AQSh esminetsi Singapur yaqinida savdo kemasi bilan to‘qnashib ketdi

Jahon 07:36 / 21.08.2017 10742

21 avgustda Malakka bo‘g‘ozi va Singapurdan sharqda Alnic MC savdo kemasi va AQSh harbiy-dengiz kuchlarining John S. McCain raketa esminetsi to‘qnashib ketdi. Bu haqda AQSh HDK 7-flotining saytida ma'lum qilingan.

Voqea Tokio vaqti bilan soat 06:24da yuz bergan. Flot ma'lumotlariga ko‘ra, kema Singapurdagi portga kirmoqchi bo‘lgan. Dastlabki ma'lumotlarga ko‘ra, esminets orqa qismidan shikast yegan. Ayni vaqtda mahalliy hukumat bilan qidiruv-qutqaruv ishlari olib borilmoqda.

Keyinroq flot to‘qnashuvdan keyin 10 dengizchi yo‘qolib qolgani, 5 nafari jarohat olgani haqidagi xabarni chop etgan. Esminets mustaqil ravishda portga yo‘l olgan.

Alnic MC kemasi 182 metrlik neft va kimyo moddalari tashuvchi, 30 ming tonna sig‘imdorlikka ega tankerdir.

USS John S. McCain (DDG-56) esminetsi Yaponiyaning Yokosukasida AQSh harbiy-dengiz bazasida ro‘yxatda turadi. U 1999 yilda foydalanishga kiritilgan. Kema uzunligi 153,9 metr, eni 20,1 metr. Kemaning maksimal tezligi 32 uzelni tashkil qiladi, ekipaji 377 kishidan iborat.

Esminets AQSh HDKning ikki admirali – amerikalik senator Jon Makkeynning buvasi Katta Jon S.Makkeyn va otasi Kichik Jon S.Makkeyn sharafiga nomlangan.

Ko‘proq yangiliklar: