Samarqand viloyat musiqali drama teatrining 103-mavsumi premera bilan ochildi (foto)

Jamiyat 22:30 / 08.09.2017 14749

Bugun, 8 sentabr kuni Samarqand viloyat musiqali drama teatrida yangi «103-teatr mavsumi» ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mavsum ochilishida yig‘ilganlarga o‘tgan 102-teatr mavsumi mobaynida amalga oshirilgan faoliyat, erishilgan yutuqlar, sahnalashtirilgan yangi asarlar haqida qisqacha ma'lumotlar berildi.

Jumladan, joriy yilda bo‘lib o‘tgan «E'tirof-2016» Respublika tanlovida Samarqand viloyat musiqali drama teatrining «Mirzo Ulug‘bek» spektakli «Yilning eng yaxshi spektakli», deb topildi.

O‘tgan mavsumda mashhur spektakllarni sahnalashtirish borasida Respublikada barakali ijod yuritayotgan rejissyorlar — Valixon Umarov, Bahodir Nazarov, Jo‘rabek Ro‘zmetov, Ovlaquli Xo‘jaquliyev, O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston xalq artisti Yodgor Sa'diyev taklif etildi va ular bilan ijodiy hamkorlikda ishlangan.

Teatrda «Ustoz va shogird» mahorat maktabi bir oy davomida ijodkor yoshlarni bir joyga jamlagan. Respublikadan taklif etilgan mutaxassislar, ustoz va murabbiylar ishtirokida sahna nutqi, aktyorlik mahorati, rejissura ishi, xor va raqsdan mahorat darslari o‘tilgan.

Yangi mavsumning ochilish marosimida ariyalardan, musiqali dramalardan parchalar kuylab berildi. «Mirzo Ulug‘bek» spektaklidan sahna ko‘rinishi ijro etildi. So‘zga chiqqanlardan «Nuroniy» jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi H.Normurodov, taniqli adib va publitsist Nusrat Rahmat, chet tillar instituti professori Yusuf Abdullayev va boshqa mehmonlar teatr jamoasiga yangi mavsumda ijodiy zafarlar va omad tilashdi.

 

— Mavsum turk dramaturgi Tunjar Jujano‘g‘lining asari asosida rejissyor Valixon Umarov tomonidan sahnalashtirilgan «Ko‘chki» spektakli — psixologik drama bilan boshlanmoqda, — dedi teatr direktori va badiiy rahbari Bahodir Sharofov. — Yangi mavsumda repertuarimizdan 13ta spektakl o‘rin olgan. Ularda ham teatr ixlosmandlari va tomoshabinlar e'tiboriga ezgulikni, yurtparvarlikni, insoniy fazilatlarni kamol toptirishga xizmat qiladigan, sermazmun, hayotiy asarlar sahnalashtirish rejalashtirilgan».

 

Shuhrat Shokirjonov,

KUN.UZ muxbiri.

Ko‘proq yangiliklar: