Surxondaryo viloyat hokimi: G‘alladan bo‘shagan 100 foiz maydonda takroriy ekinlar ekilgan

Jamiyat 19:23 / 20.08.2017 14155

Xalqaro press klubning «Tet-a-tet» dasturida klub moderatori Sherzodxon Qudratxo‘jayev Surxondaryo viloyat hokimi Erkinjon Oqbo‘tayevich Turdimov bilan yuzma-yuz suhbatlashdi.

Viloyatlar hokimlari ichida eng yoshi bo‘lgan Erkinjon Turdimov (1969 yilda tug‘ilgan, ikki o‘g‘il va bir qizning otasi) 2016 yil 16 dekabrda Navoiy viloyati hokimligidan yangi viloyat rahbarligiga o‘tkazilgan edi.

— Davlatimiz rahbarining viloyatimizga bir necha bor tashrifidan so‘ng turli sohalarda viloyat salohiyatini yuksaltirishga umumiy hisobda 5 mlrd. 200 mln. AQSh dollari ajratilishi ma'lum qilingan edi, — dedi E.Turdimov. — Boysun tumanida gaz qazib olish va uni qayta ishlash sanoati ishga tushiriladi. Sherobodda 212 mln. dollar evaziga sement zavodi barpo etilmoqda va u 2018 yilning 1 sentabriga qadar ishga tushiriladi. Sharg‘un ko‘mir konida «O‘zbekiston temir yo‘llari» aksiyadorlik jamiyatiga berildi, bu sohaga 100 mln. dollar investitsiya kiritilib, hozirgi vaqtda yiliga qazib olinayotgan 350-360 ming tonna toshko‘mir hajmi yiliga 900 ming tonnaga yetkazilishi belgilab qo‘yilgan.

Navoiy va Surxondaryo viloyatlarini taqqoslar ekan, E.Turdimov shunday dedi:

— Navoiy endi o‘ta sanoatlashgan viloyat. U yerda yalpi milliy mahsulotda sanoat mahsulotlarining ulushi juda yuqori. Navoiy donor viloyat hisoblanadi, chunki ishlab topiladigan mablag‘larning 76 foizi respublika byudjyetiga yo‘naltiriladi. Surxondaryoda esa mablag‘larning 30–35 foizi subventsiya hisobidan olinadi.

Ayni paytda viloyatda 5 ta tuman va Termiz shahri subventsiyadan chiqqan. 8 ta tuman hamon subventsiyada. Ikki tuman — Muzrabot va Qiziriq juda og‘ir tumanlardan hisoblanadi. Bular borasida sentabr oyida yangi qaror qabul qilinadi va bu yerda aholi turmush darajasini, ishlab chiqarishni rivojlantirishga harakat qilamiz.

Surxondaryodagi boshqaruv uslubi haqida gap ochgan viloyat hokimi Erkinjon Turdimov o‘zining boshqaruvda foydalanadigan ba'zi uslublari bilan o‘rtoqlashdi:

— Ayni paytda tumanlarda to‘rtliklar tashkil etilgan. Tumandagi to‘rtta rahbarning har biriga viloyat hokimligi hisobidan planshetlar tarqatilgan. Axborot texnologiyalardan foydalanilgan holda ularni boshqarib turibmiz. 

Har bir rahbarning ish rejasi bo‘lishi kerak. Biz kundalik rejalardan tashqari, choraklik bo‘yicha asosiy yo‘nalishlarimiz belgilangan umumiy rejalar tuzib olamiz va bularni ham tumanlarga o‘z kanallarimiz orqali tarqatamiz. Har shanba kuni birorta tumanga borib, aholi o‘rtasida, xalq bilan yuzma-yuz uchrashib, muammolarni joyida o‘rganishni odat darajasigacha ko‘tardik.

Surxondaryo televideniyesida ham jonli efirda hokimlar va turli tashkilotlar rahbarlari chiqish qilishmoqda. Buni ilk bor yo‘lga qo‘yganimizda 402 nafar fuqarodan 624 ta turli savol kelib tushgan edi.

Viloyatda turli davlat tashkilotlari, korxonalari bor. Bu ishlarda, albatta, ular ham madadkor bo‘lishlari lozim bo‘ladi. Ayni paytda bizga kelib tushadigan murojaatlar yozib olinadi, uning ijrosi nazorat qilinadi. Murojaatchining telefon raqamlari yozib olinib, o‘zimiz tashkil etgan nazorat guruhi tomonidan uning murojaati qay tartibda hal etilgani tekshirib turiladi.

Juma kunlari viloyatda o‘tkaziladigan videoselektor davomida tashkilotlardan muammolarning qay taxlit hal qilinayotgani birma-bir so‘rab chiqiladi. 

Suhbat davomida viloyat hokimi qishloq xo‘jaligi sohasida erishilayotgan natijalar haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

— Bu yil viloyat mirishkorlari gektaridan o‘rtacha 53 sentnerdan g‘alla hosili yetishtirishdi. Bunaqasi Surxondaryo tarixida bo‘lmagan. Barcha fermerlarimizning ombori donga to‘ldi. 

Paxtachilikda ham yaxlit tizim asosida ishlash yo‘lga qo‘yildi. Barcha moddiy resurslar — o‘g‘itlar, yonilg‘i-moylash materiallari deymizmi, fermerlarning dalasigacha yetkazib berildi. Muammolarni o‘z vaqtida aniqlab, bartaraf qilish uchun agromonitoring tizimi ham yo‘lga qo‘yilgan.

Ayni paytda viloyatda g‘alladan bo‘shagan 97 ming gektar maydonning barchasida — 100 foiz takroriy ekinlar parvarish qilinmoqda. Ularning eng old qismi pishib ham bo‘ldi. Takroriy ekin ekiladigan joylarning 39800 gektariga, birinchi navbatda, dukkakli o‘simliklar, 20 ming gektarga yeryong‘oq, 17 ming gektarga ko‘katlar va sabzavotlar ekilgan.

Hozirgacha xorijga eksport qilingan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hajmi 55 mln. dollardan oshdi. Yana 5 million dollarlik sanoat mahsulotlari eksport qilingan. Yil so‘ngiga qadar eksport qilinadigan mahsulotlar hajmini 140 million dollarga yetkazishni rejalashtirganmiz. 

Surxondaryo viloyati iqlimi qishloq xo‘jaligini yuritish uchun o‘ta mos iqlim. Yerdan oqilona foydalanilsa, bu yerda bir yilda 3 martagacha hosil olish mumkinligini o‘z tasdig‘ini topmoqda, — dedi viloyat hokimi E.Turdimov.
 

Ko‘proq yangiliklar: