“Adolat” SDP qonun loyihalariga qanday takliflar kiritmoqda?

O‘zbekiston 16:10 / 18.08.2017 4075

Joriy yilning 18 avgust kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi tomonidan brifing o‘tkazildi. Unda jurnalistlarga Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida ko‘rib chiqilgan bir qator muhim qonun loyihalarining jamoatchilik muhokamalari yakuni va qonun loyihalarida partiya pozitsiyasining ifodalanishi bo‘yicha axborot berildi.

Brifingni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari, O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi rahbari N.Umarov olib bordi.

Ta'kidlanganidek, eng dolzarb qonun loyihalari O‘zbekiston “Adolat” SDPning quyi tuzilmalarida, jumladan, boshlang‘ich tashkilotlari faollari, mahalliy kengash deputatlari, ekspertlar hamda keng jamoatchilik ishtirokida muhokamadan o‘tkazildi. Olingan takliflar asosida ishlab chiqilgan partiya saylovoldi dasturi va elektorat manfaatlarini ifodalovchi aniq pozitsiyalar fraksiya yig‘ilishida ilgari surildi. Ushbu takliflar parlament quyi palatasining muhokamasida bo‘lgan qonun loyihalarini maromiga yetkazishda hisobga olindi.

Jumladan, “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub'yektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil to‘g‘risida”gi qonun loyihasini maromiga yetkazib, qabul qilishda fraksiya a'zolari alohida jonbozlik ko‘rsatdilar. Deputatlar tomonidan inson huquqlari ustuvorligidan kelib chiqib, tadbirkorlarni ham, avvalo, inson sifatida himoya qilish maqsadida, o‘ta muhim qoidaning qonunda aks etishiga erishildi. Ya'ni tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning huquqlari aks etgan qonunning 8-moddasiga tadbirkorlarni himoya qilish maqsadida tadbirkorlik sub'yektlari – iqtisodiy jinoyatlar bo‘yicha gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki mahkum bo‘lsa, ular bilan uchrashish uchun jazoni ijro etish muassasasiga moneliksiz kirish huquqini kafolatlovchi qoida kiritildi.

“Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasini yanada takomillashtirish, uni xalqchil va mukammal bo‘lishini ta'minlash maqsadida bir qator pozitsion takliflar bildirildi. Ushbu takliflar qonun tashabbuskorlari tomonidan to‘liq qabul qilindi. Jumladan, fraksiyaning qonun loyihasi ta'sir doirasini kengaytirishga doir taklifi inobatga olinib, mahalla institutiga ham ushbu qonun talablari majburiyligi belgilab qo‘yildi.

Qonun loyihasining birinchi o‘quvga taqdim etilgan tahririda murojaatlarning shakllari aniq belgilab berilmaganligi fraksiya a'zolari tomonidan asoslantirilgani bois qonun loyihasiga murojaatlarning shakllarini, ya'ni murojaatlar og‘zaki, yozma va elektron shaklda bo‘lishi mumkinligi haqida yangi norma kiritilishiga erishildi.

“Bolalarni ularning sog‘lig‘iga va ma'naviy-axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini takomiliga yetkazish yuzasidan fraksiya tomonidan berilgan takliflarning ham aksariyati inobatga olindi. Xususan, qonun loyihasining 3-moddasiga kiritilgan o‘zgartirishga ko‘ra, qonunning amal qilishi ilmiy, ilmiy-texnikaviy, statistik axborotni o‘z ichiga olgan yoki jamiyat uchun tarixiy, badiiy yoxud madaniy ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa axborot mahsuloti aylanishi sohasidagi munosabatlarga tatbiq etilmasligi belgilandi.

Shuningdek, mazkur qonun loyihasida bolalarning sog‘lig‘ini muhofaza qilishda sog‘liqni saqlash muassasalarining ishtiroki ko‘zda tutilmagan edi. Fraksiya a'zolarining taklifi bilan qonun loyihasining 7-moddaga kiritilgan o‘zgartirishga asosan sog‘liqni saqlash muassasalari bolalar sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan ularni himoya qiluvchi organ va muassasalar tizimiga kiritildi.

Fraksiya tomonidan “Huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta'minlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasining 2-moddasiga O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta'minlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan hollarda xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llanilishi to‘g‘risida kiritilgan taklif inobatga olindi.

Bundan tashqari, qonun loyihasining 6-moddasida keltirilgan “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining huquqiy axborotni tarqatish va undan foydalanishni ta'minlash sohasidagi vakolatlari” deb nomlangan norma O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy normalariga zid ekanligi inobatga olinib, qonun loyihasidan chiqarildi.

Brifingda so‘zga chiqqan deputatlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi muhokamasiga kiritilayotgan har bir qonun loyihasi O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi tomonidan ilgari surilayotgan takliflar asosida takomiliga yetkazilib, ularda jamiyatning keng qatlami manfaatlari ifoda etilayotgani yuzasidan jurnalistlarga batafsil axborot berdilar.

Ko‘proq yangiliklar: