Joze Mourino: G‘alaba bo‘lmasa, chiroyli o‘yin - quruq gap (Katta intervyu)

Sport 19:10 / 06.09.2017 13815

«Manchester Yunayted» ustozi Joze Mourino terma jamoalar musobaqalari tufayli berilgan tanaffusdan unumli foydalanmoqda. U futbol o‘ynayapti, dam olyapti, jamoasining navbatdagi o‘yini haqida reja tuzyapti, shu bilan birgan The Times nashri jurnalisti Oliver Keyga intervyu berdi. E'tiboringizga ushbu material tarjimasini havola qilamiz.

Joze Mourino chetdan qaraganda juda xotirjam, xuddiki u va uning atrofini qirollarga xos nimadir chulg‘ab olgandek. «Manchester Yunayted» Premer Ligada peshqadamlik qilmoqda va ko‘rinishidan, rostan ham Jozening qirolligida hammasi juda sokin.

«Haddan tashqari xotirjamlik» – deydi Joze iblisona tabassum bilan.

Va qo‘shimcha qiladi:

«Bu menga yoqmaydi. Menga dengizning mavjlanishi ko‘proq yoqadi»

Biroz o‘tib, yengil tin olib yana jumlani qaytaradi. Urg‘u bermoqchi bo‘ladi.

«O‘zimga o‘zim bosim qilishni yaxshi ko‘raman. Masalan, qaniydi soatni olib, vaqtni biroz oldinga sura olsam. Mana hozir soat millari 2.30ni ko‘rsatyapti, agar men qayergadir soat 3.00da borishim kerak bo‘lsa, o‘zimga 2.50da borishim kerakligini aytaman. Ishda ham shunaqaman. Inson o‘zida ozgina bosim his qilsa – bu yaxshi. Men sokin dengizni yoqtirmayman. Mana hozir, ko‘pchilikning jamoam haqidagi iliq fikrlaridan qoniqmayapman. Maqtovlarga hali juda erta. Bunday holat men uchun noqulay. Teskarisini ma'qul ko‘raman. Biz bosimni his qilishimiz kerak. Vaqtni quvib o‘tishga harakat qilishimiz kerak».

Ha, Mourinoning butun faoliyati vaqt bilan poygaga o‘xshaydi. Futbolda «uzoq muddatli falsafiy yo‘nalishlar», «besh yillik muddatlar» haqidagi fikrlar hukm surayotgan bir paytda Joze Mourino butun turishi bilan futbolning 90 daqiqadan iboratligini isbotlovchi sanamga o‘xshaydi. Har bir o‘yin – bir g‘isht deb tasavvur qilsak, mana shu g‘ishtlar yordamida mavsum imorati quriladi. Har bir mavsum – bu bir poyga, kim ko‘proq sovrin yutsa, g‘olib o‘sha. Hammasi oddiy.   

Mourino haqida so‘z borganda, uning bir yerda uzoq vaqt qolmasligi haqida fikrlar ko‘p yangraydi. U «Portu»da, «Chelsi»da, «Inter»da, «Real»da, yana «Chelsi»da, ana endi «Manchester Yunayted»da – g‘alaba qozonadi va ketadi. Ayniqsa, «Chelsi»da bu yaqqol namoyon bo‘ldi, yozda sharaflarga burkalgan, mamlakat chempioni bo‘lgan «Chelsi»da kuzga kelib bo‘ron boshlandi. Janjalli voqealar ostida Londonni tark etgan mutaxassis Manchesterda uzoq vaqt qolishni, Fergyusonning vorisi bo‘lishni orzulayotganini aytganida, ko‘pchilik istehzo bilan kulib qo‘ya qolishdi.

«Agar men biror sovrinni yutib, keyin jamoani tark etishimni aytishsa, bunga e'tiroz qila olmayman, chunki, faoliyatimning ma'lum pallasida shunday bo‘lgan ham» – deydi Joze.

«Men «Portu» va «Inter» bilan Chempionlar Ligasini yutgach, u yerni tark etdim. «Real»dan ketayotganimda ham, klub mening qolishimni xohlayotgandi. Meni faqat «Chelsi»da iste'foga chiqarishgan, u ham bo‘lsa, chempionlik mavsumidan keyin. Ammo biror yerni u yerda g‘alaba qozonganim uchun tark etadi, deyishsa, qo‘shila olmayman. Shunchaki, men bir yerda uzoq qola olmayman, qisqa vaqtda natijaga erisha olishim esa, mening yutug‘im. Men jamoani muvaffaqiyatlarga tayyorlayman. Men o‘zimdan keyin ishlaydigan murabbiyga ham kuchli, shakllangan jamoa qoldirishni istayman. Agar sen biror yerni tark etganingdan keyin ham, o‘sha klub kuchli bo‘lib qolsa va hatto sening davringdan ham yaxshiroq o‘ynay boshlasa – bu yutuq. Bu qisqa muddatli emas, uzoq muddatli loyiha bo‘ladi. Men shunday murabbiyman, aslida».

Siz ketganingizdan keyingi to‘rt yilda uch marta Chempionlar Ligasini yutishning uddasidan chiqqan «Real» haqida gapiryapsizmi?

«Ha, bu ham bir misol. Agar kimdir 10-15 yoki 20 yil ishlab, jamoani muvaffaqiyatsizlik girdobida tashlab ketsa, ana o‘shalar haqida qisqa muddatli murabbiy deyish mumkin. Sen bir klubda 20 yil turishing mumkin, lekin ketganingdan keyin jamoa pastga sho‘ng‘ishga mahkum bo‘lsa...»

Qiziq. U yildan-yilga jamoasi pasayib borayotgan Arsen Vengerni nazarda tutyaptimi? Yoki ajoyib 26 yildan keyin omadsizliklar girdobida qolgan «MYu»ning sobiq bosh murabbiyi Aleks Fergyuson haqidami? Fergyuson haqida emasdir, axir Mourino Manchesterda yo‘liqqan muammolar asosan Fergyuson davridan keyingi qarorlar bilan bog‘liq emas ko‘proq.  

Mourinoning «Manchester Yunayted»dagi ilk mavsumi u qadar yorqin kechmadi. Ular Liga Kubogi va Yevropa ligasini yutishdi, ammo ligada atigi oltinchi o‘rinni olishdi, 38 o‘yinda atigi 54 gol urildi. Yangi mavsum anchagina ishonchliroq va kuchliroq boshlandi – uch o‘yinda uch g‘alaba, o‘n gol urilgan va birorta ham o‘tkazib yuborilmagan. Nemanya Matich jamoaga muvozanat olib keldi, shu bilan birga Pogbaning «ochilishi»ga imkon berdi. Romelu Lukaku kelishi hamono o‘z ishini bajarishni boshladi. Boshqa futbolchilar ham murabbiyning qat'iy talablariga mos ravishda to‘p surmoqdalar. Allaqachon Mourinoning klub bilan yangi, uzoqroq muddatga shartnoma tuzishi haqida gaplar ko‘paya boshladi.

«Men bu haqida o‘ylab ko‘rmadim» – deydi u.

«Men bor kuchim bilan ishlashim uchun yangi shartnomaga muhtoj emasman. Men shartnoma muddati yakuniga yetayotganda yangi muzokaralarni boshlashning yomon tomonlarini ko‘rmayapman. Ana o‘shanda men ham, klub ham muzokaralarda ancha erkinroq bo‘lamiz.

«Ilgari men doim turli joylarda ishlashni istardim. 2004 yilda «Chelsi»ga kelganimda, u yerda yana 20 yil qolishim haqida, umuman o‘ylab ham ko‘rmaganman. Hech qachon. Italiyaga ishlayotganimda ham kallamning bir chekkasida Ispaniyaga borib ishlash orzusi turardi. Agar o‘shanda kimdir mendan Fransiya yoki Germaniyada ishlash istagim bor yoki yo‘qligi haqida so‘raganda, albatta, bo‘lishi mumkin, deb javob bergan bo‘lardim.

Ammo hozir faoliyatimda boshqa palla keldi. Menga doim Italiya yoki Ispaniyada ishlash yoqqan, ammo ayni paytda Angliya – butunlay boshqa narsa, men bu yerda uzoq yillar qolmoqchiman».

Men hozir faoliyatimdagi eng qiyin va eng qiziq loyiha ustidaman. Ayni pallada «Manchester Yunayted» – buyuk klub, biz uni, avval David Moyyes, keyin Lui van Gaal, keyin men, Aleks Fergyusondan keyingi yangi davrga tayyorlash bilan shug‘ullanmoqdamiz. Cho‘qqiga qaytish har qanday klub uchun juda qiyin jarayon, shu bilan birgalikda, ayni shu vazifa menga zavq bermoqda».

U «Manchester Yunayted»ning transfer bozoridagi ishlaridan mamnun. Albatta, Garet Beyl yoki Ivan Perishichdan birini o‘z tarkibiga qo‘shib olish yomon bo‘lmasdi, ammo Angliyadagi bir qator hamkasblaridan farqli ravishda, Mourino bugungi holat bilan ham maqtansa arziydi.

«Menimcha, biz juda aqlli transfer siyosati olib bordik» – dedi Mourino, - «Biz transfer bozorini o‘zgartirib yuboradigan biror voqea sodir bo‘lishini sezgandek edik. Odatda, transfer darichasi yakuniga yetib borayotganda, narxlar pasayadi. Ammo bu safar, Neymarning transferidan so‘ng, hammasi o‘zgarib ketdi – yomon tomonga o‘zgardi. O‘ylaymanki, Lukakuning narxi 31 avgust holatiga 150 million bo‘lardi. Matich 60, balki hatto 70 million bo‘lardi. Neymar hammasini o‘zgartirib yubordi. Agar hali ham Pol Pogba dunyoning eng qimmat o‘yinchisi bo‘lib turganida, Koutinoni 101 millionga «Barselona»ga sotishardi».

«Odamlar 200 millionlik transferlarning guvohi bo‘lmoqdalar. Endi 20 million turgan futbolchilar 40 million, 40 millionliklar 60 millionga aylandilar. Lukaku va Matichni ertaroq sotib olmaganimizda, ular bizga 200 millionga tushgan bo‘lardi. Bizning ertaroq harakat qilganimiz moliyaviy tomondan ham, mavsumga tayyorgarlik nuqtai nazaridan ham foydali bo‘ldi. Men mavsum boshlanishidan ancha ilgariroq, kerakli futbolchilarga ega bo‘ldim. Bu eng muhimi emas, ammo o‘ziga yarasha ta'siri bor».

O‘tgan mavsumda ham «Manchester Yunayted» mana shunday kuchli boshlagandi. Keyinchalik, sovrin uchun imkoniyatlar haqida gapirilmay qo‘yildi. Lekin bu safargi «MYu» ancha salobatli va kuchli ko‘rinmoqda. Bu yilgi jamoa Mourinoning o‘ziga xos jamoalariga ko‘proq o‘xshab bormoqda. Shuningdek, avvalgi «Yunayted»ga ham o‘xshab borayotganini ta'kidlash o‘rinli. Bu juda muhim, zero muxlislar jamoadan nafaqat sovrinlar, balki hujumkor va chiroyli futbol kutadilar. Bilamizki, Mourino ko‘pincha, aynan chiroyli futbolning kushandasi sifatida ta'riflanadi.

Mourino Manchesterda natijadan tashqari, o‘sha an'analarga sodiq qolish ham kerakligini yaxshi biladi. Yevropa Ligasi finalida «Ayaks» ustidan qozonilgan g‘alaba (2:0) dan keyin unga bu haqida eslatishgan ham. Chunki o‘sha o‘yinda «Manchester Yunayted» ancha ehtiyotkor va himoyaviy o‘yinni tanlagandi. Mourino o‘shanda «futbolda go‘zallikka oshufta shoirlar juda ko‘pligini, ammo shoirlar hech narsani yutmasligini» aytgandi.

O‘z an'analari va hujumkorligi bilan dong taratgan «Manchester Yunayted»da nahotki, mana shunday o‘yinlarga e'tiroz bildirilmagan?

«Men uchun hammasi birgalikda bo‘lishi kerak. Ham chiroyli o‘ynab, ham g‘alaba qozonish uchun jamoa mukammal bo‘lishi lozim. Ammo qachonki, siz hali bu komillikdan uzoq ekansiz, maydonga chiqib, «mening o‘yin uslubim chiroyli» deb, ammo yutqazib qo‘yishdan foyda yo‘q. G‘alaba qozonish uchun qat'iyat bilan oldinga borish, ayni paytda mavjud bo‘lgan qobiliyatlarning borini ishga sola olish muhimroqdir. Men ham chiroyli o‘ynab, ham g‘alaba qozonadigan jamoa qurishga intilmaymanmi? Intilaman».

«Agar siz bu yilgi «Manchester Yunayted»ning o‘tgan yilgisi bilan solishtirsangiz, sifat borasida ancha o‘zgarganimizni, o‘zimiz istayotgan mukammal o‘yinga yaqinlasha boshlaganimizni ko‘rishingiz mumkin. O‘tgan yili ko‘p o‘yinlarda buning uddasidan chiqa olmadik. Agar o‘yiningiz chiqmayotgan bo‘lsa, albatta, o‘z kuchli tomonlaringizga urg‘u bergan holda harakat qilasiz. Shu o‘yl bilan g‘alaba qozonish mumkin.

«O‘sha finalda «Ayaks» bizning ba'zi kuchli tomonlarimizga ega emas edi va biz ataylab o‘sha yo‘nalishga urg‘u berdik. Bu pragmatizm. Agar bir murabbiy «biz g‘alaba qozonamiz, ham chiroyli o‘yin ko‘rsatamiz» desa – okey, men bundan faqat xursand bo‘laman. Atrofimizda bu gapni aytadiganlar ko‘p, lekin...  ular yuta olmayaptilar. Bu holatni esa, tushunmayman. Quruq gaplar».

Bu bilan Pep Gvardiola, Yurgen Klopp yoki Pochetinnoga tekkizyapsizmi? O‘tgan yili hamma ularning ajoyib o‘yinlari uchun maqtadi, lekin ular mavsumni quruq qo‘l bilan yakunladilar...

«Men xolis va samimiy bo‘lib aytay: So‘nggi 3 yilda 3 jamoa Angliyada chempion bo‘ldi. Mourinoning «Chelsi»si, «Lester» Klaudio Raneri bilan va Antonio Kontening «Chelsi»si. Xo‘sh, bularning qaysi biri hujumkorroq o‘yin ko‘rsatgandi? Qaysi birining o‘yin saviyasi yuqoriroq edi? Albatta, mening jamoamniki. Ammo bu haqida hech kim gapirmaydi».

Bu sizga yoqmayaptimi?

«Yo‘q, bu haqida o‘ylamayman. Men uchun asosiysi jamoamning muxlislari vafutbolchilarimning qanday o‘ylashi. Qolgani unchalik ahamiyatga ega emas».

Ushbu mavsumda raqobat yanada oshgandek. Chempionlik uchun jiddiy kurash olib bormoqchimisiz?

«Biz juda yaxshi klublar bilan raqobat olib borishimizga to‘g‘ri keladi. Ammo biz maqsadimizga yetishga urinamiz. Men uch transfer darichasida klubni Angliya futbolining cho‘qqisiga olib chiqishimni va Yevropada ham muvaffaqiyat qozonishga tayyor bo‘lishimizni aytgandim. Hali ham, uchinchi transfer darichasiga muhtoj ekanimizni aytishim mumkin. Ammo men shunchaki kutib o‘tirmayman. Yuqorida aytganimdek, vaqtni oldinga surishga harakat qilaman. Menga ov qilish yoqadi, kutish emas».

Ko‘proq yangiliklar: