Twitter tarixidagi eng mashhur 10 tvit

Jahon 19:42 / 17.08.2017 10690

Barak Obama AQSh prezidenti lavozimini tark etganiga bir necha oy bo‘lganiga qaramay, butun dunyo jurnalistlari va shunchaki oddiy folloverlar uning hayotini kuzatishda davom etishmoqda. Sobiq prezident ham o‘z mikroblogini yuritishda faol. Uning 13 avgust kunidagi posti Twitter tarixida "layklar" soni bo‘yicha rekord darajani qayd etdi. "Life" nima uchun tvit millionlar mehrini qozongani va yana kimlarning posti tarixga kirgani xususida ma'lum qiladi.

Barak Obama va 4,2 million "layk"

Obama derazadan qarab turgan bolalarga kulib turgan ta'sirli surat so‘zsiz millionlab kishilar qalbini zabt etdi. Butun dunyo bo‘ylab urushlar, milliy marshlar va irqchilik avj olgan bir paytda bu post juda kuchli ahamiyat kasb etadi, zero unda dunyoda shu qadar adolatsizliklar borligini tasavvur ham qila olmaydigan turli irqdagi bolalar tasvirlangan. "Hech kim insonning teri rangi, uning o‘tmishi yoki dini sabab unga nafrat bilan tug‘ilmaydi", - deb yozadi Amerikaning sobiq prezidenti.

Ariana Grande va Manchesterdagi terakt

Tarixdagi ikkinchi eng mashhur tvit yana bir fojiaga bag‘ishlangan. Ariana Grandening portlash qayd etilgan Manchesterdagi konsertidan keyin qo‘shiqchi quyidagi mazmunda tvit qoldirdi: "Vayron bo‘ldim. Qalbimning tub-tubidan o‘z ta'ziyamni izhor qilaman. Til ojiz". Eslatib o‘tamiz, konsert vaqtida sodir etilgan teraktda 22 kishi halok bo‘lgan.

Ellen Dejyeneres va yulduzlar

Ushbu tvit muallifi — amerikalik mashhur aktrisa va teleboshlovchi Ellen Dejyeneres bekorga uning ostida "Dunyodagi eng zo‘r rasm" deb izoh qoldirmagan. Darhaqiqat, har qanday suratda ham bu qadar ko‘p yulduzlarni uchratavermaysiz: Meril Strip, Juliya Roberts, Bred Pitt, Bredli Kuper, Anjyelina Joli, Jared Leto, Kevin Speysi, Jyennifer Lourens, Chenning Tatum va Lyupita Niongo. Aslida Ellen faqat Meril Strip bilan suratga tushmoqchi bo‘lgan, biroq kutilmaganda "Oskar-2014" marosimining boshqa mehmonlari yugurib kelishgan va bu eng yaxshi selfi sifatida e'tirof etilgan. "Bredli Kuperning qo‘llari uzunroq bo‘lganida edi", - deya afsuslanadi teleboshlovchi.

Barak Obama va xayrlashuv tviti

Ehtimol, Barak Obamaning Twitter'i muvaffaqiyati siri uning rasmiy AQSh prezidenti akkauntidan yozganidadir (Donald Tramp o‘zining shaxsiy akkauntidan yozadi). Obama AQSh prezidenti sifatidagi vakolatlarini tark etayotib, quyidagicha tvit qoldirgan: "Hammasi uchun rahmat. Mening so‘nggi iltimosim birinchisi kabi bo‘ladi. Shunga ishonishingizni istardimki, dunyoni o‘zgartirish mening emas, sizning qo‘lingizda".

Xillari Klinton va qizchalar

Hillari Klinton o‘zining saylov oldi kampaniyasida ayollar huquqi himoyasiga urg‘u bergan. O‘shanda uni ko‘p feministlar qo‘llab-quvvatlashgandi. "Barcha qizchalarga bag‘ishlanadi... hech qachon o‘z kuchingiz va qadr-qimmatingizga shubha qilmang, siz bu dunyoda in'om etilayotgan har bir imkoniyatga loyiqsiz", - deb yozgan o‘shanda Klinton. Bunday kuchli so‘zlar Twitter foydalanuvchilarining 1,2 millioni tomonidan baholangan.

Mishel Obama boshqa birinchi xonim emas

Barak Obamaning prezidentlik lavozimidan ketishi ijtimoiy tarmoqlarda juda faol muhokama qilindi,  sobiq prezidentning turmush o‘rtog‘i ham chetda qolmadi, albatta. Er-xotinning Oq uyda tushgan surati 1,1 million "layk"ka ega bo‘ldi. "Birinchi xonim bo‘lish hayotning menga bergan eng asosiy sharafi bo‘ldi. Chin dildan  - rahmat. MO (Mishel Obama)", - deb yozgan u davlat va oila tarixidagi butun bir davr intihosida.

Joan Rouling va "Garri Potter"ning 20 yilligi

Nafaqat siyosatchilar, balki yozuvchi Joan Rouling ham millionlab o‘quvchilarning mehr-muhabbatini qozongan. U o‘zining afsonaviy sagasining 20 yilligi munosabati bilan quyidagicha tvit qoldirgan: "20 yil avval men bir o‘zim yashagan olam kutilmaganda hamma uchun ochildi. Bu mo‘'jiza edi. Hammaga rahmat". Milliondan ziyod minnatdor foydalanuvchi sevimli yozuvchining tvitiga "layk" bilan javob berdi.

Lui Tomlinson va Harri Staylz

One Direction guruhining muxlislari sonining naqadar ko‘pligini tasavvur qilish qiyin. Guruh ishtirokchilaridan biri ikkinchisiga "do‘stona mehr-muhabbati"ni izhor qilgan tvit million "layk" yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan. O‘zini guruhning to‘rtdan bir qismi deb atovchi Lui Tomlinson Twitter sahifasida ushbu yozuvlarni qoldiradi: "Harri Staylz - doim mening qalbimda. Samimiyat bilan Lui".

Karter Uilkerson va bepul naggetslar

Hech qanday siyosat, musiqa va yangilik ham emas, shunchaki oddiy Twitter foydalanuvchisi Karter Uilkerson Wendy's naggetslarining yillik zaxirasini bepul qo‘lga kiritishga qaror qiladi. Buning uchun u kompaniyaning rasmiy akkauntiga birgina savol bilan murojaat qiladi: "Bir yilga yetadigan bepul naggetslarga ega bo‘lish uchun qancha retvit kerak?". Wendy's qisqagina qilib javob berdi: "18 million" va bu repostlar yig‘ishga start beradi. U orzusiga erishmagan bo‘lsa-da, Twitter tarixidagi eng ko‘p retvitlangan tvit egasi sifatida qoldi.

Berni Sanders va Trampga qarshi namoyishlar

Eng mashhur top-10 tvitlarini yana bir siyosiy mavzu yakunlaydi. Amerikalik senator Berni Sanders o‘zining Twitter sahifasida 2017 yilning yanvar oyida Donald Trampning AQSh prezidenti sifatida tasdiqlanishiga qarshi norozilik namoyishlari suratini joylagan. U quyidagi yozuvlarni qoldirgan: "Prezident Tramp, siz katta xatoga yo‘l qo‘ydingiz. Bizni irq, din, jins va millatimizga qarab ajratishga urinib, yanada ahil va inoq bo‘lishimizga sababchi bo‘lmoqdasiz".

Ko‘proq yangiliklar: