Vazirlik tuman mudirasi Nafisa Nishonova ishdan olingani haqidagi xabarni rad etdi

O‘zbekiston 21:30 / 23.08.2017 13987

Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani xalq ta'limi bo‘limi mudiri Nafisa Nishonova ishdan ketgani haqida xabarlar asossizligini ma'lum qildi.

«So‘nggi paytlarda ayrim internet nashrlarda tasdiqlanmagan ma'lumotlar nashr etilmoqda. Jumladan, Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani mudirasi Nafisa Nishonovaning vazifasidan ozod etilgani haqidagi xabar ham haqiqatdan yiroq bo‘lgan axborotdir. 

Ma'lumki, tuman (shahar) xalq ta'limi mudirlari Xalq ta'limi vaziri nomenklaturasiga kiruvchi lavozim hisoblandi, ularni ishga qabul qilish va ishdan ozod etish bevosita Xalq ta'limi vazirining buyrug‘i bilan amalga oshiriladi», deyilgan Xalq ta'limi vazirligi axborot xizmati raddiyasida.

Vazirlik sohaga oid muhim voqealar va so‘ngi yangiliklarini vazirlikning rasmiy veb-sayti orqali kuzatib borish mumkinligini qo‘shimcha qilgan.

Bugun Kun.uz sayti Farg‘onada o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilgan xalq ta'limi mudirasi ishdan olingani haqida xabar bergandi. Shuningdek, Sof.uz o‘qituvchilarni vazifasiga kirmagan boshqa ishga majburlagan mudira Nishonova ishdan olingani, uning o‘rniga sobiq mudira M. Botirova tayinlangani haqida xabar berdi. Bu xabarlar tasdiqlanmadi.

Eslatib o‘tamiz, Nafisa Nishonovaning 19 iyul kuni maktab direktorlari ishtirokidagi yig‘ilishda yozib olingan so‘zlari internetda shov-shuv keltirib chiqargandi. Audioyozuvda maktab o‘qituvchilari va maktabgacha ta'lim muassasalari xodimlari majburiy mehnatga qay tariqa majburlanayotgani aks etgandi.

Kun.uz saytida tegishli idoralar e'tiborini bu vaziyatga tortish maqsadida «O‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilishi fakt. Barcha sukut saqlamoqda» sarlavhasi ostida maqola nashr etildi.

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi Bosh prokurordan Samarqand shahri hokimi va farg‘onalik mudiraga jiddiy chora ko‘rishni talab qilgandi.

Ko‘proq yangiliklar: