Oqdaryoda elektr ta'minoti korxonasining poraxo‘r rahbari va tamagir vrach qo‘lga tushdi

Jamiyat 01:36 / 19.08.2017 14788

Deyarli har kuni ommaviy axborot vositalarida fuqarolarni firibgarlarning tuzog‘iga ilinib qolishini oldini olish maqsadida, ogohlikka chorlovchi ko‘rsatuv, eshittirish va maqolalar berilib, firibgarlardan ogoh qilib borilsa-da, afsuski, hamon o‘zganing haqidan hazar qilmaydigan ayrim shaxslar, gohida o‘zlarining mansablaridan foydalangan holda firibgarlik yo‘li bilan fuqarolarning ishonchiga kirib, ularning pullarini qo‘lga kiritish kabi achinarli holatlar hamon uchrab turibdi.

Samarqand viloyati Oqdaryo tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli poliklinika tibbiy maslahat komissiyasi vrachida ishlab kelgan Qurvonmurot Jo‘rayev o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, fuqaro M.Mustafoyevni Ishtixon tumanlararo tibbiy mehnat ekspertizasi vakolatli shaxslarini manfaatdor qilish orqali unga II guruh nogironlik nafaqasini chiqarib berishga va'da berib, ushbu xizmat evaziga 600 ming so‘m pul berishini talab qilgan.

Joriy yilning 15 avgust kuni fuqaro M.Mustafoyevning huquq-targ‘ibot idoralari  qilgan murojaati asosida Oqdaryo tuman prokuraturasi, soliq va valyutaga oid jinoyatlarga, jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti Samarqand viloyat boshqarmasi va IIB xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Qurvonmurot Jo‘rayev fuqaro M.Mustafoyevdan 600 ming so‘m pullarni tamagirlik yo‘li bilan pora tariqasida olayotgan vaqtda voqea joyida qo‘lga olingan. Tezkor tadbir davomida qo‘lga kiritilgan ashyoviy dalillar tegishli tartibda xolislar ishtirokida rasmiyloshtirilib, Jo‘rayevga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Shuningdek, Oqdaryo tumanida yashovchi fuqaro Yu.Yovqochevaning huquq-targ‘ibot idoralari yozgan arizasiga asosida joriy yilning 17 avgust kuni Oqdaryo tuman prokuraturasi va departamentning Oqdaryo tuman bo‘limi xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Oqdaryo tumani elektr ta'minot korxonasi rahbari Shavkat Xo‘janov o‘zining xizmat xonasida fuqaro Yovqochevadan uning xonadonida elektr energiyasidan bo‘lgan 1 million 43 ming so‘m miqdoridagi qarzdorlikni yo‘qotib, qarzdorligi yo‘qligi haqidagi ma'lumotnomani rasmiylashtirib berish evaziga 300 ming so‘m miqdordagi pullarni pora tariqasida tamagirlik yo‘li bilan olgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi tashkilot vakillari tomonidan qo‘lga olindi.

Bugun o‘zganing ishonchiga kirib, tamagirlik orqali uning mushkulini oson qilish evaziga pora talab qilgan Shavkat Xo‘janov O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi «v» bandi bilan, Qurvonmurot Jo‘rayev Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Farhod Norbo‘tayev,

jurnalist

Ko‘proq yangiliklar: