Ekspert: Xitoy sanksiyalari KXDRga zarba bo‘lib tushadi, biroq uning yadro dasturini to‘xtata olmaydi

Jahon 10:46 / 22.08.2017 5844

Xitoy tomonidan BMT Xavfsizlik Kengashining so‘nggi rezolyutsiyasiga muvofiq. Shimoliy Koreyaga nisbatan kiritilgan yangi cheklov choralari Pxenyanga qimmatga tushadi, biroq uning yadro dasturini rivojlantirish bo‘yicha ambitsiyalarini to‘xtatmaydi, deb yozmoqda South China Morning Post.

Xitoy 5 sentabrdan boshlab KXDRdan BMT Xavfsizlik Kengashining 2371-sonli rezolyutsiyasi doirasidagi cheklov choralariga tushgan qator mahsulotlarni qabul qilib olishni to‘xtatadi. Shimoliy Koreyadan ko‘mir, temir, temir rudasi, qo‘rg‘oshin, qo‘rg‘oshin rudasi va dengiz mahsulotlari importiga taqiq rasman 15 avgustdan kuch kirdi.

Nashr keltirgan statistikaga ko‘ra, Shimoliy Koreya o‘tgan yili Xitoyga umumiy qiymati 1,5 mlrd dollar bo‘lgan ko‘mir, temir rudasi va dengiz mahsulotlarini olib kirgan. 2017 yilning birinchi yarmida Pxenyan ushbu mahsulotlarning Xitoyga eksporti orqali 439 mln dollardan ko‘proq mablag‘ ishlab oldi.

Nashrga o‘z fikrini bildirgan ekspertlarning ta'kidlashicha, yangi cheklovlar KXDR harbiy texnologiyalari va yadroviy dasturini rivojlantirishning moliyaviy imkoniyatlariga salbiy ta'sir ko‘rsatsa-da, butunlay to‘xtata olmaydi. 

"Sanktsiyalar Pxenyanning ko‘proq pul ishlab olish imkoniyatiga salbiy ta'sir o‘tkazadi, sababi endilikda Xitoy tomonidan o‘rnatilgan taqiqqa dengiz mahsulotlari kabi nostrategik tovarlar ham kirdi", - deya hisoblaydi Fudan universitetining Koreya yarim oroli bo‘yicha eksperti Tsay Tszyan.

Shu bilan birga, uning ta'kidlashicha, “Kim Chen Inning asosiy milliy manfaatlari – milliy xavfsizlik va rejimning barqarorligidir. U bularni Shimoliy Koreya eksporti tashqi kuchlar ta'siridan qanchalik jabr ko‘rmasin, baribir tahdidga qo‘ymaydi”.

Tszilin universitetidan bo‘lgan ekspert Sun Sintszening ta'kidlashicha, eksport orqali olingan mablag‘larning katta qismi KXDR harbiy ehtiyojlari va mamlakatdagi nufuzli oilalar cho‘ntagiga ketadi.

"KXDR yetakchisi Xitoyning cheklov choralaridan so‘ng bosimni his etadi... Ehtimol, u xalqaro hamjamiyatdan kelayotgan xatarni ham sezadi, biroq bu uni faqatgina yadro dasturini yanada rivojlantirishga undaydi, sababi bu rejimni saqlab qolishni ta'minlash bo‘yicha undagi yagona vosita", - deya ma'lum qildi xitoylik ekspert.

BMT Xavfsizlik Kengashi 5 avgust kuni KXDRga qarshi sanksiyalarni kuchaytiruvchi rezolyutsiyani bir ovozdan qabul qildi. Rezolyutsiya KXDRdan temir, temir rudasi, qo‘rg‘oshin, ko‘mir va dengiz mahsulotlari importiga taqiqni ham nazarda tutadi. Shuningdek, KXDR Tashqi savdo banki hisoblari muzlatiladi, BMT rezolyutsiyasini buzgan Shimoliy Koreya dengiz kemalariga esa barcha davlatlarning portlariga kirish man etiladi. Pxenyanning raketa hamda yadro dasturlari bilan bog‘liq bo‘lgan shaxslarga qarshi yangi sanksiyalar ko‘zda tutilgan.

Ko‘proq yangiliklar: