Barselonadagi teraktga aloqadorlikda gumonlangan yana bir shaxs qo‘lga olindi

Jahon 15:20 / 18.08.2017 4403

Ispaniya politsiyasi Barselona va Kambrilsda  sodir etilgan teraktlarga aloqadorlikda gumon qilib uchinchi shaxsni qo‘lga oldi.

Kataloniya politsiyasi tvitterida ma'lum qilinishicha, gumonlanuvchi Ripol shahrida qo‘lga olingan. Uning nomi hozircha oshkor etilmadi.

20 minutos xabariga ko‘ra, Kataloniya Ichki ishlar vaziri Joakim Forn radio orqali gumonlanuvchi qo‘lga olingani haqida ma'lum qilgan.

Bundan oldinroq huquq tartibot organlari xodimlari ushbu teraktdan keyingi tezkor tadbirlar davomida ikki gumonlanuvchi qo‘lga olingani, ulardan biri Marokash fuqarosi Drissa Ukabira ekani haqida xabar qilingandi.

Avvaliga terakt ijrochisi sifatida e'lon qilingan Ukabir politsiyaga o‘zi kelgan, uning hujjatlari o‘g‘irlangani haqida xabar qilgandi. Uning hujjati ukasi, 18 yoshli Musa Ukabir o‘g‘irlagani gumon qilinmoqda.

Barselonada 17 avgust kuni terakt yuz berdi: shaharning piyodalar yuradigan asosiy ko‘chasi — Ramblada yuk mashinasi katta tezlikda piyodalar ustiga bostirib bordi. 13 kishi halok bo‘ldi, 100 dan ortiq kishi jarohatlandi.

IShID terakt uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga oldi.

Ushbu terakt oqibatida Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Niderlandiya, Argentina, Venesuela, Belgiya, Avstraliya, Vengriya, Peru, Shimoliy Irlandiya, Gretsiya, Kuba, Makedoniya, Xitoy, Italiya, Ruminiya va Jazoir fuqarolari jabrlangani haqida ma'lumotlar bor.

18 mart tongida politsiya Kambrilsda terakt tayyorlashga uringan guruh bilan to‘qnashdi, otishma vaqtida 5 terrorchi yo‘q qilingan. Shuningdek, yetti kishi, shu jumladan, bir politsiyachi jabrlangan.

Ispaniyada Barselonadagi terakt qurbonlari xotirasiga uch kunlik motam e'lon qilingan.

Ko‘proq yangiliklar: