O‘zbekistonda qog‘oz sanoati yangi bosqichda rivojlantiriladi

O‘zbekiston 18:49 / 17.08.2017 14809

O‘zbekiston Matbuot va axborot agentligida “Qog‘oz sanoati: buguni va istiqboli” mavzucida Respublika ilmiy-amaliy seminari bo‘lib o‘tdi. 
  
O‘zbekiston qadim-qadimdan qog‘oz ishlab chiqarish maskanlarining beshiklaridan biri hisoblanadi. Samarqand qog‘ozlarini olaylik. Bu qadim va hamisha navqiron shaharda qog‘oz VIII asrdan boshlab ishlab chiqarilgan. Dovrig‘i esa “Samarqand sulton qog‘ozi”, “Samarqand shoyi qog‘ozi”, “Mir Ibragimiy”, “Nimkanop” nomlari ostida jahonga yoyilgan. Bir so‘z bilan aytganda, butun dunyoga “Samarqand qog‘ozi” nomi bilan mashhur bo‘lgan.

Samarqand qog‘ozining ta'rifi haqida buyuk san'atkor-xattot Sulton Ali Mashhadiy shunday yozadi: “Har qancha sinasang ham Xitoy qog‘ozidan yaxshisi yo‘q. Ammo Samarqand qog‘ozi bebahodir... Undagi yozuv ravon va go‘zal bo‘ladi”. Shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur esa: “Olamda yaxshi kog‘az Samarqanddin chiqar, Juvozi kog‘azlar suyi tamom Konigildin keladur. Konigil Siyohob yoqasidadurkim, bu qora suvni Obirahmat ham derlar”, deya yuksak e'tirof etadi.

Bugun mamlakatdagi nashriyotlar tomonidan yiliga 3,0 ming nomdan ziyod, umumiy adadi 60,0 mln. nusxadan ortiq turli kitob mahsulotlari nashr etilmoqda.

Tabiiyki, gazeta-jurnal, axborotnoma-byulleten, kitoblarni chiqarish uchun O‘zbekistonda qog‘ozga bo‘lgan talab katta.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning joriy yil 
3 avgustdagi mamlakat ijodkor ziyolilari vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida adabiyot va san'at, madaniyat bilan bir qatorda ommaviy axborot vositalarini yangi bosqichga olib chiqish masalasiga alohida urg‘u berildi. Uchrashuvda respublikada qog‘oz ishlab chiqarishni rivojlantirish, bu borada matbaa korxonalarining import o‘rnini bosadigan yuqori sifatli qog‘oz xom ashyosi bilan ta'minlash masalasi o‘rtaga tashlandi.

Hozirgi kunda respublikadagi qog‘oz xom ashyosiga bir yillik ehtiyoj jami 350 ming tonna bo‘lsa, shundan 120 ming tonnadan ziyodi ofset va gazeta qog‘ozigadir. Kitob, jurnal, gazeta, o‘quv daftari, ofis qog‘ozi va boshqa oq qog‘oz va bosma mahsulotlari aynan ofset va gazeta qog‘ozidan ishlab chiqariladi. Mamlakatimizdagi matbaa korxonalarida asosan chet el qog‘ozlari ishlatiladi.

Respublikada sifatli qog‘oz va sellyuloza ishlab chiqarishni tashkil qilish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda. Bunda chet el tajribasi o‘rganilib, zamonaviy uskunalar o‘rnatish masalalari ko‘rib chiqilmoqda.

Anjumanda sellyuloza va yog‘ochsozlik sohasidagi olimlar, qog‘oz ishlab chiqaruvchi korxonalari rahbarlari va mutaxassislari, iste'molchilar – matbaa korxonalari rahbarlari va texnologlari ishtirok etib, O‘zbekistonda qog‘oz ishlab chiqarishning holati va istiqbollari, matbaa korxonalari va iste'mol bozorini ofset qog‘ozi bilan ta'minlash masalalari, mahalliy sellyuloza ishlab chiqirish kabi mavzular muhokama qilindi.

O‘zbekistonda sifatli qog‘oz ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish borasida qilinayotgan ishlar bo‘yicha fikr almashilib, mavjud muammolar yechimini topish yuzasidan aniq takliflar ishlab chiqildi.

Ko‘proq yangiliklar: