iPhone uchun 1000 dollar bermoqchi emasmisiz? Apple narxlari oshishda davom etaveradi

Fan-texnika 22:22 / 13.09.2017 11534

Nima uchun Apple korporatsiyasi o‘z yangi smartfoni uchun katta mablag‘ talab qilishga haqli va nima uchun ularni qo‘lga kiritadi ham? Bloomberg kolumnisti Shira Ovayd shu haqidagi fikr-mulohazalari bilan bo‘lishdi. 

Hozir ko‘pchilik iPhone uchun 1000 dollar yoki undan ham ko‘p pul bermayman deb o‘ylayotgandir. Keling, shu fikrga olti oydan keyin, do‘kondan qo‘lingizda yangi iPhone X, Samsung Note yoki "narx chegarasi"dan o‘tgan boshqa bir smartfon bilan chiqqaningizda qaytamiz. 

Ha, aksariyat iste'molchilar bunday narxdan taassufda, biroq yangi iPhone'ga kelganda bu ancha oqilona narx strategiyasi. Hatto kompaniya mahsulotiga talab uncha katta bo‘lmagan paytlarda ham, aynan shu qurilma Apple korporatsiyasining gullab-yashnashiga yordam bermoqda. Apple shtab-kvartirasida mazkur strategiya ustida ishlagan kishilar - statistiklar, marketologlar, yana kim bo‘lmasin, - bilib qo‘ying: sizlar dahosiz. Afsuski, sizning mehnatingizni hamma ham qadriga yetavermaydi. 

Hamma 1000 dollarlik narxdan hayratlanayotgan bir paytda men qanday qilib yangi qurilmalar Apple'ga boshqa "narx chegarasi"ni oshib o‘tishga yordam berayotganini kuzataman: bir iPhone uchun o‘rtacha daromad ko‘rsatkichi 700 dollar. Bu birinchi navbatda aynan ultra-premium iPhone X tufayli - va qolgan yangi modellarga oldindan o‘ylangan narxlarni ehtiyotkorlik bilan oshirish natijasida ro‘y beradi.

Bloomberg'ning hisob-kitoblariga ko‘ra, Apple 2009 yildan beri sotilgan har bir iPhone'dan barqaror ravishda o‘rtacha 600-700 dollar foyda olib kelmoqda. Kompaniyaning o‘zida yoki dunyoda nimalar sodir bo‘layotganidan qat'i nazar, Apple'ning har bir  iPhone'dan oladigan daromadi shu diapazonga bog‘liqligicha qoladi. Tahlilchilar 2018 yilning sentabrida tugallanadigan moliyaviy yilda bu ko‘rsatkich 697 dollarga yetishini kutishmoqda. Bundan yuqori o‘sish kompaniya uchun yoqimli sovg‘a bo‘ladi. 

Ha, iPhone'ning o‘rtacha narxi 2015 yilning dekabrida erishilgan avjidan ancha past, lekin so‘nggi vaqtlarda Apple daromad ko‘rsatkichlariga bilvosita ta'sir ko‘rsatishning yo‘llarini muvaffaqiyatli topib kelmoqda. 

2016 yilda nisbatan yirik Plus smartfonlar seriyasini taqdim etib, Apple boshlang‘ich narxga 20 dollarcha qo‘shdi. Tahlilchilarning baholariga ko‘ra, o‘tgan yili iPhone Plus qurilmalarini tanlagan xaridorlar ulushi xuddi shu modelning avvalgi versiyasini tanlaganlar ulushidan oshib ketdi. 

Apple shuningdek qo‘shimcha korpus ranglarini kiritdi, buning uchun esa xaridorlar yana 100 dollar qo‘shishiga to‘g‘ri keladi. Kompaniya o‘tgan yilga nisbatan atigi 2,2 foizga ko‘p smartfon sotgan bo‘lsa ham, o‘rtacha narxning barqaror o‘sishi tufayli shu oy tugaydigan 2017 moliyaviy yilning ilk to‘qqiz oyida iPhone sotuvlaridan tushgan daromad 3,6 foizga o‘sdi. Mana, o‘rtacha narxning asta-sekin, lekin barqaror o‘sishi natijasida nimalarga erishish mumkin - sizning Apple ko‘lamidagi biznesingiz bo‘lsa, albatta. 

Nihoyat, Apple o‘zining eng ishonchli mijozlari uchun yanada qimmat va, shubhasiz, ajoyib telefonini namoyish qildi. Albatta, iPhone xaridorlarining necha foizi shisha va metall bo‘lagi uchun 1000 dollar berishga tayyor bo‘lishini oldindan bashorat qilish qiyin. Seshanba kuni Kanadaning BCE telekommunikatsion kompaniyasining top-menejyeri iPhone X "biz qo‘rqqan narx"gacha yetib kelganini aytdi. Boz ustiga, yangi smartfonlar cheklangan miqdorda ishlab chiqarilgan - ushbu katta yorqin ekranli smartfonni haqiqatan ham qo‘lga kiritishni istaganlar shoshishlariga to‘g‘ri keladi. 

Shunday bo‘lsa-da, hattoki oddiy yangi iPhone'lar ham qimmat turadi va ularning o‘ziyoq Apple'ning o‘rtacha daromad ko‘rsatkichlarini ko‘tara oladi. Yangi iPhone 8 o‘tgan yilgi modeldan 50 dollarga qimmat - 699 dollar. Plus qatorlaridagi asosiy smartfon esa 30 dollarga qimmatlashgan - 799 dollar. Ikki smartfon xotirasi ham avvalgilaridan katta, ammo ta'kidlash joizki, bu kompaniyaga u qadar qimmatga tushmagan. Narxlarning bunday o‘sishi hech kimni ajablantirmaydi: oxir-oqibat, kompaniya ko‘plab ilg‘or texnologiyalarni ingichka korpusda yig‘ishning uddasidan chiqmoqda.

iPhone qurilmalari o‘rtacha narxining hatto ozgina oshishi ham Apple daromadiga kuchli ta'sir ko‘rsatishi mumkin. Bernstein fond bozori tahlilchisi Toni Sakkonagining ta'kidlashicha, smartfonning o‘rtacha narxiga qo‘shilgan har 10 dollar ham kompaniyaning keyingi moliyaviy yildagi daromadini 0,14 dollarga oshiradi - bu esa 723 million dollar qo‘shimcha foyda degani. Bir o‘ylab ko‘ring-a: bu S&P 500 ro‘yxatidagi kompaniyalarning deyarli yarmining yillik sof daromadidan ko‘p! 

iPhone narxlarining o‘sishi smartfonlarga bo‘lgan talabning naqadar kuchliligidan dalolat beradi. Smartfonlarning ko‘p modellari tobora qimmatlashib bormoqda. Ishlab chiqaruvchilar gravitatsiyaga va, ehtimol, sog‘lom fikrlashga qarshi borishmoqda. 

Bu xaridorlar uchun yaxshi yangilik emas, ammo Apple investorlari uchun ajoyib xushxabardir. Kompaniya odamlarni bir yoki ikki yil avval xarid qilgan gadjyetiga juda o‘xshash smartfon uchun yanada ko‘proq pul to‘lashga majbur qilib, o‘sish yo‘lini topishga muvaffaq bo‘ldi. Statistik va marketologlar yana yutib chiqmoqda. 

Ko‘proq yangiliklar: