"Kosonsoy-farm" erkin iqtisodiy zonasiga tadbirkorlar taklif etilmoqda

O‘zbekiston 21:12 / 21.08.2017 5335

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 3 maydagi “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalarini tashkil etish to‘g‘risida”gi 5032-sonli farmoni qabul qilinishi, avvalambor, respublikamizning farmatsevtika sohasini rivojlantirish, dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash, mahalliy dori-darmon vositalari bozorini o‘zimizda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli preparatlar bilan to‘ldirishga keng imkoniyat yaratadi.

Prezidentning 2017 yil 3 maydagi 5032-sonli farmoniga muvofiq, viloyatimizning Kosonsoy tumanida “Kosonsoy-farm” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etildi. Erkin iqtisodiy zonaga tadbirkorlar taklif etilmoqda, deyiladi Namangan viloyati hokimligi saytida. 

Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad quyidagilardan iborat;

- Respublikamizning farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirishga yo‘naltirilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni faol jalb etish uchun qulay shart-sharoitlar yaratish;

- Dorivor o‘simliklar xomashyosini yetishtirishning noyob sharoitlarini inobatga olgan holda mahalliy dorivor vositalar bozorini o‘zimizda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli dori vositalari bilan to‘ldirish;

- Ularni chuqur qayta ishlash hamda yuqori sifatli  farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni tashkil etish;

- Viloyatning ishlab chiqarish va resurs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanish asosida yangi ish o‘rinlarini yaratish va viloyatimiz aholisi daromadlarini oshirish;

- Ichki bozorni keng turdagi hammabop, sifatli dori-darmon vositalari hamda tibbiyot buyumlari bilan yanada to‘liq to‘ldirish va viloyatimiz sanoat salohiyatini rivojlantirish masalalarini hal etish.

“Kosonsoy-farm” erkin iqtisodiy zonasi tashkil etish maqsadida Kosonsoy tumani “Namuna” massividan dori-darmon vositalarini ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish uchun 32,0 gektar, dorivor o‘simliklarni yetishtirish plantatsiyalari uchun “Buxoro” massividan 100,0 gektar yer maydoni ajratildi.

Tashkil etilayotgan erkin iqtisodiy zonaning faoliyat muddati keyinchalik uzaytirish imkoni bilan 30 yil etib belgilangan. Shuningdek, hududda alohida soliq, bojxona va valyuta tartiblari amal qiladi hamda erkin iqtisodiy zona ishtirokchilari tomonidan investitsiyalar kiritilganda tegishli imtiyozlarga ega bo‘ladi.

Ko‘proq yangiliklar: