«Rahbarlarimiz ishonchini oqlab ishlashda davom etaman». Farg‘onalik mudira barchasini rad etdi

O‘zbekiston 22:45 / 23.08.2017 23108

O‘tgan oyda Farg‘ona viloyati, O‘zbekiston tumani xalq ta'limi mudirasi Nafisa Nishonova yig‘ilish vaqtida qo‘l ostidagi xodimlariga dalaga chiqishni buyurgani yozib olingan audioyozuv tarqalgan, bu orqali O‘zbekistonda o‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilishi oshkor bo‘lgandi. Bu voqeadan keyin tuman mudiri darhol ishdan olinishi kutilgan, lekin u shu vaqtga qadar lavozimida ishlashda davom etgandi.

Bugun, 23 avgust kuni O‘zbekiston tumanidagi manba mudir ishdan ketgani haqida ma'lumot berdi. «Kun.uz» vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Nafisa Nishonova bilan telefon orqali bog‘landi. 

«Yoshim 49da. Ta'lim sohasida 30 yillik stajga egaman. Rus tili va adabiyoti o‘qituvchisiman, filologman.

Shu tumanda tug‘ildim, ziyoli oila farzandiman. Shu tuman meni fidoyi qilib tarbiyaladi. Har bir topshiriqni mas'uliyat bilan bajaraman. 

Rahbar odam hammaga ham yoqmaskan. Bugungi kun siyosatini, O‘zbekistonimizning yutuqlarini ko‘ra olmaydigan g‘alamislardan qo‘rqmayman. Qancha nasib qilsa, shuncha vaqt shu vazifada rahbarlarimiz ishonchini oqlab ishlashda davom etaman. G‘alamislar qancha harakat qilmasin, maqsadlariga yetisha olmaydi. Mening maqsadim bitta - xalqqa xizmat qilish.

Bugun rahbarlarim tushunishgani uchun bor kuchimni ishga solib ishlayman», degan Nishonova.

Bugun ishdan bo‘shatilgani va o‘rniga boshqa rahbar tayinlangani haqida xabarlar berilgan Nishonova o‘zining bo‘shatilgani haqidagi buyruqni ko‘rmagani, 24 avgust kuni viloyat miqyosidagi konferensiyada ishtirok etishga tayyorlanayotganini ma'lum qildi.

«Kun.uz» muxbiri undan o‘tgan oyda uning o‘qituvchilarni mehnatga jalb etishi aks etgan, internetda tarqalgan audioyozuvga munosabatini so‘radi.

«Respublika Mehnat vazirligidan kelib o‘rganishdi. Tushuntirish xati yozib berdim.

Hamma o‘z tashabbusi bilan dalaga chiqayotgani, hech kim hech kimni majburlamayotgani, huquqlarimiz bilan birga burchlarimizni bilishimiz, bugun shu yurtda nafas olayotganimiz uchun uning obodligi uchun o‘z hissamizni beminnat qo‘shayotganimiz to‘g‘risida yozib berganman», deydi u.

Undan «burchlar» deya nimani nazarda tutgani, obodonlashtirish ishlariga yoki paxta terimiga chiqish ham «burch» hisoblanadimi, deya so‘ralganda, javob aniq bo‘lmadi.

«O‘z xohishlari bilan. Moddiy manfaatdorligi bo‘lganlar qo‘shimcha ishga chiqishi mumkin», dedi u.

Undan pulga muhtojligi bo‘lmasdan, bo‘sh vaqtida uyida o‘z ustida ishlashni istagan o‘qituvchilarga qanday munosabatda bo‘linishi, ularga ishdan haydalish xavf solishi yoki xavf solmasligi haqida so‘raldi. 

«Hech kim haydamaydi. Hech kimning vakolati yo‘q bunga. Yo‘q, bunday bo‘lishi mumkin emas. Bizning o‘z vazifalarimiz bor, biz ta'lim xodimlarimiz. Asosiy ishimiz ta'lim va tarbiya berishdir.

Bizda umuman obodonlashtirish ishlariga chiqish yo‘q. Bizda bunday bo‘lgani yo‘q. Umuman. Hammasi yolg‘on», deya ta'kidladi mudira.

U suhbat yakunida xalq va yurt farovonligi uchun javlon urib ishlashda davom etishini mamnuniyat bilan qo‘shimcha qildi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Nafisa Nishonovaning maktab direktorlari ishtirokidagi yig‘ilishda yozib olingan so‘zlari internetda shov-shuv keltirib chiqargandi. Audioyozuvda maktab o‘qituvchilari va maktabgacha ta'lim muassasalari xodimlari majburiy mehnatga qay tariqa majburlanayotgani aks etgandi.

Kun.uz saytida tegishli idoralar e'tiborini bu vaziyatga tortish maqsadida «O‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilishi fakt. Barcha sukut saqlamoqda» sarlavhasi ostida maqola nashr etildi.

O‘qituvchilar majburiy mehnatga jalb etilishi fakt. Barcha sukut saqlamoqda

Sayt vakillari Farg‘ona viloyati hokimi Shuhrat G‘aniyev bilan suhbat vaqtida unga bu mojaroni eslatdi, hokim mudiraga chora ko‘rilishi haqida aytgandi.

Bugun saytda Nishonova ishdan olingani haqida xabar berildi, ammo kunning ikkinchi yarmida Xalq ta'limi vazirligi bu xabarni inkor qildi.

Ko‘proq yangiliklar: