Andijon shahrida 12 ta bayram oldi yarmarkasi ish boshladi

Jamiyat 18:55 / 21.08.2017 5871

O‘zbekistonda yaqinlashib kelayotgan eng aziz ayyom – Mustaqillik bayrami shukuhi kezib yuribdi. Qutlug‘ kunlar arafasida shahar aholisini sifatli va arzon mahsulotlar bilan ta'minlash maqsadida Andijon shahrida “Ona  yer saxovati” yarmarkalari ish boshladi.

Shaharning 12 ta hududida ochilgan yarmarkalar  arzon narxda 32 xil turdagi qishloq ho‘jaligi va oziq-ovqat tovarlari bilan savdo qiladi. Bundan tashqari, barcha pavilonlarda o‘quv yili oldidan “Maktab bozorlari” tashkil qilingan. Yarmarka joylashgan hududlar chiroyli tarzda bezatilgan bo‘lib, oqshom tushganida savdo shaxobchalari atrofi sayilga aylanmoqda.      

Oltinko‘l tuman mirishkorlari shaharning 1-kichik dahasida ana shunday yarmarka tashkil etib, shaharliklarga o‘zlari yetishtirgan poliz, sabzovot, baliq va go‘sht singari qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini arzon narxlarda yetkazib bermoqda.

– Savdo shoxobchalarimizda dehqonlarimiz tomonidan taqdim qilingan sara qishloq xo‘jalik mahsulotlari sotilmoqda, – deydi Oltinko‘l tuman hokimi o‘rinbosari Alijon Sharipov. Bayram dasturxoni to‘kin bo‘lishini ta'minlash maqsadida mahsulotlarimiz bozordagiga nisbatan arzon narxlarda sotilmoqda. Yaratilgan bunday qulaylikdan shahar aholisi behad mamnun bo‘layotir.

Tashkil etilgan yarmarkaga viloyat hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tashrif buyurib, aholi vakillari bilan suhbatlashdi va ular uchun savdo shaxobchalarida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Kun.uz  muxbiri Elmurod Ermatov, Andijon

Ko‘proq yangiliklar: