Umumxalq hashari doirasidagi xayriya tadbirlariga 5,3 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ sarflandi

Jamiyat 16:45 / 21.08.2017 4079

Hashar... Bu kalomni eshitganimizda, necha ming yillar mobaynida odamlarning boshini qovushtirib, ular qalbiga insonparvarlik, saxovatpeshalik, saranjom-sarishtalik kabi tuyg‘ularni singdirib kelayotgan ezgu qadriyat ko‘z oldimizda gavdalanadi. Ushbu qadriyatning yana bir e'tiborli jihati shundaki, u insonlar o‘rtasida mehr-oqibat rishtalari, hamjihatlik, ayniqsa, yoshlar qalbida mahalla-ko‘yga, ona-Vatanga muhabbat tuyg‘ularini mustahkamlaydi. 

Ko‘ngildan boshlangan obodlik, yaratish-yashnatish ishtiyoqi ona-Vatanga cheksiz mehr-muhabbat ifodasiga aylanib, borliqqa ko‘rkamlik, go‘zallik bag‘ishlaydi. Eng ulug‘, eng aziz ayyom — Mustaqillik bayrami arafasida 19-20 avgust kunlari uyushtirilgan umumxalq xayriya hashari respublikamiz bo‘ylab uyushqoqlik bilan o‘tkazildi. Ushbu tadbir mamlakatimizning har bir go‘shasida, eng chekka qishloq, ovul va mahallalarida keng quloch yoydi.

Hashar — elimizga yarashadigan yumush, qadriyatlardan. Shu bois bunday xayrli amallardan hech bir yurtdoshimiz o‘zini chetga tortgani yo‘q. Bu yilgi hasharning joylarda uyushqoqlik bilan tashkil etilganini 18 million 675 ming nafardan ziyod yurtdoshlarimizning faol ishtirokida ham bilish mumkin. Ularning 12 million 424 ming nafardan ortig‘i yoshlar ekani ertamimz egalarining jamoat ishlarida tobora faollashib borayotganining yaqqol ifodasidir.

Ikki kun davomida el-yurt yumushiga bel bog‘lagan hasharchilarning g‘ayrat-shijoati bilan 41 ming gektarga yaqin maydon obodonlashtirildi, 27 ming kilometrdan ziyod ariq-zovur va lotoklar tozalandi, 9 mingdan ortiq qabriston hamda 800 ga yaqin ziyoratgoh tartibga keltirildi.

Bundan tashqari, qariyb 18 million tupdan ziyod daraxt va ko‘chatga shakl berilib oqlandi. Hashar ishlariga 17 mingdan ortiq texnika vositalari jalb etilishi natijasida 62 ming tonnaga yaqin chiqindi belgilangan joylarga tashib chiqarildi.

Hashar kunlari ijtimoiy himoyaga muhtoj, kam ta'minlangan, boquvchisini yo‘qotgan oilalar, yakka-yolg‘iz keksalar ham e'tibordan chetda qolmadi. Xayriya tadbirlarida 18 mingga yaqin kam ta'minlangan oilalarning 615 ming m2dan ziyod uy-joylari hashar yo‘li bilan ta'mirlandi. 24 mingga yaqin ehtiyojmand oilaga, shu jumladan, 8 mingga yaqin nogiron va yolg‘iz qariyalarning holidan xabar olinib, ularga moddiy yordamlar berildi.

Mazkur xayriya tadbirlariga 5,3 milliard so‘mdan ziyod mablag‘, shundan 900 million so‘mga yaqini «Mahalla» xayriya jamoat fondi hisobidan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga beminnat muruvvat yordamlari ko‘rsatishga sarflandi.

To‘yga to‘yona bilan borish — xalqimizga xos azaliy qadriyat. Shu bois hashar kunlari yurtimiz mahallalarida 297ta savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish obektlari (do‘kon, go‘zallik saloni, sartaroshxona, dorixona, to‘yxona, kutubxona, novvoyxona, mahalla guzari, nuroniylar markazi va boshqalar) foydalanishga topshirildi.

Ayniqsa, yurtimiz ko‘rkiga uzukka qo‘yilgan ko‘zdek yarashib tushayotgan zamonaviy mahalla guzarlari soni ko‘payayotgani kishi ko‘ngliga faxr va g‘urur bag‘ishlaydi. Hashar kunlari 18 ta mahalla fuqarolar yig‘ini binosi, 32 ta bolalar sport maydonchasi ishga tushirilgani aholiga bayramona kayfiyat baxsh etdi.

Yoshlarning ma'naviyatini yuksaltirish, tafakkurini charxlashda kitob alohida o‘rin tutadi. Aytish joizki, bugungi shiddatkor axborot texnologiyalari davrida farzandlarimizni mutolaaga o‘rgatish orqali ularni turli axborot xurujlaridan, «ommaviy madaniyat»ning tahdidlaridan asrashimiz mumkin. Xayriya tadbirlarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumanidagi «Madaniyat» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida zamonaviy «Kitob olami» do‘koni qurib bitkazildi. Mazkur maqsadlarga «Mahalla» xayriya jamoat fondi mablag‘lari hisobidan 500 million so‘m ajratildi.

Bu yilgi hashar o‘tgan yillardagiga qaraganda o‘zgacha fayz-tarovat, shijoat bilan, asosiysi, hamjihatlikda o‘tdi. Boisi istiqlolimizning 26 yillik bayramini munosib kutib olish va nishonlash har bir yurtdoshimizning ezgu muddaosiga aylandi.

Hashar munosabati bilan barcha korxona, muassasa va tashkilot ishchi-xizmatchilarining bir kunlik ish haqi «Mahalla» xayriya jamoat fondi respublika boshqaruvi va uning joylardagi bo‘limlari hisobiga o‘tkazib berilayotir. Ushbu mablag‘lar yil davomida «Xalq bilan muloqot va inson manfaatlari yil» Davlat dasturida ko‘zda tutilgan tadbirlarni amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Umumxalq xayriya hashari yakunlandi. Ammo uning mohiyatida mujassam bo‘lgan hamjihatlik va ko‘tarinki kayfiyat ayni kunlarda respublikamizning barcha mahallalarida davom etayotgan obodonlashtirish hamda tozalik oyligi tadbirlariga ko‘chgan. 

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari 
faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashi 
Axborot xizmati

Ko‘proq yangiliklar: