O‘zbekiston qachongacha rivojlanayotgan davlatlar qatorida qoladi?

O‘zbekiston 16:20 / 21.08.2017 74370

1. Rangli tush.
Men rangli tushlarimda O‘zbekistonni BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a'zosi sifatida ko‘raman. Go‘yoki AQSh, Fransiya yoxud Germaniyaga nisbatan inson huquqlarini poymol etgani uchun sanksiya e'lon qilishini, yoki gegemon davlatlar yoqlab ovoz berayotgan BMT qaroriga veto huquqidan foydalanib qarorni to‘xtatib qo‘yish kuchiga ega gegemonlikka da'vogar davlatlar qatorida bo‘lishini orzu qilaman. 

2. Balzak haqiqati.
Balzakning bir haqiqati bor: “Erkak qobiliyati xuddi ayoldagi chiroy kabi – bor yo‘g‘i va'da xolos”. Biz haqiqatda qobiliyatli millatmiz. Ma'naviyatimiz ham boy, ma'rifatimiz ham yuksak, o‘tmishimiz ham shonli, kelajakdan umidimiz ham katta. Ammo hanuz rivojlanayotgan mamlakatlar qatoridamiz. Nega? Chunki, qobiliyatni ro‘yobga chiqarish uchun qobiliyatga yarasha yurak va iroda kerak. 

3. Muammoni tushunish.
Mamlakatni yuksaltirish – eng avvalo muammolarni tushunishdan boshlanadi. O‘zbekistonda bugun muammo juda ham ko‘p. Hal etilayotgan, hal etilishi lozim bo‘lgan va hal etilmayotganlari ham bor. Shukrki bugun biz muammolar borligini tan olishni o‘rgandik. Ular haqida gapirishni boshladik. Ana shuning o‘zi millat uchun juda katta qadam bo‘ldi. Ammo, bu hali birinchi qadam. O‘z gunohini ich-ichidan tan olgan banda Yaratganning nazdida bir pog‘ona darajasi ko‘tarilganidek, muammolari borligini tan olgan jamiyat ham yuksalishda bir daraja ilgarilagan bo‘ladi. 

4. Vaziyat og‘ir. Juda ham og‘ir.
Prezident Mirziyoyev bir necha bor ma'lum masalalarda safarbarlik e'lon qildi. O‘ta tahlikali va murakkab vaziyatda ekanligimizni ta'kidladi. Ko‘pchilik negadir faqat O‘zbekistonimizda ahvol shunaqa og‘ir ekan, deya tushundi. Aslida so‘z dunyo hamjamiyatidagi ahvol xususida ketgan edi. Albatta, bu hamjamiyatning bir bo‘lagi bo‘lgan O‘zbekiston ham umum holatdan tashqarida emas. Bugun dunyo hamjamiyatida juda ham og‘ir vaziyat hukm surmoqda. Vaziyatning og‘irligi esa siyosiy munosabatlarda asl siyosiy maqsadlarning hamisha ham oshkora ma'lum bo‘lmasligida. Kichik bir misol keltiraman. Dunyo siyosiy maydonida Qatarga nisbatan birato‘la, bir kunda yettita Arab davlati ultimatum e'lon qilgan holatni olaylik. Ultimatum vajlari, sabablari keltirildi. Ular orasida terrorni qo‘llash, islomiy ahkomlarga zid harakat ayblovlari qatori turli siyosiy diplomatik ayblovlar ham bor. Dunyo aholisiga bular sabab qilib ko‘rsatildi. Hamma narsa ochiq-oydin aytildi go‘yoki. Aslidachi? O‘quvchining yodida bo‘lsa, bu voqealar “dunyoning eng kuchli davlati” – dunyo mamlakatlariga demokratiyani eksport qilishga odatlangan davlat prezidentining Saudiya Arabistoniga tashrifidan ko‘p o‘tmay sodir bo‘ldi. Bu tashrifdan so‘ng, kutilmaganda, avval shohning valiahdi “almashdi”. Valiahd etib, o‘sha kuchli davlatga ko‘proq moyil bo‘lgan, mudofaa vaziri bo‘lgan paytda Eronga urush ochish kerakligini ta'kidlab yurgan shahzoda tayinlandi. Saud oilasining boshqa shahzodasi esa navqiron yoshida yurak xurujidan vafot etdi. Eski valiahd esa uy qamog‘iga mahkum etildi. So‘ngra, bir kunda Qatar davlatiga ultimatum qo‘yildi. Chetdan kuzatgan dunyo aholisi, bir arab davlatiga boshqa arab davlatlari “siyosiy vajlar” sabab ultimatum qo‘ygan deb bildi. Shunday bildirildi. Ammo asl haqiqat yashirildi. Haqiqatki tushuniksiz ultimatum voqeasining mohiyatini ochib beruvchi: bu voqealar boshlang‘ich nuqtasida prezidenti Saudiyaga kelgan buyuk davlatning tashqi qarzi 15 trillion dollardan oshgani va Qatarning esa 10 trillion dollardan ortiqroq puli bor ekani. Ziyrak o‘quvchimiz uchun ortiqcha izohga hojat yo‘q deb o‘ylayman.

Bu kichik bir misol edi xolos. Aslida, jahonda kechayotgan tendensiyalar juda katta muammolarning mavjudligidan darak beradi. Buni ongli har bir inson tushunib, his qilib turibdi. Dunyo bo‘ylab ilm-fan, sanoat, qishloq xo‘jaligi, armiya va savodlilik masalalari tanazzulga uchramoqda. Dunyoda tug‘ilish, axloq, ta'lim ko‘rsatkichlari tushib ketmoqda. Bolalar o‘limi, fohishabozlik, narkomaniya o‘sib bormoqda. Buning sabablari haqida o‘ylagan inson dunyoda uchinchi jahon urushi hidi anqiyotganini sezadi ich-ichidan. Chunki, bugungi dunyo urushning noan'anaviy usuli bilan yuzlashdi. Qaysidir Davlatlar yoki Kuchlar g‘olib bo‘layaptiyu, INSONIYaT MAG‘LUB BO‘LMOQDA. Hozirgi holat istasakda, istamasakda Ikkinchi Jahon urushi oldidan vujudga kelgan vaziyatga juda o‘xshaydi. O‘shanda Vermaxtning faolligi kuzatilgan bo‘lsa, bugun agressiv informatsion qo‘shinlarning faolligi kuchaymoqda. Bugun mazlum va zolim kimligini haqiqat emas, OAV va ijtimoiy tarmoq imkoniyatlaridan kim ko‘proq hamda unumliroq foydalanyotganligi belgilamoqda. 

Navbatdagi proyekt: Markaziy Osiyo...
Maqolamiz tahliliy ruhda bo‘lsa ham, biz bu yerda mamlakatlar nomlarini keltirmaymiz. Chunki gap kim yoki qaysi mamlakat haqida ketayotganini ziyoli o‘quvchi shundoq ham biladi.

Ma'lumki, gegemonlikka da'vogar mamlakatlar vositasida dunyoni parda ortidan boshqarishga intilayotgan kuchlarning Yaqin Sharq proyekti nihoyasiga yetdi. Arab bahori bilan boshlangan bu proyekt so‘nggida Yaqin Sharq tamoman vayron bo‘ldi. Davlatlar vayronaga aylantirildi, millionlar Vatansiz qoldi. Asl maqsadga ham erishildi... Xo‘sh bo‘ldi tamommi? Shu bilan geosiyosiy o‘yinlar tugadimi? Aslo yo‘q! Shaytoni lain qiyomatga qadar insonni yo‘ldan urushdan to‘xtata olmagani kabi, Haq va Botil urushi abadiy davom etgani kabi, eng kuchli bo‘lish da'vogarlari ham to‘xtamaydilar. 

Endigi navbat Markaziy Osiyoga. Nega?

Birinchidan, dunyodagi eng kuchli uch gegemon davlatlar manfaatlari kesishadigan nuqta Markaziy Osiyo. Ikkinchidan, muqobil energetika va biotexnologiya rivojlanib borgani sayin, neft va gazning energetik siyosatdagi qiymati, ahamiyati asta sekin ozaymoqda. Oltin, uran va toriumning qiymati va ahamiyati oshmoqda. Hozircha torium faqat Turkiya tuproqlarida ko‘pligi ma'lum bo‘lsada, oltin va uranga boy tuproqlar Markaziy Osiyoda. Uchinchidan, Iroq - kimyoviy qurolni yo‘q qilish bahonasida, Liviya - diktatorlikni yo‘q qilish bahonasida, Suriya - terrorizmni moliyaviy qo‘llash ayblovi va “mazlum musulmon shia”larni “zulmdan ozod etish” bahonasida xonavayron qilindi. Ya'ni har bir vayrongarchilik qaysidir “ezgu” maqsad yo‘lida amalga oshirilib kelinmoqda. Yuqorida misol keltirganimiz kabi asl sabablar esa boshqa.Markaziy Osiyo mintaqasida esa bunday “ezgulik”ni amalga oshirishga zamin va bahona tayyor – Afg‘oniston.

Navbat aynan Markaziy Osiyo proyektiga kelganining isbotlarini sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydi. Maqsadimiz bu haqiqatni qayta isbot qilish emas. Maqsadimiz dunyo siyosiy sahnasidagi vujudga kelgan bunday tahlikali holatda milliy davlatchilikni saqlab qolish barobarida, mamlakatimizda tinchlikni va iqtisodiy rivojlantirishni saqlab qolish uchun nima qilmoq kerak degan savolga javob topish. 

Qalbni asrash kerak!
O‘zbekiston Markaziy Osiyoning yuragi. Bu mintaqadagi siyosiy muvozanatni saqlashdagi asosiy tayanch nuqta O‘zbekiston. Umum e'tirof etilgan va isbot talab bo‘lmagan haqiqat bu. Markaziy Osiyo mintaqasida notinchlik istagan kuchlar (kim bo‘lishidan qat'i nazar – terroristik tashkilotlarmi, ularni vujudga keltirgan turli davlatlar maxsus xizmatlarimi yoki parda ortidagi kuchlarmi, farqi yo‘q) eng avvalo bizning mamlakatda notinchlik keltirib chiqarishga harakat qiladi. Chunki, O‘zbekiston Markaziy Osiyodagi eng kuchli iqtisodga ega bo‘lmagan davlat bo‘lsada (faqat hozircha!) u baribir geostrategik joylashuviga ko‘ra geosiyosatda birinchi o‘rinni egallaydi. Ayniqsa, muhim bir nuqtaga e'tibor qaratmoqchimiz: nega O‘zbekiston dunyo buzg‘unchi kuchlari, jumladan terroristik tashkilotlar uchun juda muhim ahamiyatga ega? Tabiiy boyliklar sababgina emas! Sababi Islom olamida (!) Islom dini uchun muqaddas sanalgan (!) birato‘la ikki shaharga egalik qiladigan ikkitagina mamlakat bor: biri Makka va Madina joylashgan Saudiya Arabistoni, ikkinchisi Buxoro va Samarqand joylashgan O‘zbekiston.    

Qalbni qanday asraymiz? 
Bunday tahlikali va murakkab vaziyatda mamlakatda barqarorlikni saqlash va xavfsizlikni ta'minlash uchun qilinishi kerak bo‘lgan ikkita asosiy va bir-biri bilan uzviy bog‘liq vazifa bor.

Birinchisi, rivojlangan mamlakatlar investitsiyalarini ko‘proq hajmda va qisqa muddatda O‘zbekistonga jalb etish kerak. Chunki, rivojlangan mamlakatlar o‘zlari qilgan investitsiyani himoya qilish uchun o‘sha mamlakatda barqarorlikni saqlashga o‘z hissalarini qo‘shishga majbur bo‘lishadi. 
Ikkinchisi, kuchli, yangi ichki g‘oyaviy siyosat kerak. Busiz davlatning ichki xavfsizligini ta'minlash imkonsiz.

Tanlov: G‘amsiz o‘yinchoq yoki aqlli O‘yinchi
Bekorga dunyo siyosatini shaxmat taxtasiga o‘xshatishmaydi. Bugun biz og‘ir tanlov oldida turibmiz. Millat sifatida yoki mintaqadagi eng kuchli o‘yinchi maqomini egallaymiz, yoki kimlarningdir o‘yinchog‘iga. O‘yinchoq bo‘lishdan osoni yo‘q. Iztirob chekilmaydi, harakat qilinmaydi, tushunish kerakmas, hatto o‘ylash ham kerakmas. Ammo o‘yinchi bo‘lish og‘ir: o‘ylash kerak, iztirob chekish kerak, harakat qilish kerak. Bularning barchasidan hech qachon charchamaslik kerak. Tinimsiz harakat kerak. Oddiy tilda aytsak: yoki g‘amsiz qul, ammo QUL, yoki iztirobli HUR bo‘lishni tanlashimiz kerak. Toki tanlov borakan, biz HURmiz. Agar QUL bo‘lsak bizga hech kim tanlov huquqini ham bermaydi. Fikrimizni so‘ramaydi ham.

Kelajakning chegarasi
Agar biz ongli millat sifatida tabiiyki HURlikni tanlar ekanmiz, biz bu og‘ir yo‘l ekanligini anglashimiz, oldimizdagi mashaqqatlarga avval ruhan tayyor bo‘lishimiz kerak. Biz hammamiz, oddiy inson sifatida ham, butun boshli millat sifatida ham buyuk kelajak haqida orzu qilamiz to‘g‘rimi? Ammo, hech o‘ylab ko‘rganmisiz biz qachon buyuk kelajakka qadam qo‘yamiz? Kelajakning boshlanish chegarasi qayerda? 

Biz orzu qilayotgan kelajakning boshlanish chegarasi bugun va hozir ekanligini tushunayapmizmi? Bu maqolani o‘qiyotganingiz mana shu sekundlar sayin kelajakka kirib kelayotganimizni bilayapmizmi? Ertaga kamolini ko‘rishni orzu qilganimiz farzandlarimiz bo‘lishi uchun, umidlarning ertangi ro‘yobi uchun, bugun to‘lg‘oq azobini ko‘rishimiz kerakliligini, bugundan harakat qilishimiz kerakliligini anglayapmizmi? Ko‘pchilik anglar balki. Ammo bugungi iztirobsiz ertangi buyuklikka erishib bo‘lmasligini his qilayapmizmi? Aytmoqchi bo‘lganim, buyuk kelajak orzu qilayotganimiz holda bugungi mashaqqatli mehnatga tayyormizmi? 

Buyuk kelajak buyuk millatlargagina nasib etadi. Millat sifatida buyuklik esa, Qonunlar ustuvor bo‘lgan davlatlarda vujudga keladi. Qonunlar so‘zsiz ishlagan jamiyatlarda buyuk millatlar yetishadi. Qo‘rquvlari, fobiyalari yo‘q millatgina buyuk bo‘ladi. E'tiqodli millatgina buyuk bo‘ladi. Agar biz bunga faqatgina umum millat sifatidagina emas, har birimiz alohida shaxs sifatida tayyor bo‘lsak, avvalgi maqolalarimda ta'kidlaganimdek yolg‘onlardan voz kechish bilan birga tafakkurimizni kengaytirishimiz, muammolarga yondashuvimizni o‘zgartirishimiz kerak.  

Kompasga tegmang!
Rahmatli Chingiz Aytmatov va Ikeda suhbatida bir gap aytilgan edi: “Hozirgi taraqqiyot davri - cheksiz ummon bo‘lsa, jamiyat unda suzib ketayotgan bir kema. E'tiqod omili - xuddi kompas kabi cheksiz ummonda suzib ketayotgan kemani adashishdan saqlaydi. Manziliga talofatsiz yetishini ta'minlaydi. Dunyoga nazar soling: diniy bayramida yahudiy xudoni tanisin deya bolasini sinagogga olib boradi, xristian cherkovga, buddist ibodatxonaga. Hatto mamlakatimizda ham cherkov yoki sinagogga ularning diniy bayramlarida borsangiz ota-onalar chaqalog‘igacha olib borganini ko‘rib quvnaysiz. Ozod yurtda ana shunaqa bo‘ladida! Tinch totuv va Qonun ustuvor mamlakatda hammaning diniy erkinligi ta'minlanadida! 

Ammo aholisining aksar qismi musulmon bo‘lgan mamlakatimizda nega Ramazon hayiti yoxud Qurbon hayiti namozlariga go‘dak bolangiz bilan borsangiz masjidga kirishga ruxsat berishmaydi? Nega musulmon sifatida bolam Xudoni tanisin, unga ibodat qilsin deb Hayit namoziga olib borish imkonsiz?! Men o‘z yurtimda yurtdoshim, vatandoshim - nasroniy, yahudiy yoki boshqa din vakili bo‘lgan fuqaro kabi din erkinligidan, e'tiqod erkinligidan nega bir xilda foydalana olmasligim kerak?! (maqola chiqqanining ertasigayoq menga raddiya berishga tushib ketishi aniq bo‘lgan diniy qo‘mita va diniy idora vakillaridan oldindan iltimos qilaman, men bu savollarni aynan sizdan so‘rayotganim yo‘q, diniy yoki millatlararo nizo ham chiqarmoqchi emasman, shuning uchun menga qimmatli vaqtingizni sarf qilib raddiya yozib o‘tirmanglar! Undan ko‘ra vaqtingizni oxirgi paytda feysbuk tarmog‘ida radikal diniy qarash targ‘ibotchilarining fitnalariga, “Vatanni sevmoq iymondandir” hadisini yolg‘onga chiqarib, muqaddas tuprog‘imizni dahriylar makoni deb atayotgan johillar bilan kurashga sarflang, foydaliroq va savobliroq bo‘ladi.

Jamiyatdagi prezident islohotlaridan bexabar qolayotgan fobiyachilardan ham iltimos: menga radikal islomchi tamg‘asini bosishga ham urinmanglar, chunki, birinchidan men nasroniy cherkovi va yahudiy sinagogi ruhoniylari bilan do‘stona munosabatda ekanligimni, ularni diniy bayramlari bilan tabriklashimni va ular ham musulmon diniy bayramlari bilan meni tabriklashini do‘stlarimning, yaqinlarimning hammasi biladi). Savolimdan maqsad diniy masalani emas, Qonun, Konstitutsiyaviy huquq nega bu sohada to‘liq ishlamayotganligini aniqlashtirishdir. Shaxsan men o‘quvchilar darsni tashlab namozga yugurib ketishiga qarshiman! Ilm ibodatdan afzal!

Ammo e'tiqod jamiyat kompasi ekan, u kompas bilan o‘ynamaslik kerak!
Garchi maqolaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqasi yo‘qdir, ammo, o‘rni kelgani uchun bir narsani ham aytib o‘tishimiz kerak. Bugun dunyo musulmon ummatining ahvoliga bir nazar tashlang: ulamolar avom oldida masala talashgan, musulmon musulmonni diniy qarashlari uchun bo‘g‘izlagan, bir-biri bilan tahoratda og‘iz to‘rt marta chayilsa nima bo‘ladi, mubohmi muboh emasmi masalalari, bizning diniy soha vakillarimiz ko‘p xotinlilik joizmi yo‘qmi masalalarini kun tartibiga keltirgan vaqtda, boshqa din vakillari quyoshga zont jo‘natmoqda, insonga manfaat keltiradigan texnologik yangiliklar qilmoqda, inson kasalligiga dorilar yaratishmoqda, atmosferani kirlantirmaslik muammolarini o‘rganishmoqda... Bizda esa... hajga borish uchun pora berishni gunoh bilmaydigan, kecha Samarqandda bo‘lganidek Ka'ba ziyoratiga 75 gramm opium bilan qo‘lga tushgan “hoji aka”lar paydo bo‘lmoqda. Taassuf.

Prezidentni tushuning! Unga dastak bo‘lishimiz kerak!
Men yuqorida bekorga dunyo siyosat maydonidagi holat tahlikali ekaniga misollar keltirmadim. E'tiboringizni qaratmoqchi bo‘lgan nuqtam shuki, dunyo hamjamiyatidagi shunday og‘ir bir vaziyatda ham xalqaro siyosiy maydonda siyosat yuritish, ham mamlakat ichida uning muammolarini hal qilish, umuman O‘zbekistondek geostrategik muhim nuqtada joylashgan mamlakatga rahbarlik qilish oson emas. Bugun prezidentga juda og‘ir. Qanday tahlikali bir davrda, Markaziy Osiyo yuragi sanalmish O‘zbekistonga rahbarlik qilish qanchalar og‘ir va mas'uliyatli ekanligini his qiling. Shunga qaramay prezident tinim bilmayapti. Hali u viloyatga, hali bu tumanga, hali bu davlatga, hali u davlatga tinimsiz borib kelayapti. Nega? Prezident o‘ynagani bormaydi chet elga. Viloyatlarga shunchaki aylangani chiqmaydi. Mana shu davlatni kuchli qilish uchun, millatni xavflardan asrash uchun soatlab asab charchatar muhokamalar o‘tkazadi, og‘ir qarorlar qabul qiladi. Bu so‘zdan maqsadimiz prezidentni maqtab ko‘klarga ko‘tarib maddohlik qilish emas. Balki prezident kelajak garovi ekanligini, unga ham oson emasligini, unga dastak, suyanch kerakligini anglatish! Biz prezidentimizni to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz, ishonamiz unga, uni yaxshi ko‘ramiz deb hammadan balandroq baqiradigan, og‘iz yirtadiganlarga aytmoqchi bo‘lganimiz shuki – bo‘sh idishdan baland ovoz chiqadi. Prezidentga bugun quruq maqtovchilar emas, aytilgan ishnigina qiladiganlar emas, o‘z ishini indamay bilib-bilib qiladiganlar, o‘z tashvishlaridan tashqari kechasi davlat taqdirini o‘ylab uyqusi qochib, sigaret tutatib (bu tamaki mahsuloti reklamasi yoki chekishga chaqiriq emas!) mushohada qiladiganlar, chin ma'noda iztirob chekadigan va konstruktiv yechimlar topadiganlar kerak. 

Boltani tashlang!
Bunday insonlar nega kerakligini bilasizmi? Prezident qabul qilgan qaysidir “Qarorning so‘zsiz ijrosini ta'minlash” kabi yuksak iboralar jaranglashi uchun emas, bu – salkam uch yarim ming yillik qadim davlatning boqiy turishi uchun, millatning qoni to‘kilmasligi uchun, bu yurtda tinchlik hukmronlik qilishi uchun, bu mamlakat taraqqiy etishi uchun, men kabilar orzu qilgandek BMT Xavfsizlik Kengashi turida O‘zbekiston o‘tirishi uchun kerak. 

Shu o‘rinda muhim ikki gap bor. 
Birinchisi, Xitoy yaqin tarixida chumchuqlar voqeasini bir esga olaylik. Chumchuqlardan zarar sabab ularga qarshi kurash e'lon qilingan edi. Natijada, bu masalaga aql bilan emas, bolta bilan yondalishib chumchuqlar qirib tashlangan. Natijada bir necha yil davomida Xitoy qishloq xo‘jaligi chigirtkalar ofatidan bir necha yil ketma-ket katta yo‘qotishlarga uchradi. Keyin hisob qilinganda, chumchuqlardan ko‘rilgan zarardan ko‘ra chigirtkalar yetkazgan zarar bir necha o‘n barobar ko‘pligi aniqlandi.

Ikkinchisi, rahmatli Chingiz Aytmatov va Budyonniyning ilk uchrashuvi yodga tushadi. Birinchi marotaba TsK koridorlarida duch kelib qolgan Aytmatov va Budyonniy tanishishadi. Budyonniy so‘raydi kimsan deya. Men Qirg‘iz yozuvchisi Aytmatovman deya javob beradi Chingiz og‘a. Shunda Budyonniy ha men u yerlarni yaxshi bilaman, sizlarning ko‘plaringizni qirganman deya keriladi... Bu xotiralarni Chingiz og‘a og‘ir bir iztirob bilan yozgan edi. 

Maqsadimiz kamida G-10 – eng iqtisodi rivojlangan 10talikka kirish! Buning uchun esa, salla desa kallani olib kelishdan, o‘rinsiz maqtovdan, mas'uliyatsizlikdan tiyilishimiz, eng asosiysi bir muammoni hal qilishda bolta bilan emas aql bilan ish ko‘rishni o‘rganishimiz kerak. Bizga Budyonniylar emas, Aytmatovlar kerak!

Said Abdulaziz Yusupov
Sangtarosh usta,
(samarqandlik sangtarosh usta Mo‘min Kamolov shogirdi).
P.S. Men millatimni boshqariluvchi emas boshqaruvchi, taroshlanuvchi emas taroshlovchi sifatida ko‘rishni orzu qilaman.

Kun.uz tuzatishi

*BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy beshta (AQSh, Fransiya, Rossiya, Xitoy va Buyuk Britaniya) a'zolarigina veto huquqiga ega. 

*2017 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, AQShning tashqi davlat qarzi 18,752 milliard AQSh dollarini, Qatarning oltin-valyuta zaxirasi esa 340 milliard AQSh dollarini tashkil etadi.

Ko‘proq yangiliklar: