Shvetsiyalik yahudiy Falastinga piyoda jo‘nadi

Jamiyat 10:19 / 20.08.2017 4429

Shvetsiyadagi yahudiylar jamoasining faoli Benjamin Ladraa Falastinga piyoda jo‘nadi. Uning maqsadi - Isroil tomonidan egallab olingan yerlarda yashovchi aholi bilan birdam ekanini bildirishdir.

Ladraa Gyoteborg shahridan 15 avgust yelkasiga Falastin bayrog‘ini tashlab olgan holda yo‘lga chiqdi, deb xabar bermoqda «Anadolu».

Faolning so‘zlariga ko‘ra, Falastin muammosi va ushbu xalqning boshidan o‘tkazayotgan azob-uqubatga jahon hamjamiyati e'tiborini qaratish maqsadida 4 800 kilometr masofani bosib o‘tishni rejalashtirgan.

«Isroil G‘azoda fosforli bombalarni qo‘llamoqda. Shifoxonalar, maktablar, aholi turar-joylariga zarba berilmoqda. Isroil G‘azoga gumanitar yordamni kiritmayapti, u yerda esa aholi suv tanqisligidan aziyat chekmoqda. Isroilliklar G‘azo sektori bilan chegarada beton devor qurmoqda. Falastin xalqining azob-uqubatlari meni aksiyani boshlashga undadi, uni Falastinda yakunlamoqchiman», - dedi Ladraa.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jahon hamjamiyati Yaqin Sharqdagi vaziyatdan yetarlicha xabardor emas. «Umid qilamanki, mening aksiyam boshqa kishilarni ham Isroilning bosib olish siyosatiga qarshi kurash olib borishga hissa qo‘shishga undaydi», - dedi u.

Ko‘proq yangiliklar: