«Viloyatlik shaxslarga o‘xshash». IIBB rasmiy saytidagi mahalliychilik ijtimoiy tarmoqda norozilik keltirib chiqardi

O‘zbekiston 12:10 / 25.08.2017 31206

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi rasmiy saytida qidiruvdagi shaxslar haqida xabar berildi. Unda Toshkent shahri aholisi o‘g‘rilik va firibgarlik jinoyatlaridan ogohlantirilgan va begona shaxslarni xonadonga umuman qo‘ymaslik, turli nayrang, aldovlarga ishonmaslik so‘ralgan.

Xabarga suv ichib olish, yirik kupyuradagi pullarni maydasiga almashtirib olish, hojatini chiqarib olish yoki telefon orqali qo‘ng‘iroq qilib olish bahonasida uylarga kirib turli jinoyatlarni sodir etishda gumon qilinayotgan, voqea joyi yaqinida joylashgan videokuzatuv kamerasiga tushgan shaxslar suratlari keltirilgan.

Gumondorlardan biriga tarif berishda «viloyatlik shaxslarga o‘xshash» atamasi qo‘llangan.

«Yoshi 35-40larda, bo‘yi 170-175 sm bo‘lgan, sochlari qora, siyrak, old taraf sochi to‘kilgan, o‘rta gavdali, kiyinishidan viloyatlik shaxslarga o‘xshash, o‘zbek va rus tillarida yaxshi so‘zlasha oladi», deyilgan e'londa.

Bu xabar darhol ijtimoiy tarmoq foydlanuvchilari noroziligini keltirib chiqardi. Feysbukda va tvitterda IIBBning rasmiy saytida O‘zbekiston fuqarolarini toifalarga, shaharlik va viloyatlikka ajratilishini haqoratlanish sifatida qabul qilib, bunga izoh so‘rashmoqda.

«Viloyatlik shaxslarga o‘xshash» iborasini qo‘llash orqali mahalliychilikka yo‘l qo‘ygan xodimga tegishli jazo ko‘rilishi va rasman uzr so‘ralishi talab qilinmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: