180 mln so‘mlik adyollarni bojxona nazoratidan yashirishga uringan shaxslar fosh etildi

Jamiyat 19:30 / 18.08.2017 7157

Amaldagi tartiblarga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasi orqali olib o‘tilayotgan tovarlarni deklaratsiyalamaslik yoki noto‘g‘ri deklaratsiyalash belgilangan tartibda javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi.

Shunga qaramay, ayrim tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilari tomonidan respublikamizga olib kirilayotgan tovar-moddiy boyliklarning bojxona rasmiylashtiruvini amalga oshirish chog‘ida bojxonachilarni chalg‘itishga qaratilgan urinishlar uchrab turibdi.

Toshkent shahar bojxona boshqarmasi axborot xizmatining Kun.uz’ga xabar berishicha, yaqinda Toshkent shahar bojxona boshqarmasi xodimlari ana shunday urinishlardan bir nechtasini fosh qilib, katta miqdordagi tovar moddiy boyliklarning noqonuniy ravishda olib kirilishiga chek qo‘ydilar.

Jumladan, “Toshkent-tovar” tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida Xitoydan poytaxtimizda faoliyat yurituvchi “Grand Sport-Tex” mas'uliyati cheklangan jamiyat nomiga kelgan temir yo‘l konteyneri yuk egasi va xolislar ishtirokida bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Ma'lumki, bojxona taomillariga ko‘ra yuklar bojxona rasmiylashtiruvi tugaguniga qadar, vaqtincha saqlovga olinadi. Keyin esa erkin muomalaga chiqariladi. Ayni shu jarayonda yuk egalari tomonidan aynan bir turdagi tovar uchun turli xil ma'lumotlar taqdim qilingani bojxonachilarda shubha uyg‘otdi. 

Konteynerdagi 96 to‘pdan iborat salkam 5 ming kvadrat metr matolarni bojxona yuk deklaratsiyasida dastlab Tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasidagi boshqa kod, ya'ni avtomobillar saloni uchun mo‘ljallangan gilamga o‘xshagan gazmol sifatida qayd etuvchi kod bilan belgilashadi. Erkin muomalaga chiqarishdan oldin esa avtomobillar saloni uchun mo‘ljallangan bo‘yalgan sintetik to‘qima mato sifatida belgilab, tovar kodini o‘zgartirishadi.

Vaholangki, o‘tkazilgan bojxona ekspertizalari hamda sud-ekpertiza xulosalariga ko‘ra, ushbu gazlamalar butunlay boshqa kod bilan tasniflanuvchi namat tusidagi mato ekanligi aniqlandi.

Shu tariqa tegishli kodlarni o‘zgartirish orqali qonunbuzarlar 62 mln. so‘mdan ortiq bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlashgani fosh bo‘ldi. 

Mazkur holat yuzasidan “Grand Sport-Tex” mas'uliyati cheklangan jamiyat rahbari R.Ismatullayev va boshqa shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, to‘plangan hujjatlar Toshkent shahar prokuraturasiga yuborildi.

Shuningdek, mazkur post xodimlari Xitoydan keltirilgan yana bir konteynerni bojxona ko‘rigidan o‘tkazish davomida navbatdagi bojxona qoidabuzarligini fosh qilishdi. 

Konteynerdagi “Cen Chen Textile Group” MChJ nomiga keltirilgan yuklarni ko‘zdan kechirish davomida, yo‘l-yuk kuzatuv hujjatlarida qayd etilgan pahmoq matolar belgilangan miqdordan kam ekanligi, aksincha ularning o‘rniga tayyor mahsulot hisoblanuvchi 7200 dona bolalar adyollari keltirilganligi ma'lum bo‘ldi.

Shu tariqa qonunbuzarlar qiymati 180 mln. so‘mlik adyollarni bojxona nazoratidan yashirishga urinishgani fosh bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan “Cen Chen Textile Group” MChJ direktori U.Yunusovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddalariga binoan hujjatlar rasmiylashtirildi.

Ko‘proq yangiliklar: