Markaziy bank kriptovalyutalar bo‘yicha bayonot bilan chiqdi 

Iqtisodiyot 16:24 / 16.09.2017 24793

Hozirgi globallashuv davrida internet tarmog‘ida hajmi kundan kunga ortib borayotgan kriptovalyutalar bilan bog‘liq operatsiyalar xalqaro hamjamiyat e'tiborini keng jalb etayotgani, shuningdek mamlakatda kriptovalyutalar (bitkoin, efirium, litkoin va boshqalar) bo‘yicha ko‘plab murojaatlar hamda ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlarni inobatga olib, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki bayonot bilan chiqdi.

Unda ta'kidlanishicha, "kriptovalyutalardan anonim operatsiyalarni amalga oshirishda keng foydalanilayotganligi oqibatida noqonuniy pul aylantirish va firibgarlikka keng yo‘l ochilib, ba'zi mamlakatlarda xufiyona iqtisodiyotni yanada kengayishiga xizmat qilmoqda".

Shuningdek, xalqaro va davlatlararo almashinuvda kriptovalyutalarni tartibga solish va nazorat qilish imkoniyatlarining chegaralanganligi, jinoyatchi shaxs va guruhlar tomonidan terrorizmni moliyalashtirish va boshqa jinoiy xatti-harakatlarni amalga oshirishda kriptovalyutalardan qulay vosita sifatida foydalanilishi xavfining yuqoriligi sababli, dunyoning ko‘pgina davlatlarida ularning muomalasi cheklab qo‘yilgan.

Ayniqsa, rasman to‘lov vositasi sifatida tan olinishi natijasida kriptovalyutalarning internet tarmoqlarida markazlashmagan holda virtual emissiyasi va muomalada bo‘lishi davlatlar markaziy banklarining pul muomalasini nazorat qilish va erkin monetar siyosat yuritish imkoniyatlarini chegaralaydi.

Bundan tashqari, pulning barcha vazifalarini bajara olmasligini inobatga olgan holda, kriptovalyutalar an'anaviy pul birligi bo‘lmasdan, real rezerv ta'minotga ega bo‘lmagan va qiymati tez o‘zgaruvchan hosilaviy vosita hisoblanishi munosabati bilan kriptovalyutalar qiymatining keskin pasayib ketishi ehtimoli mavjud. Bu esa fuqarolarda moliyaviy yo‘qotishlarga olib kelishi mumkinligini alohida qayd etish zarur.

"O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligida kriptovalyutalardan foydalangan holda to‘lov yoki boshqa operatsiyalarni amalga oshirish ko‘zda tutilmagan", deyiladi MB bayonotida.

Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki mutaxassislari tomonidan bugungi elektron iqtisodiyotda jahon moliyaviy xizmatlari sohasidagi yangiliklar, qo‘llanilayotgan texnologiyalarni kuzatib, muntazam ravishda tahlil qilib borilmoqda.

"Yuqoridagilardan kelib chiqib, iqtisodiyotning hozirgi rivojlanish bosqichida kriptovalyutalarni joriy etish va ular vositasida operatsiyalarni amalga oshirish maqsadga muvofiq emasligini bildirgan holda, mazkur operatsiyalarda aholining ishtirok etishi tavsiya etilmaydi", deya yakun yasalgan Markaziy bank bayonotiga.

Ko‘proq yangiliklar: