Jangga qurolsiz kirmang yoxud talaba jurnalistning amaliyot daftarini kim to‘ldir(a)di?

O‘zbekiston 20:40 / 08.09.2017 10442

Matbuot sohasida ishlab, sochim oqargani yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, ba'zi bir xulosalarga kelish uchun to‘qqiz-o‘n yil nazarimda, kifoya.

Ochig‘i, Toshkentdagi OAVlar haqida bir nima deyolmayman, ammo Samarqanddagi gazeta-jurnallarning, televideniyelarning sakson foiz ijodiy xodimi filolog. «Endi, bir vaqtlar jurnalistlar bo‘lmagani uchun «boshi aylanib» kelib qolgandir-da» dersiz, biroq e'tiroz qilaman. Samarqandlik yosh jurnalistlar orasida bugun ham filologlar ko‘p.

Masalaga o‘tay. Har yili viloyatlardagi gazetalarga O‘zbekiston Milliy universiteti jurnalistika fakulteti, O‘zbekiston jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetidan talabalar amaliyot uchun yuboriladi. Bu tajribaga besh-olti yildan buyon guvohman.

Ikkala oliy o‘quv yurtining rahbariyati bundan faqat yaxshilikni ko‘zlagan, bunga shubha yo‘q. Chunki amaliyotni ko‘rmagan, tahririyatda gazeta chiqarish tartib-tamoyili, maqola tahririni bilmagan yosh jurnalistning qo‘liga diplom berish uni jangga qurolsiz jo‘natishdek gap. Ya'ni, u ertaga omadi chopib, biror gazeta-jurnalga «ilingan» taqdirda ham ikki kunda jurnalistikadan sovuydi. Sababi, ishlolmaydi, maqola yozolmaydi. Qarabsizki, xayr, jurnalistika!

Bo‘lgan voqea. Holatni o‘zgartirmasdan bayon qilmoqchiman. Odatda juda maydakash emasman. Lekin shu mavzuga batafsil to‘xtalmasak bo‘lmaydi.

Yaqinda xonamga bir yigit kirib keldi:

— Yaxshimisiz, brat!

— Rahmat, keling uka, o‘tiring.

— Jurnalistika fakultetida o‘qiyman, amaliyotga jo‘natishdi. Falonchining (ismini aytish noo‘rin, sha'niga tegishi mumkin, davlat mukofoti olgan bir qiz) ukasiman, taniysizmi?

Bolaning iddaosi, o‘zini tutishini ko‘rib, opasini tanisam ham tanimaslikka oldim.

— Xo‘sh, amaliyotga kelgan bo‘lsangiz, nimadan boshlaymiz? Maqola yozganmisiz, birorta gazetada maqolangiz bosilganmi?

— Ha, yozganman, bitta maqolam markaziy gazetada chiqqan.

— Qaysi mavzuda, qaysi gazetada? Menga deyarli yigirma nomdagi gazeta keladi, o‘qib ko‘ray-chi.

— Esimda yo‘q, Navoiy ijodi haqida edi...

Nazarimda, bu yigit chekka tumandagilar gazeta o‘qimaydi yoki menga o‘xshagan amaliyotchidan tezroq qutilish payida bo‘ladi, degan xayolga borgan. Yo‘q, men uni shunchaki qo‘yib yuborishni xayolimgayam keltirmadim. Amaliyot qog‘ozini ko‘zdan kechirdim — 15 iyundan 7 iyulgacha bu yigit gazetamizda maqola yozishni mashq qilishi kerak ekan.

— Uka, qariyb ikki hafta oldin kelishingiz kerak ekan, nega kechikdingiz?

«Brat, u bo‘ldi, bu bo‘ldi...» — Shunga o‘xshash mujmal gaplar.

— Men siz bilan ishlash tartibini yaxshi bilmayman. Yaxshisi, menga fakultetdagi rahbaringizni bog‘lab bering, nima desa shu tartibda ishlaymiz, — dedim. Talaba telefon raqam terdi.

— Alo, brat, men gazetaga kelgandim. Siz bilan muharrir gaplashmoqchi ekan... — «kuratorim», deya yigit menga telefonni uzatdi.

Yigitning guruh rahbari bilan suhbatlashdik. Domlaga amaliyotchi talabani shunchaki, vaqtini o‘tkazishga qo‘ymasligimni, xo‘jako‘rsinga amaliyot qog‘ozini to‘ldirib berish niyatim yo‘qligini aytdim. Axborot yozdirish, tadbirlarga jo‘natish niyatim borligini bildirdim. Domla minnatdor bo‘ldi. Fikrimni qo‘llab-quvvatladi, «Qaniydi, hamma talabalarimizdan shunday talab qilsalaringiz», dedi.

Suhbatning bu tomonga burilib ketishi talabaga sira yoqmadi. Ikki kundan keyin maqola bilan kelaman, deb xonadan chiqib ketdi. Uni ushlab qolishga, ketmaysan, deyishga haqqim yo‘q. Ixtiyor o‘zida. Uchinchi kun oldimga maqolasiz kirib keldi. Amaliyot muddati tugashiga atigi, ikki-uch kun qolgan. Chiqmagan jondan umid — mavzu berdim. «Hech bo‘lmasa bitta maqola yozing», dedim. Ertasi kuni maqola olib kelish va'dasi bilan xonani tark etdi...

Xullas, odamni bir holat o‘ylantiradi. Har yili yuqorida tilga olganimiz — jurnalistika fakultetlarini qancha yoshlar bitiryapti? Magistratura, oliy jurnalistikani-chi? oliygoh.uz sayti ma'lumotlariga tayanadigan bo‘lsak, 2016-2017 o‘quv yilida bakalavr yo‘nalishiga jami 70 nafar yoshlar o‘qishga qabul qilingan (441 nafar abituriyentning yetmish nafariga talabalik baxti nasib etgan). Demak, tahririyatga kelgan talaba ham o‘sha saralanganlardan.

Oliy jurnalistika kursi hamda magistratura uchun ham yigirmadan ortiq o‘rin ajratilgan. O‘zbekiston jahon tillari universiteti xalqaro jurnalistika fakultetiga o‘tgan o‘quv yili uchun jami 50 nafar bakalavr qabul qilingan. 97 nafar abituriyent «yiqilgan».

Ushbu raqamlardan ko‘rinib turibdiki, yiliga mamlakatimiz jurnalistlari safi kamida yuz yigirma nafarga ortmoqda. Ular televideniye, radio, matbuot — boringki, internet jurnalistikasi bo‘lsin, jamiyatga shu soha vakili sifatida kirib boryapti. Ammo, hamon gazeta-jurnallarning aksariyat xodimlari boshqa soha vakillari.

Bundan xulosa qilish mumkinki, har yili amaliyotga jalb qilinayotgan talabalarning hammasi ham bu sohani sevganidan, yuragi jurnalist bo‘lib yonganidan o‘qishga kirmagan. Boringki, amaliyot davrida ko‘zbo‘yamachilikni o‘zlashtirmagan taqdirda ham jurnalistikani yoqtirib qolishiga, so‘zni qadrlashiga umid qilish mumkin edi.

Afsuski, kimlar uchun orzu bo‘lgan jurnalistika fakultetlari ba'zi holatlarda oliy ma'lumot olish yoki qaysidir ta'lim muassasasiga o‘qishni ko‘chirish vositasiga aylanmoqda. Taklif shunday. Oliy o‘quv yurtlaridan amaliyotga jo‘natilayotgan talabalar uchun bu davr eng muhim jarayon. Shunday ekan, ustozlar, guruh va amaliyot rahbarlari shogirdingizning qaysi muassasaga borgani, u joyda nima bilan shug‘ullangani bilan qiziqing. Tashkilot rahbariyati bilan bir marta bo‘lsin bog‘laning, muloqot qiling, taklifingizni ayting.

O‘z navbatida, gazeta-jurnallar rahbarlari ham amaliyotchi talabaga yuzaki munosabatda bo‘lsa, ertaga kadrlar muammosi davom etaveradi. Ha, aytgancha, o‘sha amaliyotchi yigit qaytib kelmadi. Amaliyot daftarini kim to‘ldirdi, bilmadim. U yozajak maqoladan esa umid uzganim yo‘q.

 

Isomiddin PO‘LATOV,

«Jomboy tongi» gazetasi muharriri.

Ko‘proq yangiliklar: