Toshkentda Qozog‘iston Milliy mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘tkaziladi

O‘zbekiston 11:59 / 15.09.2017 5787

Toshkentda O‘zbekiston va Qozog‘iston ishbilarmon doiralarining biznes-forumi hamda Qozog‘iston Milliy mahsulotlari ko‘rgazmasi o‘tkaziladi

Tadbir Qozog‘iston Prezidenti Nursulton Nazarboyevning O‘zbekistonga tashrifi doirasida bo‘lib o‘tadi.

16 sentabr kuni poytaxtdagi «O‘zekspomarkaz»da Qozog‘iston Milliy mahsulotlari ko‘rgazmasi va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida biznes-forum o‘tkaziladi. Unda O‘zbekiston va Qozog‘istonning 500 dan ortiq ishbilarmonlari qatnashishi rejalashtirilgan. 

Tadbirda Qozog‘istonning qishloq xo‘jaligi, savdo-sotiq, neft-gaz, farmatsevtika, mashinasozlik, kimyo, qurilish, oziq-ovqat, yengil sanoat sohalari va xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida faoliyat ko‘rsatayotgan qariyb 120 yetakchi kompaniyasining 200 ga yaqin vakili ishtirok etishi kutilmoqda. 

Anjuman doirasida B2B formatida ikki tomonlama uchrashuvlar bo‘lib o‘tadi. Unda Qozog‘iston delegatsiyasi vakillari O‘zbekiston davlat va xususiy sektor mas'ullari bilan hamkorlikni chuqurlashtirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazadi. 

15-17 sentabr kunlari «O‘zekspomarkaz»da o‘tkaziladigan Qozog‘iston Milliy mahsulotlari ko‘rgazmasida qo‘shni mamlakatning avtomobil, metallurgiya, farmatsevtika singari ko‘plab sanoat tarmoqlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar namoyish etiladi. 

O‘zbekistonda Qozog‘iston kapitali ishtirokida tuzilgan qariyb 230, Qozog‘istonda O‘zbekiston ishbilarmonlari bilan hamkorlikda tashkil etilgan 130 dan ortiq korxona faoliyat yuritmoqda. 

2017 yilning birinchi yarmida mamlakatlar o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11 foizga o‘sdi – 953 mln dollargacha. 

Ko‘proq yangiliklar: