«Kattalar qo‘rquvda, bolalar yig‘lagan» - Barselona hujumga uchradi

Jahon 16:00 / 18.08.2017 16968

Ispaniyada payshanba kuni davomli teraktlar ro‘y berdi: Barselonada mashina kishilar ustiga bostirib borildi. So‘nggi ma'lumotlarga ko‘ra, 13 kishi halok bo‘lgan, 100dan ortiq kishi jarohatlandi. Hujum ijrochisi qidirilmoqda. Ispaniya hukumati ushbu hujumni terakt deya baholadi, terakt uchun javobgarlikni IShID zimmasiga oldi.

Birdaniga uch zarba

Kataloniya markazidan xavotirli xabarlar kecha kechqurun kelishni boshladi: Rambla ko‘chasidagi kishilarni mikroavtobus bosib yura boshladi. Haydovchi minivenni piyodalar ustiga atayin bostirib bordi hamda kioska bilan to‘qnashuvdan so‘ng to‘xtadi.

Haydovchi mashinani atayin “egri-bugri chiziq” bo‘ylab haydagan, u ko‘proq kishilarni bosib ketishni maqsad qilgan. Bunday usulda terakt ijro etish IShIDga xos bo‘lib, tashkilot terrorchisi o‘tgan yilning yozida Nitstsada ham xuddi shunday harakat qilgandi.

Foto: AFP

Bir necha soat o‘tib, boshqa mikroavtobus Barselonadan 120 kilometr masofada joylashgan Kambrils shahrida kishilarni bosib o‘tdi. Bu yerda 7 kishi jabrlandi, politsiya bilan to‘qnashuvda 5 terrorchi yo‘q qilindi. Politsiyaning ma'lum qilishicha, yo‘q qilingan terrorchilarda xudkushlar qurilmasi bo‘lgan.

Kataloniya hukumati Kambrils va Barselonadagi hodisalar bir-biriga bog‘liq ekani haqida darhol ma'lum qildi. Bundan tashqari, Barselonadan 160 kilometr masofada joylashgan Alkanarda yana ikkita portlash sodir bo‘ldi. Bomba tayyorlayotgan jangari halok bo‘ldi. 

13 kishi halok bo‘ldi

Barselonadagi terakt natijasida jarohatlanganlar soni 100 nafardan oshib ketdi. 13 kishi qurbon bo‘lgan, mahalliy hukumat vakilining so‘zlariga ko‘ra, bu raqam oshishi mumkin: yana 15 kishi og‘ir ahvolda qolmoqda.

Kataloniya poytaxtida yuz bergan terakt natijasida hammasi bo‘lib 24 davlat fuqarosi jabrlandi: Ispaniya, Fransiya, Germaniya, Gollandiya, Argentina, Venesuela, Belgiya, Peru, Ruminiya, Irlandiya, Kuba, Gretsiya, Makedoniya, Buyuk Britaniya, Avstriya, Pokiston, Tayvan, Kanada, Ekvador, AQSh, Filippin, Kuvayt, Turkiya va Xitoy. La Vanguardia gazetasi ma'lumotlariga ko‘ra, halok bo‘lganlardan uch nafari – Germaniya fuqarosi, biri – belgiyalik.

Foto: AFP

Bundan tashqari, Kambrilsdagi terakt natijasida yaralangan besh inson shifoxonaga yetkazildi. Ulardan biri juda og‘ir holatda.

Barselona endi tinch shahar emas

Guvohlarning aytishicha, Barselonada barcha ro‘y bergan hodisadan shokka tushgan. "Men terakt paytida ofisda edim. Rambla ko‘chasiga juda yaqin yerda ishlayman. Biz bunday voqea yuz beradi, deb hech qachon o‘ylamagandik. Barselona tinch shahar edi. Endi esa bunday emas. Aftidan, Yevropadagi hech bir shahar endi bunday emas", - deya aytib o‘tgan Latviyaning Baltkom radiosi efirida hodisaga guvoh bo‘lganlardan biri.

 

Foto: AP

"Men chiqdim va qaltirab qoldim, sababi vertolyotlar hamda tez tibbiy yordam mashinalarini ko‘rdim, uyga ketishim lozim bo‘lgani uchun o‘z velosipedimni oldim. Bu yerdan o‘tishga majbur bo‘ldim, tinimsiz bir narsani takrorlardim: tirik ekanim uchun rahmat! Barcha menga qo‘ng‘iroq qilib, xabarlar jo‘nata boshladi. Men to‘xtadim, hamda hali ham qaltirayotganimni sezdim. Butun ko‘cha politsiyachilar bilan to‘la edi. Odamlar har tarafga chopar, bolalar yig‘lar edi. Tushunmayman, nega tinchlikka tahdid solish kerak?"  - dedi u.

Terakt vaqtida shahardagi haydovchilar yo‘lovchilarni manzillariga yetkazish tekinga xizmat qila boshladi. Shifoxonalarda jabrlanuvchilar uchun qon berish maqsadida yuzlab kishilar to‘plandi.

Eng asosiy gumonlanuvchi – qidiruvda

Teraktlardan so‘ng 3 kishi qo‘lga olindi – biri marokashlik, ikkinchisi esa Melilyadan. Ripol va Alkanar munitsipalitetlarida hibsga olishlar o‘tkazildi. Politsiyaning fikricha, bu kishilar Barselonadagi hujum bilan bog‘liq.

Ripolda qo‘lga olingan shaxs – Dris Ukabir Soprano ismli kishi avvaliga Barselonada kishilar ustiga mashinani bostirib borganlikda gumon qilindi, sababi uning hujjatlari mikroavtobusning ichidan topilgan. Biroq, u munitsipalitet politsiyasiga keldi va hujjatlarini o‘g‘irlab ketishgani haqida xabar berdi. Uning ma'lum qilishicha, bu ishni 18 yoshli ukasi Muso Ukabir qilgan bo‘lishi mumkin. Politsiya uning so‘zlarini tekshirmoqda. 

Foto: RTVE

Aynan Ukabirning nomiga ikkita mikroavtobus ijaraga olingan. Ikkinchi furgon Barselonadan 70 kilometr masofadagi Vik munitsipalitetida aniqlandi. Barselonada kishilar ustiga mashinada bostirib borgan terrorchi hamon qidirilmoqda.

Mamlakatda motam

Ispaniyada terakt munosabati bilan uch kunlik motam e'lon qilindi. “Qurbonlar va ularning yaqinlari – bu hozirda biz uchun eng muhim narsadir. Ispaniya Barselona bilan birdam ekanini bildirmoqchiman. Madrid, Parij, Bryussel, Nitstsa, London ham shunday zarbaga uchragan”, - deya ma'lum qildi mamlakat bosh vaziri Mariano Raxoy.

Uning eslatishicha, Ispaniya terrorizm nima ekanini biladi. “Biroq, biz yana shu narsani ham bilamizki, terrorizmni mag‘lub etsa bo‘ladi, uni birdamlik, politsiya amaliyotlari, ogohlantiruvchi choralar, xalqaro qo‘llab-quvvatlov va qadriyatlarni qat'iy himoya qilish yordamida mag‘lub etish mumkin”, - dedi Raxoy.

Butun dunyo Ispaniya bilan birga

Ko‘plab davlatlar Ispaniyaga hamdardlik bildirdi va ushbu davlat bilan birdam ekanini izhor etdi. Xususan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin, AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens, Yevropa kengashi rahbari Donald Tusk Ispaniya qiroli Filipp VI’ga ta'ziya bildirdi. 

Ko‘proq yangiliklar: