruvchi barcha shaxsiy tarkib e'tibori mazkur jinoyatlarga qaratilgan holda, shahar miqyosida keng qamrovli tezkor qidiruv chora-tadbirlari o‘tkazildi.

Jumladan, mahalla va mavzelarda aholi bilan surishtiruv va ogohlantirish ishlari amalga oshirildi.

Mazkur jinoyatlar haqida Toshkent shahar IIBBning “guvd.uz” veb-sayti orqali keng ommaga ma'lumot berilib, yuqoridagi jinoyatlarni sodir qilgan shaxsni aniqlash va ushlash maqsadida fuqarolar hamda jamoat tashkilotlariga jinoyatlarning tavsifi aks ettirilgan ma'lumotnoma (buklet)lar tarqatildi.

Yuqorida ko‘rsatilgan tergov-tezkor tadbirlari natijasida, mazkur jinoyatlarni sodir qilgan shaxs 1965 yilda Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan, o‘g‘irlik va boshqa turdagi jinoyatlar sodir qilganligi uchun sudlangan Toshev G‘afurjon Asatovich ekanligi aniqlanib, daliliy ashyolar bilan qo‘lga olindi.

Hozirda jinoyat ishi yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilib, uning boshqa jinoyatga aloqadorligi tekshirilmoqda.

Hurmatli fuqarolar!

Foto:  guvd.uz

G‘.Toshev tomonidan, keksa yoshdagi fuqarolarga nisbatan shu turdagi jinoyatlar sodir qilinganlik ehtimoli mavjudligi sababli, qo‘ni-qo‘shni, qarindosh hamda boshqa shaxslarga G‘.Toshevning fotosuratini ko‘rsatishingiz va ularga nisbatan shu turdagi jinoyatlar sodir qilinganligi aniqlangan taqdirda “102” raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingiz yoki ichki ishlar bo‘limlariga xabar berishingizni so‘raymiz.

Keksa yoshdagi fuqarolarga nisbatan kelgusida shu kabi jinoyatlarning sodir etilishini oldini olish maqsadida yoshi keksa qarindosh va qo‘shnilaringizni ushbu jinoyatlar va ularning sodir etilish usullari haqida xabardor qilib, shunga o‘xshash holatlar bo‘lgan taqdirda zudlik bilan “102” raqamiga qo‘ng‘iroq qilish lozimligi haqida eslatib o‘ting.

Ko‘proq yangiliklar: