Angela Merkel Qrim Rossiya tarkibiga qo‘shib olinishini Germaniyaning bo‘linishiga qiyosladi

Jahon 19:35 / 10.09.2017 11639

Germaniya federativ respublikasi kansleri Angela Merkel Berlin Qrimni Rossiyaga tegishli deb hisoblamasligini ma'lum qildi. Merkel xonim bunday fikrni Frankfurter Allgemeinen Sonntagszeitung uchun bergan intervyusida aytib o‘tgan.

Kantsler Qrimni Rossiya hududi sifatida tan olish haqida eshitganida, GDR bilan bo‘lgan vaziyatni eslashini aytib o‘tgan. 

«Men bunga shunday yondashaman: Agar o‘shanda GDR bizga shunday munosabatda bo‘lganida, «Germaniya bo‘lindi, hech narsa o‘zgarmaydi», deyishganida nima bo‘lardi», — degan Merkel.

U tarixdan saboq olish kerakligini qayd etgan.

«Biz adolatsizlikka ko‘nishimiz kerak emas», degan u. Bu orqali Merkel xonim Germaniya erkin demokratik partiyasi yetakchisi Kristian Lindnerning avgust oyida Qrimni Rossiyaning bir qismi sifatida tan olish kerakligi haqida aytgan gaplariga munosabat bildirgan.

«Qrim hech qachon Ukraina tarkibiga qaytmaydi. Sanktsiyalar foyda bermaydi. Rossiya Yevropada katta kuch va biz bu davlatni Yevropa tartibiga qo‘shishimiz kerak», — degandi u Berliner Morgenpost uchun bergan intervyusida.

Xuddi shunday bayonot sentabr oyida Germaniya Sotsial-demokratik partiyasi rahbari, kanslerlik lavozimiga da'vogar Martin Shults tomonidan ham bildirilgandi. «Menga shunday tuyuladiki, ruslar buni favqulodda chora sifatida qo‘llashgan», — deya izoh bildirgan u. Shults shu bilan birga yarim orol Rossiya tarkibiga qo‘shib olinishi xalqaro huquq qoidalariga zid ekanini qo‘shimcha qilgan.

Qrim 2014 yil martida o‘tkazilgan referendumdan keyin Rossiya tarkibiga qo‘shilgandi. Rasmiy Kiyev referendum natijalarini tan olmadi. Moskva tomoni esa referendum xalqaro huquq normalari doirasida bo‘lib o‘tganini ta'kidladi.

2014 yilda bir qator davlatlar, jumladan, AQSh va Yevropa Ittifoqi davlatlari Moskva bilan munosabatlarda cheklovlar joriy qilishni boshladi. 2017 yil iyunida iqtisodiy sanksiyalar 2018 yilning 31 yanvariga qadar uzaytirildi. Bundan tashqari, Rossiya va Ukrainadagi yuridik shaxslarga individual sanksiyalar amalda.

Ko‘proq yangiliklar: