Barselonadagi terakt ijrochisi deb gumon qilingan shaxs politsiyaga kelib, aybsizligini aytdi

Jahon 09:50 / 18.08.2017 9888

Barselonada 17 avgustda amalga oshirilgan terakt ijrochisi deb gumon qilingan shaxs Driss Ukabir Soprano politsiyasiga kelib, jinoyatga aloqasi yo‘qligini aytdi. Ukabirning aytishicha, uning hujjatlari o‘g‘irlab ketilgan. Bu haqda La Vanguardia nashri xabar bermoqda. 

Ukabir Ripol munitsipaliteti politsiyasiga kelgan. Avvalroq politsiya gumonlanuvchi sifatida uning suratlarini tarqatgandi. Ukabirning aytishicha, terakt amalga oshirilgan vaqtda u uyida bo‘lgan. Ayni vaqtda politsiya Ukabir nega hujjatlari yo‘qolgandan keyin darhol politsiyaga murojaat qilmaganini aniqlashtirmoqda.

Ta'kidlanishicha, terakt amalga oshirilgan mashina Ukabir nomiga ijaraga olingan bo‘lgan.

Bundan tashqari, Ukabirning hujjatlarini uning ukasi teraktni sodir etish maqsadida o‘g‘irlagan bo‘lishi mumkinligi taxmin qilinmoqda. Uning yoshi 18 da bo‘lib, ismi Mussa Ukabir. Hozirda politsiya uni qidirmoqda.

17 avgustda Barselonaning Rambla ko‘chasida mikroavtobus haydovchisi piyodalar ustiga bostirib borgan. Oq rangdagi Fiat haydovchisi piyodalar svetoforning yashil rangida ko‘chani kesib o‘tayotganlarida ularga borib urilgan. So‘ngra piyodalar hududi bo‘ylab yana 530 metr yurib o‘tib, kioskka borib urilgan va voqea joyidan qochib ketishga muvaffaq bo‘lgan. 

Bu hujum oqibatida 13 kishi halok bo‘lgan, 100 dan ko‘proq odam jarohatlangan. Hujum uchun javobgarlikni IShID terrorchilik guruhi o‘z zimmasiga olgan. 

Ko‘proq yangiliklar: