Litsey o‘qituvchilari test va suhbatdan so‘ng ishga qabul qilinadi

O‘zbekiston 19:10 / 18.08.2017 9252

2017 yil 14 martdagi PQ–2829-son “O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroriga muvofiq Oliy va o‘rta maxsus ta'lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta'limi markazi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qarori (2017 yil 3 avgust) bilan Akademik litseylarga o‘qituvchilarni tanlov asosida ishga qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Ushbu Nizom idoraviy mansubligidan qat'i nazar, barcha akademik litseylarga nisbatan tatbiq etiladi.
 
Litseylarning o‘qituvchi lavozimiga o‘tkaziladigan tanlovda oliy ma'lumotli va kamida 5 yil uzluksiz pedagogik ish stajiga ega bo‘lgan shaxslar ishtirok etadi. Litseylarga soatbay haq to‘lash shartlarida jalb etiladigan o‘qituvchilar tanlovda ishtirok etmagan holda rasmiylashtiriladi.
 
Litseylarda o‘qituvchi lavozimi bo‘shagan kundan boshlab 10 kun ichida bo‘sh o‘qituvchi lavozimiga tanlov o‘tkazish to‘g‘risida OAVda, shuningdek litseyning saytida (agar mavjud bo‘lsa) e'lon beriladi.
 
Nomzodlardan hujjatlarni qabul qilish OAVda e'lon berilgan kundan boshlab 20 kun davom etadi.
 
Tanlovda qatnashish uchun nomzodlar quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:

•  litsey direktori nomiga ariza;
•  pasport nusxasi (hujjatlarni topshirish vaqtida pasportning asl nusxasi ko‘rsatiladi);
•  oliy ma'lumoti to‘g‘risidagi hujjatning nusxasi;
•  mehnat daftarchasining nusxasi;
•  3,5 x 4,5 sm o‘lchamdagi 4 dona rangli fotosurat.
 
Hujjatlarni topshirgan nomzodlarning soni 1 nafardan oshmasa, tanlov o‘tkazilmaydi va litsey tanlov o‘tkazish to‘g‘risidagi e'lonni qaytadan beradi.
 
Tanlov 2 bosqichda - test va suhbat shaklida o‘tkaziladi.
 
Tanlov hujjatlarni qabul qilish tugagandan keyin 10 kun ichida va har bir bosqich bo‘yicha alohida kunlarda o‘tkaziladi.
 
Tanlov bo‘lib o‘tadigan kuni va vaqti haqida u o‘tkazilishidan kamida 3 kun oldin nomzodlarga xabar beriladi va bir vaqtning o‘zida litseyning e'lonlar taxtasiga osib qo‘yiladi, shuningdek litseyning saytida joylashtiriladi.
 
Nomzodga 40 ta test savoli beriladi va 2 soat vaqt ajratiladi. Test natijalari u o‘tkazilgan kunda nomzodlarga e'lon qilinadi. 55 balldan yuqori ball to‘plagan nomzodlar testdan muvaffaqiyatli o‘tgan hisoblanadi va ular tanlovning keyingi bosqichiga qo‘yiladi.
 
Suhbat bo‘sh o‘qituvchi lavozimining mutaxassisligi va pedagogika bo‘yicha savol-javob shaklida o‘tkaziladi. Savollar biletida 5 ta savol bo‘lib, tayyorlanish uchun 20 daqiqa vaqt beriladi. Suhbat natijalari u yakunlangandan so‘ng nomzodlarga e'lon qilinadi. O‘rtacha arifmetik balli “60” balldan kam bo‘lgan nomzod suhbatdan o‘tmagan hisoblanadi. Suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar litseyning o‘qituvchisi lavozimiga tavsiya etiladi.
 
Tanlovga kelmagan nomzodlar uchun qo‘shimcha tanlov o‘tkazilmaydi.
 
Tanlov natijasidan norozi bo‘lgan nomzodlar tanlov natijasi e'lon qilingan vaqtdan boshlab 24 soat davomida apellyatsiya berishi mumkin. Apellyatsiya 24 soat ichida ko‘rib chiqilishi lozim.
 
Hujjat 2017 yil 7 avgustda kuchga kirdi.

Ko‘proq yangiliklar: