Rossiyaning 6 kompaniyasi O‘zbekiston sabzavotlarini oldindan haq to‘lamasdan oladi

O‘zbekiston 11:27 / 17.08.2017 11343

Vazirlar Mahkamasining 10.08.2017 yildagi 609-son qarori bilan «O‘zagroeksport» AJ tomonidan oldindan haq to‘lanmasdan, tasdiqlangan bank akkreditivi ochmasdan, yoxud birinchi darajali xorijiy bankning kafolatini rasmiylashtirmasdan meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilinishi mumkin bo‘lgan yetakchi chet el import qiluvchi tashkilotlar ro‘yxati tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz xabar bermoqda.

Ro‘yxatda hammasi bo‘lib Rossiya Federatsiyasida joylashgan 6 ta tashkilot bor. Unga «O‘zbekoziqovqatxolding» XK taklifiga binoan o‘zgartirishlar kiritilishi mumkin. Bunda chet el import qiluvchi tashkilotlarni ro‘yxatga kiritish mezonlari quyidagicha:

•  meva-sabzavot mahsulotlari savdosi sohasida kamida 3 yil mobaynida moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirish;
•  chet el import qiluvchi tashkilotning oxirgi hisobot moliya yili uchun tovar aylanmasi kamida 1 mln. AQSh dollari;
•  kamida 20 ta savdo shoxobchasidan iborat savdo tarmog‘ining mavjudligi va (yoki)  ulgurji-taqsimot markazining mavjudligi.

Ko‘rsatilgan axborot kompaniyalarning rasmiy veb-saytlari va O‘zbekistonning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari ma'lumotlari asosida shakllantiriladi.

Eksport “O‘zagroeksport” AJning to‘g‘ridan-to‘g‘ri eksport kontraktlari, shuningdek fermer va dehqon xo‘jaliklari, agrofirmalar, qayta ishlash tashkilotlari bilan tuzilgan vositachilik shartnomalari asosida amalga oshirilishi mumkin.

Shuningdek, kontraktlar meva-sabzavot mahsulotlarini xarid qilishga ixtisoslashgan chet el savdo tarmoqlarining affillangan kompaniyalari bilan boshqaruvchi kompaniyaning yozma murojaati asosida tuzilishi mumkin. 

Ko‘proq yangiliklar: