OAV: Turkudagi hujumni amalga oshirgan gumonlanuvchi nomi ma'lum qilindi

Jamiyat 08:27 / 20.08.2017 5725

Finlyandiyaning Turku shahrida piyodalarga pichoq bilan hujum qilganlikda 18 yoshli marokashlik Abdulrahmon ismli shaxs gumon qilinmoqda. Shunisi ma'lumki, shunday ismli yigit 2016 yilda Finlyandiya hududiga kirgan.

Turun Sanomat nashri ma'lumotlariga ko‘ra, yigit Turku yaqinidagi Pansioda joylashgan qochqinlarni qabul qilish markazida yashagan. Uning ishini migratsiya boshqarmasi ko‘rib chiqqan va OAVning norasmiy ma'lumotlariga ko‘ra, unga boshpana berishni rad etgan.

Markazda yashovchilar yigitni odamovi sifatida ta'riflashgan. Ularning aytishicha, u ko‘pincha bir o‘zi sayr qilib yurgan va hech kim bilan muloqot qilmagan. Vaqtini yaqin oradagi barlarda o‘yin avtomatlari oldida o‘tkazgan.  

“U yosh bo‘lganiga qaramasdan, uni qizlar qiziqtirmagan va uni biror marta qo‘lida telefon bilan ko‘rishmagan. U yuvoshgina va go‘yoki o‘zining dunyosida yurgandek ko‘rinardi”, deb o‘z manbasi so‘zlarini keltirib o‘tgan nashr.

Biroq Finlyandiya politsiyasida tergov manfaati yo‘lida hujumda gumon qilinayotgan shaxs ismi oshkor etilmayapti.

Turkudagi hujum 18 avgustda amalga oshirilgan. Uning oqibatida 2 kishi halok bo‘lgan, 8 kishi yaralangan. Jinoyatchi voqea joyida ushlangan.

Hujumda gumon qilinib yana 4 kishi qo‘lga olingan, ularning barchasi Marokash fuqarolaridir. Bundan tashqari, yana bir gumonlanuvchi xalqaro qidiruvga berilgan. Politsiya dastlab ishni qotillik va qotillikka urinish sifatida ko‘rayotgan bo‘lgan, biroq keyin uni terakt sifatida tasniflagan.

Hujumdan keyin mamlakatning jamoat joylari, port, vokzal va aeroportlarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan. 20 avgust soat 10.00da mamlakatda hujum qurbonlari xotirasiga bir daqiqalik sukut saqlash e'lon qilinadi.

Ko‘proq yangiliklar: