Bemor arz qilishiga nima sabab bo‘ldi?

Jamiyat 10:07 / 18.08.2017 13822

Chiroqchi tumani “Zum” qishlog‘ida yashovchi Ismatulla Azimov O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining “Ishonch telefoni”ga murojaat qilib, viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida shifokorlar unga bepul berilishi lozim bo‘lgan bir martalik sun'iy buyrak apparatini qayta-qayta ishlatishga majbur qilishayotganini va boshqa kamchiliklarni bayon etgan. Ushbu shikoyat Qarshi shahar prokuraturasi tomonidan o‘rganildi, deb yozmoqda “Huquq” gazetasi.

Aniqlanishicha, bemor I.Azimov mazkur tibbiyot markazida davolanish mobaynida gemodializ muolajasini olib kelgan. Mazkur muolaja buyrakning o‘tkir va surunkali yetishmovchiligida qonni zararli moddalardan tozalash maqsadida qo‘llaniladi. Bemorlarning bildirishicha, qonni tozalash uchun ko‘p marotaba qo‘llanilishi taqiqlangan dializator filtrlarni shifokorlar 3-4 martadan qo‘llashga majbur etayotgan, qon to‘liq tozalanmayotganligi oqibatida davolanuvchilar o‘zini noxush sezayotgan, dializator apparati to‘xtab qolayotgan, shuningdek, asossiz ravishda to‘lovlarni amalga oshirish holatlari bo‘layotgan ekan.

Murojaatni o‘rganish davomida bu yerda sohaga doir me'yoriy-huquqiy hujjatlar talablariga to‘liq rioya etilmaganligi ma'lum bo‘ldi. Xususan, bemorlar foydalanayotgan dializatorlar ularning ism-sharifi yozilgan holda sovutgichlarga joylashtirilgan bo‘lsa-da, polietilen paketlarning germetikligi ta'minlanmagan. 2 ta sovutgichning eshigi to‘liq yopilmaydi, dializatorlar sovutgich muzxonasida saqlanganligi uchun qismlari muzlab, yopishib qolgan, xonadagi tozalov anjomlari tartibsiz holatda, kanalizatsiya quvurlari esa ta'mirtalab holatga kelib qolgan.

Bo‘limda bikslar, ya'ni sterilizatsiya qutilaridan foydalanish qoidalariga ham qat'iy amal qilinmayapti. Bikslar ochilgach, ulardagi ashyolar 6 soat davomida ishlatishga yaroqli bo‘lsa-da, tekshirish o‘tkazilgan kuni bir biksdan 9 soat, ikkinchisidan 15 soat davomida foydalanilganligi aniqlandi.

Bundan tashqari, bo‘limda birinchi yordam paytida qo‘llaniladigan dori-darmonlikarning yaroqlilik muddati ham ko‘zdan kechirildi. Taassufki, bu yerda yaroqlilik muddati o‘tib ketgan dori vositalari ham borligi ma'lum bo‘ldi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 40 foizli “Glyukoza”ning 6 ta ampulasi, 2,4 foizli “Eufillin”ning 1 ta ampulasi, Ukrainada ishlab chiqarilgan 0,18 foizli “Adrenalin-Darnitsa”ning 10 ta ampulasi yaroqliligi 2017 yil 1 maygacha ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, bu muddat o‘tganiga qaramay saqlab turilishidan maqsad nima? Hatto, kirim hujjati yo‘q, yaroqlilik muddati ko‘rsatilmagan ikki flakon “Vodorod periks” dori vositasi saqlanayotganligi ham aniqlandi.

Yuqorida qayd etilgan qonun buzilish holatlari viloyati sog‘liqni saqlash tizimida, xususan, mazkur davolanish maskanida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sohaga doir farmon va qarorlari, hukumat qarorlari talablari lozim darajada bajarilmayotganligini, mas'ul xodimlar o‘z vazifalari mas'uliyatini chuqur his etishmayotganini, shifokorlar tomonidan bemorlarga qanday xizmat ko‘rsatilayotgani ustidan yetarlicha nazorat qilib borilmayotganini ko‘rsatadi.

Shahar prokuraturasi tomonidan viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga yuqorida bayon etilgan qonun buzilish holatlarining kelib chiqish sabablarini aniqlash va bunga imkoniyat yaratib berayotgan shart-sharoitlarni bartaraf etish yuzasidan tegishli chora-tadbirlar belgilash haqida taqdimnoma kiritildi. Qonun buzilishi holatlariga yo‘l qo‘ygan bo‘lim rahbari va xodimlariga nisbatan tegishli huquqiy choralar ko‘rildi. 

Ko‘proq yangiliklar: