Samarqandda jinoyatlarning oldini olish maqsadida tungi tadbirlarga e'tibor kuchaytirilmoqda

Jamiyat 22:04 / 12.09.2017 7324

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev raisligida joriy yilning 17 avgust kuni Toshkentda bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ichki ishlar organlari faoliyati, tizimda hal etilmagan muammo va kamchiliklar, ayniqsa, jinoyatchilikka qarshi kurashdagi tadbirlar kerakli natija bermayotgani tanqid ostiga olingan edi.

Aynan shu maqsadda huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatlarni oldini olish uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining davlat maslahatchisi O.Murodov tomonidan tasdiqlangan chora-tadbirlar rejasiga asosan Samarqand viloyatiga ishchi guruh yuborilib, ular tomonidan jinoyatlarning oldini olish va ularga qarshi samarali kurashish borasida bir qator ishlar boshlab yuborildi, deb xabar beradi KUN.UZga Samarqand viloyat IIB matbuot xizmati.

Samarqand viloyat ichki ishlar boshqarmasi rahbariyati ko‘rsatmasiga asosan, jinoyatchilikka qarshi kurashda asosiy kuch-vositalarni tungi paytga qaratishga qaror qilinib, 11 sentabr kuni kech soat 18:00 da Samarqand shahar ichki ishlar boshqarmasida tashkil etilgan maxsus guruhlar saf tortdi.

Kechki yo‘riqnomada yig‘ilganlarga jinoyatchilikka qarshi kurashish, aholi osoyishtaligi, mol-mulki va sog‘ligini himoya qilishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan aniq vazifalar belgilab berildi.

Navbatdagi saf yo‘riqnomasi post patrul xizmati (PPX) da tashkil etilib, zarur ko‘rsatma va topshiriqlar berildi. Ko‘cha-ko‘yda jinoyatlar asosan ishsiz, biror tayinli kasbning etagidan tutmagan yoki jazoni o‘tab qaytgan shaxslar tomonidan sodir etilayotganini inobatga olib, kechki vaqtda shahar va tumanlardagi ko‘cha va xiyobonlarida jamoat tartibini saqlashda, aholi tinch va osoyishta umrguzaronlik qilishini ta'minlash uchun post patrul xizmati ham kuchaytirilgan holda xizmatga jalb etildi.

Maxsus xarita yordamida guruh rahbarlari va xizmat olib borilishini tekshiruvchi mas'ullarga tegishli vazifalar yuklatildi.

O‘tgan tun davomida qator jinoyatlar oldi olinib, qidiruvda bo‘lgan bir qancha jinoyatchilar ushlandi. Bu kabi amaliy tadbirlar barchasi aholi osoyishtaligi, yurt farovonligini avaylab-asrash uchun qaratilgan.

Ko‘proq yangiliklar: