O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirishga doir qaror qabul qilindi

O‘zbekiston 00:05 / 17.08.2017 6431

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi.
 
Ma'lumki, 2017 yil 3 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ijodkor ziyolilar vakillari bilan uchrashuvda taraqqiyotimizning hozirgi bosqichida madaniyat, adabiyot va san'at sohasini, jumladan, tasviriy san'at yo‘nalishini rivojlantirish borasidagi dolzarb vazifalarni belgilab, ularni hal etish yo‘llarini ko‘rsatib berdi. O‘tgan qisqa muddatda ana shu taklif va tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha davlatimiz rahbari tomonidan 10 ga yaqin farmon va qarorlar qabul qilindi.

Kuni kecha imzolangan «O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qaror shu yo‘nalishdagi yana bir muhim hujjat bo‘ldi.

Qarorda xalqimizni tasviriy san'at namunalaridan bahramand etish va dizayn yo‘nalishida faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning ijodiy imkoniyatlaridan unumli foydalanish, ular uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, san'at asarlarida milliy va umuminsoniy an'analarni yuksak darajada ifoda etishga erishish, yurtimizda o‘tkazilayotgan ko‘rgazmalarning badiiy saviyasini oshirish, rassomlik va dizayn sohasiga ixtisoslashgan ta'lim tizimini bugungi kun talablaridan kelib chiqqan holda takomillashtirish borasida muhim vazifalar belgilandi. Shuningdek, jahon miqyosida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan o‘zbek tasviriy va amaliy san'ati maktablarining an'analarini saqlash va davom ettirish, zamonaviy dizayn yo‘nalishlari bo‘yicha faoliyat yuritayotgan iste'dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasining faoliyatini rivojlantirish va takomillashtirish masalalariga alohida e'tibor qaratilgan.

Qarorga muvofiq O‘zbekiston Badiiy akademiyasi hamda uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘limining yangilangan tashkiliy tuzilmasi tasdiqlandi. 

Yana bir muhim jihati shundaki, mazkur qaror asosida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini rivojlantirish va yanada takomillashtirish bo‘yicha 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar dasturi va mazkur dasturni amalga oshirish bo‘yicha Respublika komissiyasi tarkibi tasdiqlandi.

Qarorda mamlakatimiz madaniy hayoti uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan bir qancha masalalarga alohida e'tibor berilgan. Jumladan, O‘zbekiston tasviriy va amaliy san'atini yanada rivojlantirish maqsadida jahondagi yetakchi badiiy akademiyalar, ushbu yo‘nalishdagi ta'lim muassasalari, tashkilotlar, madaniyat va san'at ustalari o‘rtasida o‘zaro foydali tajribalar almashishni yo‘lga qo‘yish maqsadida har tomonlama ijodiy aloqalarni rivojlantirish belgilangan. 

Ushbu qarorda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi tashkilotlarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xalqimizning boy madaniy merosini, tasviriy va amaliy san'at hamda dizayn an'analarini rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston Badiiy akademiyasining Badiiy ijodkorlar uyushmasi faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

Yana shunisi muhimki, qarorda tasviriy va amaliy san'at hamda dizayn yo‘nalishidagi ijodkorlarni rag‘batlantirish, shuningdek, bolalar san'atini rivojlantirish, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi ta'lim muassasalari faoliyatida ixtisoslashtirilgan san'at maktab-internatlari va o‘rta maxsus ta'lim muassasalari uchun boshlang‘ich badiiy ta'limni yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Shuningdek, qarorda tasviriy va amaliy san'at, dizayn va xalq hunarmandligi sohalari bo‘yicha yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash uchun O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi ta'lim muassasalarining faoliyatini xorijiy tajribalar asosida takomillashtirish, xalqaro ijodiy va ilmiy aloqalarni mustahkamlash, O‘zbekistonda va xorijda keng ko‘lamda ko‘rgazmalar o‘tkazish orqali milliy san'atimiz yutuqlarini dunyo jamoatchiligiga tanitish, konferensiya, biyennale va boshqa anjumanlar o‘tkazishga alohida urg‘u berilgan.

Toshkent shahri, Mirzo Ulug‘bek tumani, Sodiq Azimov ko‘chasi, 35-uyda joylashgan Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti hududida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi binosini qurish ishlarini tashkil etish ham qarorda ko‘zda tutilgan.

Ayni vaqtda O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Fanlar akademiyasining mamlakatimiz muzeylari fondlarini mustaqillik yillarida yaratilgan yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lgan tasviriy va amaliy san'at asarlari bilan muntazam boyitib borish va asarlar qiymatini ijodiy va moddiy salohiyatidan kelib chiqqan holda belgilash qayd etilgan.

Shu bilan birga, qarorga binoan O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi qoshida Badiiy ekspertlar kengashini tashkil etish, mustaqillik yillarida yaratilgan yuksak badiiy qiymatga ega bo‘lgan tasviriy va amaliy san'at asarlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi qoshidagi Badiiy ekspertlar kengashining qaroriga asosan sotib olinishi ta'kidlangan.

Shuningdek, 2018 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Badiiy akademiyasining haqiqiy a'zolari uchun eng kam ish haqining to‘rt barobari miqdorida oylik gonorar to‘lash tizimi joriy etiladi va ushbu gonorar mablag‘lari jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi.

Muxtasar aytganda, mazkur qaror O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faoliyatini tubdan takomillashtirish, uning ish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. 

Ijodkorlarni har tomonlama moddiy va ma'naviy rag‘batlantirish, iste'dodli yoshlarning ijodiy imkoniyatlarini kengaytirish, rassomlik va dizayn san'ati sohasida ta'lim tizimini tubdan isloh qilish, xalqimizning tasviriy va amaliy san'at sohasidagi badiiy merosini asrash va keyingi avlodlarga yetkazish, yurtdoshlarimizning tasviriy va amaliy san'at sohasidagi estetik ehtiyoj va talablarini qanoatlantirishda bu hujjat keng imkoniyatlar yaratib beradi.

Ko‘proq yangiliklar: