Buxoroda o‘z akasining qotiliga aylangan shaxs 16 yilga qamaldi

Jamiyat 15:34 / 16.09.2017 14023

G‘ijduvonlik Shahriyor Shohnazarovlar (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) oilasida sodir bo‘lgan fojiani eshitgan mahalladoshlar yoqa ushlab, tarbiyaning avvali otadan-da, deyishdi istehzo bilan, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

2016 yilning 24 iyul kuni. Zayniddin xotini Feruza bilan dehqonlardan ko‘tarasiga olgan meva-sabzavotlarni bozorda o‘tirib sotib yaxshigina daromad topdi. Qaytishda savdo do‘koniga oziq-ovqat mahsulotlari sotib olish uchun kirgan Zayniddin bir shisha aroq ham oldi. Uyiga kelsa, otasining ham tomog‘i taqillab turgan ekan. Tushlik dasturxonida ota-o‘g‘il otamlashib olishdi. Shahriyor Shohnazarov nafsini qondirishga qondirdi-yu, muqaddam ikki marta sudlanib kelgan o‘g‘li Zayniddinga pand-nasihat qilmadi. Ichkilik ichishni kamaytir, deyishni xayoliga ham keltirmadi.

Soat 12:30larda bozorga yumush bilan mast holda chiqib ketgan Zayniddin kechki payt kirib keldi. Oradan yarim soatlar o‘tib, katta o‘g‘il Fatxiddin ham shirakayf holatda keldi. Hovlidagi qandaydir besaranjomlikdan jahli chiqqan aka baland ovozda ukasining xotinini so‘ka boshladi. Spirtli ichimlik ta'sirida akasining xotiniga nisbatan aytilayotgan haqoratli so‘zlarini eshitgan uka asabiylasha boshladi. Zayniddinni ham aslida miyasini karaxt, aqlini o‘tmas qilib qo‘ygan aroq boshqarayotgan edi.

-  Sal u yoq-buyog‘ingizga qarab gapiring, aka!

-  Qachondan buyon aqlli bo‘lib qolding, ket bu yerdan?!

-  Nima?! Hozir ko‘rsatib qo‘yaman!!

Aka-ukalikni unutgan Zayniddin va Fatxiddinni hech kim ajratmadi. Yuz-ko‘zi, ko‘kragi, qorni aralash tushayotgan musht va tepkilarga javob berolmayotgan aka aroq ichishga mukkasidan ketgani bois, o‘zini himoya qilishga ojiz edi. O‘z navbatida ukadagi shafqatsizlik ham spirtli ichimlik ta'sirida yanada zo‘rayib borardi. Nihoyat, tipirchilab tinchib qolgan aka ustidan g‘olib bo‘lgan uka biroz mag‘rur turdi. Qimirlamay yotgan akasiga biroz o‘tib jigarlik mehri alangalandi va yordam ko‘rsatish uchun egildi. Biroq, Fatxiddin allaqachon hayot bilan vidolashgan edi.

O‘zga uyda choy ichib o‘tirgan Zaynab opaning qo‘lidagi piyola qalqib tushdi. Shu payt kirib kelgan kelin titragancha aka-ukalar janjallashayotgani, ularni ajrata olmaganini aytdi. O‘g‘illarini to‘g‘ri tarbiyalay olmagan onaning faryodi cheksiz samoni larzaga soldi. Ota qayerda xato qilganini yaxshi anglab turardi. Biroq endi juda kech... Tog‘dek o‘g‘lini tuproqqa topshirdi.

Kichik o‘g‘il esa akasining qotili sifatida sud hukmi bilan 16 yil muddatga ozodlikdan mahrum etildi.  

Ko‘proq yangiliklar: