Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchilari aniqlanmoqda

Jamiyat 18:24 / 13.09.2017 10419

13-15 sentabr kunlari boshlang‘ich ta'lim, ona tili va adabiyot, o‘zbek tili, geografiya, biologiya fanlari o‘qituvchilari  o‘rtasida “Yilning eng yaxshi fan o‘qituvchisi – 2017” tanlovining respublika bosqichi o‘tkazilmoqda. Xalq ta'limi vazirligi matbuot xizmati bergan xabarga ko‘ra, unda tanlovning hududiy bosqichida eng yuqori natija ko‘rsatgan 68 nafar pedagog o‘zaro bellashadi.

2006 yildan buyon har yili an'anaviy ravishda o‘tkazib kelinayotgan tanlov joriy yilda yangicha ko‘rinishda zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalangan holda tashkil qilindi. 

Joriy yilda tanlov 3 bosqichda (tuman (shahar), hududiy va respublika) tashkil etildi.

O‘qituvchilarning tegishli fan bo‘yicha kasbiy bilimlarini baholash orqali ularning reytingini aniqlash maqsadida tanlovning tuman (shahar) bosqichida o‘tkazilgan on-layn test sinovlarida 16 fan bo‘yicha respublika miqyosida jami 260 ming nafardan ortiq o‘qituvchilar ishtirok etdi.

Multimedia umumta'lim dasturlarini rivojlantirish markazi tomonidan tanlov uchun maxsus elektron dastur tayyorlanib, test jarayonlarini tashkil etish va natijalarini umumlashtirish  imkoniyati yaratildi. Bu o‘z navbatida tanlov jarayonlarini shaffof va ochiqligini ta'minlash bilan birga uni markazlashgan holda boshqarib borish,  o‘qituvchilar bilim saviyasini hududlar hamda fanlar kesimida tahlil qilish imkonini berdi.

Tanlovning respublika bosqichi test sinovlari, yozma ish, dars mashg‘uloti, zamonaviy AKT yordamida dars ishlanma tayyorlash kabi 4 ta shart bo‘yicha tashkil etilib, ishtirokchilar 100 ballik tizimda baholanadi.

Hakamlar hay'ati tomonidan tanlov qatnashchilari ishtiroki baholanib, unda g‘olib deb topilgan ishtirokchilar “Xalq ta'limi a'lochisi” ko‘krak-nishoni va vazirlikning qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanadi.

Ko‘proq yangiliklar: