Microsoft sudda Windows'ni majburiy yangilamaslikka va'da berdi

Fan-texnika 15:11 / 25.08.2017 3255

Microsoft korporatsiyasi Windows 10'ning yangilanishi silliq kechmaganiga iqror bo‘ldi.  Gap operatsion tizimning muvaffaqiyatsiz chiqqanida emas - aksincha, ko‘pchilik uni Windows 8 va 8.1'dan yaxshiroq deb hisoblamoqda. Biroq kompaniyaning mijozlarni tizimni yangilashga chorlash usuli aksariyat foydalanuvchilarga ma'qul kelmadi. Shu munosabat bilan kompaniya foydalanuvchilarga bundan buyon hech qachon tizimni yangilashga "majbur qilmaslik"ka va'da berdi, ta'kidlash joizki, ushbu va'da sud zalida berildi. Hi-Tech shu haqida xabar berdi. 

Agar siz Windows 10'ning yangilanish taktikasi bilan tanish bo‘lmasangiz, jarayon haqida so‘z yuritamiz:  Windows 10 paydo bo‘lganidan so‘ng Windows foydalanuvchilari ularning kompyuterlari avtomatik ravishda katta hajmdagi Windows 10'ning yangilanish faylini yuklay boshlaganini sezishgan. Shunisi qiziqki, buning uchun foydalanuvchining ruxsati ham so‘ralmagan. Yangilanishga doir tushunarsiz va hatto chalg‘ituvchi ogohlantirishlar muammoni yanada chuqurlashtirib yuborgan. 

Nihoyat, Microsoft o‘zining yangilanish strategiyasida "haddan tashqari chuqurlashib ketgani"ni tan olib, atrofdagilarni bu voqea unga saboq bo‘lganiga ishontirdi. Microsoft Germany esa mahalliy Iste'molchilar huquqini himoya qilish jamiyatining da'vosiga javoban boshqa hech qachon operatsion tizimni yangilash uchun fayllarni avtomatik ravishda yuklamaslikka va'da berdi. Bu bayonotni "iste'molchilar huquqi uchun kurash yo‘lidagi katta muvaffaqiyat" deb hisoblash mumkin.

Ko‘proq yangiliklar: