Samarqandda yoshlar tashabbusi bilan namunali to‘y bo‘lib o‘tdi (foto)

Jamiyat 20:05 / 17.08.2017 50054

Samarqand viloyatining Payariq tumanida uyushmagan yoshlar uchun Yoshlar ittifoqi va hamkor tashkilotlar bilan birgalikda ilk loyiha amaliyotga joriy etildi. Bu haqda Kun.uz’ga YoI Samarqand viloyat Kengashining matbuot xizmati vakili Mohinur Mahmudova xabar berdi.

Tumanning Mirzo Ulug‘bek mahallasida yashovchi 30 yoshli Axtam Qarshiyevning to‘y qilishga moddiy imkoniyati yetmayotgani sababli ittifoq, mahalla faollari xayrli ishga bosh qo‘shdi. Ezgulik, xayr saxovat g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan bu tashabbus yana 3 nafar oila sohibining xursandchiligiga sabab bo‘ldi. Qolaversa, bu xalqimiz orasida kamtarona to‘y qilish g‘oyasini targ‘ib qilishga xizmat qildi.

Ha, o‘zbekona to‘yning fayzi boshqacha. Ayniqsa u ko‘pchilik maslahati bilan, ortiqcha hashamdan yiroq bo‘lsa. Payariqda uyushmagan yoshlar uchun atalgan ilk loyiha ayrim to‘ylarda ildiz otayotgan manmanlik illatlaridan yiroq bo‘ldi. 

“Havas qiladigan jihati — ko‘pchilik to‘ydagilardan farqli ravishda bir mahallada yashovchi kelin-kuyov hamda 3 nafar jajji bolakaylarning xatna to‘ylari bir davrada o‘tdi. Namunali to‘y deb ta'riflanayotgan ushbu tantanada 4 ta xonadoning yaqinlaridan iborat 250 nafar mehmon ortiqcha ko‘zbo‘yamachilikdan xalos, kamtarona to‘yning guvohi bo‘ldi” — dedi Mirzo Ulug‘bek mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Muhabbat Qozoqova.

Tantanada so‘z olgan O‘zbekiston yoshlar ittifoqining Samarqand viloyati kengashi raisi Rustam Qobilov bugungi to‘y dasturini viloyat bo‘ylab targ‘ib etish taklifini aytib o‘tdi: 

“Bugunning talabi — bir kunlik to‘y dabdaba, isrofgarchiliksiz o‘tmog‘i kerak. Buni kattalarimiz ham, yoshlarimiz ham ongli ravishda tushunib yetishi, kamchiqim, kamtarona va ixcham marosimlarni qadriyat darajasiga ko‘tarishimiz lozim», — dedi R.Qobilov. 

Payariqdagi ushbu 4 ta xonadonning xursandchiligiga sabab bo‘lgan to‘y savobtalab insonlarni ham birlashtirdi. Namunali to‘y xarajatlari tuman soliq qo‘mitasi, mahalladagi tadbirkorlar, tumandagi bozor ma'muriyati tomonidan qoplandi.

Ko‘proq yangiliklar: