AQSh: Venesuelada hokimiyat kuch bilan qo‘lga olindi

Jahon 10:30 / 19.08.2017 12723

AQSh Venesuela Milliy ta'sis kengashi bayonotida «hokimiyatning kuch bilan qo‘lga olinishi» belgisini ko‘rmoqda, bu bayonotga ko‘ra Milliy ta'sis kengashi parlamentning qonunchilik vakolatlarini o‘ziga olgan. Bu haqda RIA Novosti agentligi AQSh Davlat departamenti rasmiy vakili Hezer Nauertga asoslanib xabar tarqatdi.

«AQSh Venesueladagi Milliy ta'sis kengashi noqonuniy ravishda qonunchilik vakolatlariga egalik qilmoqda deb hisoblaydi. Bu hokimiyatning zo‘ravonlik bilan qo‘lga olinishidir. Bu demokratik yo‘l bilan saylanadigan milliy kengash (parlament - tahr.) o‘rniga tashkil etilgan avtoritar qo‘mitadir, bu qo‘mita qonunlarni oyoqosti qilgan. Bizningcha, demokratik yo‘l bilan saylanadigan milliy assambleya — yagona qonunchilik organi bo‘ladi», — degan Nauert.

«Bu rejim hokimiyat tepasida bo‘lar ekan, prezident Maduro o‘zini diktator sifatida tutadi. Biz Venesuela xalqini qo‘llab-quvvatlab, mamlakatda demokratiyani tiklash uchun barcha iqtisodiy va diplomatik imkoniyatlarimizni ishga solamiz», — deya qo‘shimcha qilgan u.

Bundan avvalroq Venesuela Ta'sis kengashi qonunchilik organlari vakolatlarini o‘z zimmasiga olgani haqida e'lon qilgandi.

Eslatib o‘tamiz, iyul oyi oxirida Venesuelada parlament saylovlari bo‘lib o‘tgan, yangi parlament konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishi kutilgandi. Saylovlarda Maduro tarafdorlari g‘alaba qozondi, muxolifat bu saylovlar natijalarini tan olmadi. Muxolifat vakillari ta'sis kengashi referendum orqali aniqlanishi kerakligini bildirdi.

30 iyuldagi saylov natijalariga ko‘ra tashkil etilgan Venesuela Konstitutsiyaviy assambleyasi (KA) xalqaro hamjamiyat tomonidan norozilikka uchradi. Lotin Amerikasining bir qator mamlakatlari saylov jarayoni natijalarini tan olmadi. AQSh KA saylovlarini «butun yarimshardagi demokratiya uchun zarba» deya atadi va Venesuela prezidenti Nikolas Maduroga nisbatlan sanksiyalarni joriy etdi.

Mamlakatda mavjud rejimga qarshi shu yil aprelidan buyon ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Shu vaqtga qadar politsiya bilan to‘qnashuvlarda 120 nafardan ortiq kishi halok bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: