Foto: Amerika nashrlari Trampni ku-kluks-klan tarafdori sifatida tasvirladi

Jahon 11:50 / 19.08.2017 8708

Amerikadagi nashrlar prezident Donald Trampni u Sharlotsvilldagi voqealarga beparvo munosabatda bo‘lgani uchun keskin tanqid qilmoqda. The New Yorker, The Economist va Der Spiegel nashrlari prezidentni oq qalpoqda tasvirladi — bu qalpoq ultrao‘ng tashkilot ku-kluks-klan (KKK) ramzi hisoblanadi. Tramp tanqidga uchrashiga u kelib chiqqan tartibsizliklarda nafaqat o‘nglarni, balki so‘l radikallarni ayblagani sabab bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda 1861-64 yillardagi fuqarolik urushi davrida janubliklar qo‘mondoni bo‘lgan Robert Lining Sharlotsvilldagi haykaliga qizil bo‘yoqlar bilan «Qoralar masalasi muhim» yozuvi bitildi. Keyinchalik maktab o‘quvchisi haykalni Sharlotsvilldan olib tashlash to‘g‘risidagi petitsiya boshladi va ziddiyat ko‘lami kengaydi. 

Oq tanli irqchilar guruhi, neo-fashist, neo-konfederatsiyachi va o‘ng qo‘l tarafdorlari 12-13 avgust kunlarida AQSh fuqarolar urushi davridan meros bo‘lib qolgan madaniy yodgorliklarga, xususan, Robert Lining haykaliga tegmaslikni so‘rab chiqishdi. 

Bu harakatga qarshi chiqqan namoyishchilar ustiga esa neo-fashist Aleks Filds mashina haydashi oqibatida bir kishi halok bo‘ldi, 19 kishi yaralandi. Keyinroq yigit qo‘lga olinib, unga nisbatan ayblov ilgari surildi.

Namoyishlar hamon davom etmoqda.

Donald Trampning voqeaga bildirgan betaraf munosabati irqchilarni ruhlantirib yubordi.

«Barchamiz birdam bo‘lishimiz va nafrat ortida turgan barcha narsani qoralashimiz lozim. Amerikada bunday zo‘ravonlikka joy yo‘q», deya fikr bildirgandi mamlakat rahbari. 

«Barcha narsani qoralashimiz lozim» so‘zlari ostidan panoh topgan Ku-Kluks-klan a'zolari, oq tanli irqchilar jamoasi o‘tgan kuz saylovda adashmaganidan xursand bo‘lmoqda. O‘z nomi bilan atalmagan jinoyatni oqlashga urinish prezident Donald Trampning Oq uydagi obro‘siga ta'sir qilib, afroamerikan AQSh fuqarolari oldida «hurmatsiz» kishiga aylantirib qo‘yishi mumkin edi.

Sharlotsvill shahri meri Mayk Signer AQShda irqchilik tipidagi uyushmalarning faolligi o‘sishi yuzasidan mas'uliyatni prezident Donald Tramp zimmasiga yukladi.

«U qanday saylovoldi kampaniyasini o‘tkazganiga qarang, oqtanli irq ustunligi tarafdorlari, oqtanli millatchi guruhlar, antisemit (yahudiylarga qarshi) guruhlar tomonidan aniq bir maqsadga qaratilgan tilyog‘lamalikka e'tibor qarating», — deya ta'kidladi u.

Uning qayd etishicha, respublikachi Trampning ma'muriyati o‘ta o‘nglar vakillariga «aralasha olmasligini, ularni qoralay olmasligini, tanqid qila olmasligini, jim qila olmasligini» bir necha marotaba namoyish qilgan.

Signer «antisemitlar, neonatsistlar, Ku-kluks-klanlarning barchasi doim soyada bo‘lgani»ni aytdi. Uning ta'kidlashicha, Tramp saylovda g‘olib chiqqanidan keyin o‘ta o‘nglarda «yorug‘likka chiqish» uchun imkoniyat paydo bo‘lgan.

Ko‘proq yangiliklar: