Viloyat hokimi: «Buxoroning darvozasi tadbirkorlarga ochiq va paxta terimiga esa hech kim majburlanmaydi»

O‘zbekiston 17:22 / 17.08.2017 19156

Sayyor Press-klubning Buxoroda «Avliyolar yurti Buxoro: zamonaviy turizm, iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanish, istiqbolli loyihalarga makon» mavzusida bo‘lib o‘tgan navbatdagi sessiyasida Buxoro viloyati hokimi O‘ktam Barnoyev Buxoro shahridagi obodonchilik va paxta mavsumidagi majburiy mehnat masalalariga to‘xtaldi.

Shahardagi Mohi Xosa mahallasidagi yo‘llarning nosozligi va bu xorijlik sayyohlarning ham kelib ketishiga noqulayliklar yaratayotgani haqidagi savolga javob berar ekan, O‘.Barnoyev shunday dedi:

— Biz bu mahallani shaharning yangi hokimi Karim Kamolov bilan borib ko‘rdik, vaziyatni o‘rgandik. 1 oy ichida hudud to‘liq obodlantiriladi. 

Umuman, fursatdan foydalanib, javobga qo‘shimcha tarzda obodonlashtirish va qurilish ishlariga juda katta hajmdagi investitsiyalar yotqizilayotgani qayd etib o‘tishim kerak. Ilgari Buxoroga tadbirkorlar kelishga qo‘rqishgan. O‘zim ham ko‘p yillar respublika miyoqsidagi korxonalarda mehnat qilib, Buxoroga birovga bildirmasdan, sekin kelib, sekin chiqib ketar edim. Hozir vaziyat o‘zgargan. Bugun Buxoroning darvozasi, ishlayman, obod qilaman degan har qanday tadbirkor uchun ochiq. Agar ular darvozadan sig‘masa, devorni buzib kiritamiz Buxoroga, — dedi viloyat hokimi O‘.Barnoyev.

Buxoro viloyatida ishlab chiqarish sohasiga investitsiya yotqizgan yosh tadbirkorlardan biriga so‘z berildi:

— Ayni paytda Buxoro shahrida va Buxoro tumanidagi Galaosiyo shaharchasida logistika markazi (viloyat hokimi ushbu markaz 15 million dollar evaziga bunyod etilayotganini aytib o‘tdi), issiqxonalar barpo etish va u uchun uchun anjomlar, plyonka ishlab chiqarish zavodini, pestitsidlar ishlab chiqaradigan korxonani qurmoqdamiz. Viloyat hokimligining qo‘llovi yodamida bu ishlarga umumiy hisobda 35 million AQSh dollari miqdorida investitsiya yotqizilmoqda, — dedi tadbirkor.

Press-klub moderatorining viloyatda paxta yig‘im terim mavsumida o‘qituvchilar va boshqa byudjyet sohasi xodimlarining majburiy mehnatidan foydalanish masalasi bo‘yicha bergan savoliga O‘.Barnov shunday dedi:

— Avvalo, paxta terimi hech kim uchun majburiy emas. Bu yil dehqonlarimiz ajoyib mehnat qilishgan. Hosilni yig‘ishda qatnashish ixtiyoriy bo‘ladi. Tergan paxtasiga pulni o‘sha kuniyoq oladigan qilamiz. Buxoroning barcha joyida ana shu tartib joriy etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: