Isroil 5-avloddagi qiruvchi samolyotdan yana 17 dona sotib oladi

Jahon 22:33 / 28.08.2017 7589

Isroil mudofaa vazirligi 5-avloddagi F-35 Lightning II qiruvchi-bombardimonchi samolyotidan yana 17 dona sotib olish bo‘yicha kelishuv tuzish jarayonini yakunlamoqda. Isroilga bu samolyotlar mahalliy qo‘mondonlik talabiga moslashtirilgan F-35 Adir versiyasida yetkazilib berilmoqda. Bu samolyotlar 2024 yil oxirigacha yetkazib berilishi kutilmoqda. Bu haqda Jerusalem Post nashri xabar berdi.  

Ayni vaqtda Isroil ushbu samolyotdan 5 dona olib bo‘lgan. Yana ikkita samolyot keyingi haftada, yana bir jufti esa noyabrda yetkaziladi. Qo‘mondonlik 5-avloddagi samolyotlar eskadrilyasini qo‘llay boshlashini 2017 yil 7 dekabrigacha e'lon qiladi.

Isroil mudofaa vaziri Avigdor Liberman ushbu kelishuv Isroil va AQSh munosabatlari chuqur va kuchli ekanining yana bir isboti bo‘lishini aytgan. Isroilning ma'lum qilishicha, u samolyotning narxini 100 mln dollardan kamroqqa tushira olgan.

Samolyotlar AQSh va Isroil o‘rtasidagi harbiy yordam kelishuvi doirasida sotib olinmoqda. Isroil 1-kelishuvda F-35’dan 19 donasini 125 mln dollardan sotib olgan. 14 ta samolyotga tuzilgan 2-kelishuvda samolyotlar narxi 112 mln dollarga tushirilgandi. Yetkazib berilajak 17 ta samolyotning bir donasi esa Isroilga 80 mln dollardan tushishi kutilmoqda. 

AQSh prezidenti Donald Tramp F-35 samolyoti haqida tanqidiy fikr bildirgandan keyin u 2016 yil oxirida ancha arzonlashib ketgandi.

Ko‘proq yangiliklar: