Eng yuqori toifa: Quyosh yana bir marta kuchli portladi

Jamiyat 11:22 / 11.09.2017 48626

10 sentabr kuni Toshkent vaqti bilan kechki 21:00 atrofida Quyoshda navbatdagi juda kuchli portlash ro‘y berdi. Bu haqda RIA Novosti Rossiya Fanlar akademiyasi Fizika institutiga asoslangan holda yozmoqda

Olimlarning ma'lum qilishlaricha, portlash X tasnifiga doir bo‘lib, unga X8.2 ball berilgan. Portlash faolligi  indeksi esa, 10 ballik tizimning 9,8 balliga teng bo‘lgan. Ta'kidlanishicha, bu so‘nggi bir necha kun ichida Quyoshda qayd qilingan to‘rtinchi kuchli portlashdir.

Yirik yulduzdagi portlashlar o‘tgan hafta 4 sentabr kuni boshlangan edi. O‘shanda olimlar M tasnifidagi 5 ta portlashni qayd etishdi. Shundan 2 kun o‘tgach, 6 sentabrda olimlar so‘nggi 12 yildagi eng kuchli portlashni kuzatishdi. Portlashga X9.3 ball qo‘yildi. 

7 sentabr kuni ikkinchi kuchli portlashga eng yuqori tasnifdagi — X faollik bahosi berildi. Olimlarning so‘zlariga ko‘ra, bu hodisa Quyosh tojidagi o‘zgarishlarning qonuniy yakuni bo‘lishi kerak edi. Ammo, 8 sentabrda X tasnifiga kiritilgan uchinchi kuchli portlash kuzatildi.

"Quyoshdagi qimirlash"

Olimlarning bayonot berishlaricha, birinchi bor kuchli portlash ro‘y berganida Quyoshda seysmik to‘lqinlar tarqalgan. Bu fanda "quyosh qimirlashi" deb ataladi.

Biroq, mutaxassislarning fikricha, ushbu hodisa hech qanday zarar yetkazmaydi. 

"Aslida hech kim hech narsani sezmaydi", — degan RFA fazoviy tadqiqotlar instituti yetakchi xodimi Aleksey Struminskiy.

Ko‘proq yangiliklar: